Breaking News

AQSh va Ukraina Rossiyaning qo'shinni chiqarish va'dasiga shubha bilan qaramoqda


Chernigovda hujumga uchragan bozor hududi
Chernigovda hujumga uchragan bozor hududi

Ukraina rasmiylari Rossiyaning Istanbuldagi muzokaralar chog’ida berilgan va’dalariga shubha bilan qaramoqda. Rus delegatsiyasi Kiyev va Chernigov yo’nalishlarida harbiy amaliyotlarni keskin kamaytirishga so’z bergan. Biroq AQSh rasmiylariga ko’ra, qo’shinlar qayta guruhlanyapti, xolos.

Xalqaro hayot - 30-mart, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:21 0:00

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham tungi telemurojaatida Rossiya va’dalarini ehtiyotkorlik bilan qabul qilayotganini aytdi.

"Muzokarachilardan ijobiy signallar olyapmiz albatta. Ammo bu signallar Rossiya hujumlarini to’xtatgani yo’q. Bizni vayron qilishga harakat qilayotgan davlatning ayrim vakillaridan chiqayotgan so’zlarga ishonmaslikka asos bor bizda. Ukrainaliklar sodda xalq emas”, - dedi Zelenskiy.

Ayrim harbiy ekspertlar Rossiyaning jangovar harakatlarni qisqartirish va'dasi, asosan, janglar uning foydasiga kechmayotgan hududlarga tegishli ekanligini ta'kidlaydi.

“Bu bilan Kiyevga tahdid so’ndi deyish to’g’ri emas”, deydi Pentagon so’zlovchisi Jon Kirbi.

Unga ko’ra, Rossiya shunchaki strategiyasiga tuzatish kiritmoqda.

“Kremlning Kyev atrofida harbiy hujumlarni to’satdan kamaytirish yoki askarlarini chiqarish haqidagi gaplariga laqqa tushmasligimiz kerak. Rus qo’shinlarining kichik qismigina Kiyevdan uzoqlashgan, ammo bizning nazarimizda, bu qayta guruhlash, qo’shinlarni olish emas”, - deydi AQSh rasmiysi.

Rossiya qamalga olingan Maripuol kabi janglar shiddatli kechayotgan hududlarda qo’shinlar kamaytirilishi haqida lom-mim degani yo’q.

Bu o’rtada Lugansk ketidan o'zini xalq respublikasi deb atovchi Donetsk ham Rossiyaga qo’shilishi mumkinligiga ishora qildi. Isyonchi hudud rahbari Denis Pushilin 2014-yildan beri shunday reja bo’lganini aytadi.

Rossiya G’arb sanksiyalariga javoban o’ziga nisbatan do’stona bo’lmagan 50 ga yaqin mamlakatga gaz va neftni rublda sotishini ma’lum qilishi ketidan bunday to’lov turidan voz kechishini bildirgan Germaniya gaz kamomadi bilan bog’liq favqulodda holatga hozirlik ko’ra boshlagan. Germaniyada gaz ta’minoti bilan bog’liq favqulodda reja uch bosqichdan iborat.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin to’lovlarni rublga o’tkazish maqsadida 31-martgacha barcha hujjatlarga tegishli o’zgartirishlar kiritishga ko’rsatma bergan.

Germaniya Iqtisodiyot vaziri Robert Xabekning aytishicha, bu bilan Rossiya gaz savdosi shartnomalarini buzgan bo’ladi.

Kreml G’arbni ikkiyuzlamachilikda ayblarkan, Rossiyaga qarshi sanksiyalarning xalqaro qonunga xilof ekanini, mamlakatlarga moliyaviy va iqtisodiy sanksiyalarni qo’llash yolg’iz BMT Xavfsizlik Kengashi zimmasi va vakolatida ekanini aytadi.

Moskva kompaniyalar yoqilg’ini rublga xarid qilishdan bosh tortsa, mahsulot uzatilmasligini ta’kidlamoqda.

Gaz ta’minoti uzilgan taqdirda favqulodda rejaga ko’ra Germaniyada avval kasalxonalar, qariyalar uylari, davlat sektoridagi ayrim idoralar ehtiyojlari birinchi navbatda qoplanadi, so’ng aholi ehtiyojlari.

BMTning Jahon oziq-ovqat dasturiga ko’ra, Ukrainadagi urush oqibatida tanqislik vujudga kelib, dunyo bo’ylab 125 million odamni yegulik bilan ta’minlash harakatlari izdan chiqyapti.

Tashkilot ijrochi direktori Deyvid Bizlining BMT Xavfsizlik Kengashiga aytishicha, Jahon oziq-ovqat tashkiloti bug’doyning 50 foizini Ukrainadan sotib olardi, o’g’it esa Rossiya va Belarusdan.

"O’g’itsiz hosil kamida ikki baravar kam olinadi”, - deydi u.

Bizlining aytishicha, urushgacha ham yoqilg’i, oziq-ovqat va yuk tashish qimmat bo’lgan, hozir esa ahvol yanada og’irlashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG