Bugun Rossiya-Ukraina urushining 34-kunida Turkiyaning Istanbul shahrida Rossiya va Ukraina muzokarachilari yuzma-yuz uchrashdi.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an jarayon qatnashchilarini olqishlab, muloqot sulhga olib kelishiga umid bildirdi.
"Muzokaralar chog’ida erishilgan yutuqlar keyingi bosqichga chiqishga, balki davlat rahbarlari o‘rtasida uchrashuv uyushtirishga imkon beradi. Biz bunday uchrashuvga mezbonlik qilishga tayyormiz”, - dedi Erdog’an.
Ukraina tarafi ham aynan shu maqsadda muzokarada qatnashgan. Kiyev Rossiyani qo’shinlarini chiqarishga chaqirmoqda. Prezident Vladimir Zelenskiy xavfsizlik kafolatlari evaziga Ukrainaning betaraf mamlakat bo’lishiga qarshi emasligini bildirgan.
"Ukraina uchun xalqaro xavfsizlik kafolatlarini o’z ichiga olgan bitim kabi muhim mavzularda muhokamalar ketyapti. Yana bir masala - barcha gumanitar muammolarni hal qilishga imkon beradigan sulhga erishish”, - dedi Zelenskiy idorasi maslahatchisi Mixaylo Podolyak.
Xavfsizlik kafolatchisi sifatida Ukraina tarafi Buyuk Britaniya, AQSh, Xitoy, Turkiya, Kanada, Fransiya, Italiya, Polsha va Isroilni tilga oldi.
Rossiya muzokaralar natijasida Qrimning Rossiya hududi sifatida tan olinishiga umid qilyapti, biroq Ukraina delegatsiyasining rahbari, Zelenskiy partiyasidan deputat David Araxamiyaga ko’ra, Ukraina 1991-yilda belgilangan chegaralaridan boshqasini tan olmaydi.
Rossiya delegatsiyasining rahbari, Prezident Vladimir Putinning maslahatchisi Vladimir Medinskiyning muzokaralardan so’ng aytishicha, Rossiya Kiyev va Chernigov yo’nalishlari bo’yicha harbiy harakatlarini qisqartirishga qaror qildi.
“Ukrainaning o’zaro bitim loyihasiga kiritishni taklif etayotgan pozitsiyasi Putinga yetkaziladi”, - dedi u.
Maslahatchiga ko’ra, Kiyev Qrim va Donbassni harbiy yo’l bilan qaytarish rejasidan qaytganini bildirdi.
Medinskiy, shuningdek, Ukraina delegatsiyasiga asirga tushgan rus harbiylariga yovuz munosabat haqida shikoyat qilgan va Ukraina tarafi bu ishga qo’l urganlarni jazolashga so’z bergan.
Istanbuldagi muzokaralarda rossiyalik milliarder Roman Abramovich ham ko’ringan. Abramovich G’arb sanksiyalari ostida, biroq matbuotdagi xabarlarga ko’ra, Zelenskiy undan muzokaralarni uyushtirishda yordam so’rab, AQShni milliarderga sanksiya qo’ymaslikka chaqirgan.
Zelenskiyning aytishicha, rossiyalik ayrim oligarxlar, jumladan Abramovich, unga murojaat qilib, Ukrainani urushdan so’ng tiklashda yordam taklif etgan.
"Pul berishga tayyormiz, biznesimizni Ukrainaga ko’chirishga tayyormiz, dedi ular”, - deydi Zelenskiy.
Bu o’rtada Ukraina rahbari Daniya qonunchilariga ham virtual murojaat qildi.
"Sizga va butun demokratik dunyoga murojaat qilyapmiz. Rossiyaga qarshi sanksiyalarni muntazam ravishda kuchaytirish kerak. Rossiya neftidan voz kechish, u bilan savdoni to’xtatish, rus kemalariga portlarni yopish kerak”, - dedi u.
Zelenskiy ma’ruzasida rossiyalik askarlar balog’at yoshiga yetmagan qizlarni zo’rlayotganini da’vo qildi, biroq uning bu da’volari tasdig’ini topmagan.
Chorshanba kuni Zelenskiy Norvegiya parlamentiga murojaat qiladi.
Bu o’rtada Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Ukraina harbiy salohiyati jiddiy zarar ko’rganini ma’lum qildi.
“Amaliyotning birinchi bosqichida belgilangan asosiy maqsadlarga ko’p jihatdan erishildi. Ukraina qurolli kuchlarining jangovar potensialiga jiddiy zarba berildi va endi asosiy diqqatni Donbassni ozod qilishga qaratsa bo’ladi”, - dedi u.
Rossiya kuchlari nazoratga olingan hududlarda aholiga oziq-ovqat, kiyim-kechak tarqatmoqda, nafaqaxo’rlar va davlat xizmatchilariga 10 ming rubl miqdorida bir martalik yordam berilmoqda.
Rossiya 31-martdan so’ng gaz va neft rublda sotilishini bildirgan. G’arb davlatlari o’zlari joriy etgan sanksiyalarga xilof ish tutmasligini ma’lum qildi. Germaniya Tashqi ishlar vazirasi Annalena Berbokning bugun aytishicha, uning mamlakati Rossiya neftiga to’liq embargo qo’yishni ko’zlayapti.
Unga ko’ra, Berlin yil oxirigacha Rossiya nefti va ko’miridan, 2024-yil o’rtalarigacha esa tabiiy gazidan butunlay voz kechadi.
Gaz ta’minotidagi uzilish ehtimoli yoqilg’ining bu turiga narxni ko’tarib yubordi. Yevropa tabiiy gazning 40 foizini Rossiyadan oladi. Ta’minot uzilsa, qit’adagi ko’p mamlakatlarda sanoatlar faoliyati izdan chiqishi mumkin.
AQSh mamlakatlarni Rossiyaga bosim qo’yishga da’vat etarkan, Osiyo va Afrikadagi ayrim davlatlar Ukraina-Rossiya urushiga betaraf yondashmoqda. Tanzaniyalik siyosatshunos Charlz Kayokaning aytishicha, G’arb Afrika mamlakatlaridan aniq bir pozitsiyasini tanlashni talab qilyapti.
"Bizdan munosabat bildirishimizni so’rashyapti. Betaraf ovozni qabul qilishmas ekan. O’zini demokratik deb da’vo qilayotgan, demokratiyani dunyoga targ’ib qilayotgan davlatlar bizni erkin tanlovdan ayirmoqchi”, - deydi ekspert.
Bu o’rtada AQShda Prezident Jo Baydenning Varshavadagi ma’ruzasida Putin haqida aytgan gapi keng muhokama qilinmoqda.
“Xudo haqqi, bu odamni hokimiyatda qoldirib bo’lmaydi”, - degan edi Bayden.
Vashingtonga qaytgach, AQSh rahbari bu gapiga tushuntirish berdi.
“Men o’z so’zlarimdan qaytmayman. Shunchaki Putinning boshqaruv uslubi va qilayotgan ishlariga ma’naviy g’azabimni shu tariqa izhor etdim”, - dedi Bayden.
Vashingtondagi tahlilchilar nazarida, bunday yondashuv Amerika diplomatiyasi uchun xavflidir.
“Bu AQShning jahon siyosatidagi maqsadlari haqidagi eng yomon shubhalarni tasdiqlamoqda. Dunyodagi boshqa mamlakatlarning bu izohga munosabatiga e’tibor beradigan bo’lsak, hech kim uni olqishlayotgani yo’q. Yevropalik hamkorlarimizning bildirishicha, Qo’shma Shtatlar vaziyatni keskinlashtiruvchi bunday gaplardan o’zini tiyishi kerak. Afsuski, bu gap yana bir necha kun va hafta aylanib yuradi deb o’ylayman”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Endryu Loysen.
Bayden Varshavadagi gapi bilan Putinni hokimiyatdan olishga da’vat etmaganini, AQSh siyosati bu masalada o’zgarishsiz qolishini bildirdi.
“Putin yosh bola emas. Uni “qotil” deb chaqirishdi, so’ng u bilan qo’l berib ko’rishishdi. Uzoq muddatda bu biror narsaga halaqit beradi deb o’ylamayman. Biroq Putin buni unutmaydi va albatta imkon topib, Baydendan o’chini oladi – og’zaki yoki biror amaliy harakat bilan”, - deydi vashingtonlik yana bir tahlilchi Leon Aron.
So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, Yevropadagi ayrim davlatlar rus diplomatlarini haydab chiqarmoqda. Belgiya 21 diplomatni, Chexiya birini, Niderlandiya Rossiya elchixonasining 17 xodimini josuslikda aybladi. Moskva tegishli javob berishini bildirdi.
Istanbuldagi muzokaralarga start berganidan so’ng Turkiya prezidenti safarga otlanib, bugun Toshkentga yetib borgan. Ikki mamlakat rahbarlari strategik hamkorlik kengashi majlisida qatnashadi. Anqara ikki tomonlama savdo aylanmasini joriy yilda 5 milliard dollarga chiqarmoqchi.
Facebook Forum