Moskva va Kiyev muzokaralarning navbatdagi raundiga hozirlik ko’rar ekan, Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy muloqotda mamlakat suvereniteti va hududiy daxlsizligi bosh masala bo’lishini ta’kidladi.
“Biz zudlik bilan tinchlik bitimiga erishmoqchimiz. Turkiyada yuzma-yuz uchrashish imkoniyatiga egamiz. Bu yaxshi xabar. Natijadan umidvormiz”, - dedi Zelenskiy 27-mart oqshomida yo’llagan video murojaatida.
Shu kun avvalida Rossiya jurnalistlari bilan suhbatlashgan Ukraina prezidenti mamlakat tinchlik bitimi doirasida neytral statusni qabul qilishga tayyor ekanini aytgan. Buning uchun uchinchi tomon kafolati hamda referendum o’tkazilishi kerakligiga urg’u bergan.
“Reuters” agentligining Zelenskiyga yaqin mulozimga tayanib xabar berishicha, tinchlik bitimida Turkiyaning Ukraina xavfsizligiga garant bo’lishi ehtimoli katta.
Turkiya navbatdagi muzokaralar uchun mezbonlik qilishga tayyorgarlik ko’rmoqda. 27-mart kuni Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog’an o’t ochishni zudlik bilan to’xtatish hamda Ukrainada gumanitar yordam uchun zarur sharoit yaratish masalasini ko’targan.
Rossiya delegatsiyasi vakillari ayni damda Turkiyaga yetib kelgani xabar qilingan. Muzokaralar 29-30-mart kunlariga belgilangan.
BMT ma’lumotlariga ko’ra, Rossiya bosqini natijasida 10 milliondan ziyod ukrainaliklar o’z uyini tashlab ketishga majbur bo’lgan. 3,8 million kishi qo’shni mamlakatlardan panoh topgan.
Facebook Forum