Breaking News

Prezident Bayden: Putin hokimiyatda qolmasligi kerak


AQSh rahbari Jo Bayden Yevropaga safarini yakunlar ekan, Ukrainaga bostirib kirgan Vladimir Putin “hokimiyatda qola olmaydi”, deya ta’kidladi.

Polsha poytaxti Varshavada qilgan nutqida Bayden dunyoning demokratik jamiyatlarini Rossiyaga qarshi birlashishga, agressiyaga qarshi tarixiy kurashga chorladi.

“Vaziyatga real ko’z bilan qarab, davomiy kurashga hozirlanishimiz lozim”, - deydi AQSh prezidenti.

Baydenga ko’ra, Rossiya rahbari “mutlaq hokimiyat va nazorat o’rnatishga bo’lgan ishtiyoqini qondirish uchun” harbiy kuch va dezinformatsiyani qo’llamoqda. Rossiyaga xalqaro sanksiyalar yog’ilgani, iqtisodiyoti barbod bo’layotganiga Putin o’zi aybdor, deydi u.

Prezident Baydenning Polshadagi nutqi (ingliz tilida):

“Imperiyani tiklashga bel bog’lagan diktator hech qachon xalqlarning ozodlikka bo’lgan muhabbatini o’chira olmaydi. Ukrainada u hech qachon g’alabaga erishmaydi, chunki erkin odamlar umidsizlik va zulmatda yashashdan bosh tortadi”, - dedi Bayden, jumladan, Polsha prezidenti va qonunchilari qatnashgan tadbirda.

Oq uyga ko’ra, Bayden Rossiyada hokimiyatni ag’darishga chaqirayotgani yo’q.

“Prezident aytmoqchiki, Putin qo’shnilariga yoki mintaqaga so’zini o’tkazishiga yo’l qo’ymaslik kerak. Putinning Rossiyadagi hokimiyati yoki rejim o’zgarishi haqida gap ketayotgani yo’q”, - deya aniqlik kiritdi Oq uy rasmiysi.

Kreml so’zlovchisi Dmitriy Peskov deydiki:

“Bu janob Bayden hal qiladigan masala emas, buni faqatgina Rossiya xalqi hal qiladi”.

Jo Bayden Varshavada Prezident Andjey Duda va boshqa rasmiylar bilan muloqot qildi, shuningdek, AQSh harbiylari, gumanitar xodimlar va ukrainalik qochqinlar bilan ko’rishdi.

“Polshaliklar katta xavfni his qilmoqda, chunki rus imperializmi va armiyasining hujumi nimani anglatishini bilamiz. Buvi-bobolarimiz, ba’zida ota-onalarimiz undan omon qolishgan”, - deydi Duda.

Bugun Rossiya kuchlari Ukraina sharqida, Lvov shahri yaqinida yoqilg’i omborini nishonga oldi. Rossiya harbiylarining bildirishicha, Ukrainadagi amaliyotning birinchi bosqichi yakunlangan va e’tibor endi asosiy maqsadga, Donbass mintaqasini ozod qilishga qaratiladi.

G’arb davlatlari razvedkasining xulosasi shuki, Kreml strategiyani o’zgartirib, Ukraina hukumatini kutilganidek tezlikda qulata olmagan urush rejasini qutqarib qolishga urinayotgan ko’rinadi.

25-mart kuni jurnalistlar bilan suhbatda Rossiya generali Sergey Rudskoy bir oydan oshiq davom etayotgan urushda 1351 rus askari halok bo’lgani, 3825 nafari yaralanganini aytdi.

NATO alyansi hisobicha, Rossiya talafotlari 7 mingdan 15 minggacha. “Komsomolskaya Pravda” gazetasi yaqinda o’z maqolasida Rossiya Mudofaa vazirligidan olgan ma’lumotlariga tayanib, jang maydonida 9861 askar o’lgani, 16 153 nafari yaralanganini yozdi. Ammo to’rt soatdan keyin bu ma’lumot o’chirib tashlangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG