Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 41-kun tafsilotlari. Rossiyani qo'shimcha sanksiyalar kutyapti


Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, urushga barham berish uchun Rossiya bilan muzokaradan boshqa yo’l yo’q.

Xalqaro hayot - 5-aprel, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:00 0:00

Zelenskiy bu haqda mahally matbuotga so’zladi:

"Bizga qolsa ertagayoq NATOga a’zo bo’lar edik. Agar NATO o’yin qilmasa, bu masalaga jiddiy yondashsa. Biroq afsuski, bunday bo’lmaydi. Shu sabab xavfsizlik kafolatlarimizni o’zimiz yaratishimiz kerak”, - dedi Zelenskiy.

Rossiya 24-fevral kuni boshlagan urush 41 kundan beri davom etarkan, asosiy janglar ikkita yo’nalishga qaratilgan. Birinchisi, Mariupol porti va po’lat zavodida, ikkinchisi esa Donbassda. Kecha “Azovstal” zavodini himoya qilgan ukrain askarlarining 267 nafari taslim bo’lgan. Rossiya Donbassga qo’shimcha kuchlar safarbar etyapti.

Tomonlar Bucha shahridagi qatliom yuzasidan bir-birini ayblamoqda. Ukraina Bucha ko’chalaridagi jasadlar rus qo’shinlarining ishi demoqda.

Rossiya esa buning ortida Ukraina maxsus kuchlari turganini bildirib, boshqa shaharlarda ham shunga o’xshash tadbirlar sahnalashtirilishi haqida ogohlantirdi.

AQSh, Yevropa va ularning ittifoqchilari bu masalada Ukraina tarafini olarkan, Rossiyani urush jinoyatlarida ayblayapti.

AQSh Prezidenti Jo Bayden Rossiyani BMTning Inson huquqlari kengashidan chetlashtirmoqchi.

“Bu mantiqiy qadam bo’lar edi”, - deydi Oq uy matbuot kotibasi Jen Psaki.

Masala BMT Bosh Assambleyasida ovozga qo’yilishi kutilmoqda. Rossiya kengashdan haydalishi uchun 193 ta a’zo mamlakatning uchdan ikki qismi bu taklifni ma’qullashi kerak.

Oq uy milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sullivanning aytishicha, Prezident Bayden ittifoqchi davlatlar bilan maslahatlashib, Xalqaro jinoiy sud yoki boshqa tashkilotlar doirasida Rossiyani harbiy jinoyatlar uchun javobgarlikka tortish yo’llarini muhokama qiladi.

Bungacha Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni “qotil” va “qassob” deb atagan Bayden dushanba kuni uni “harbiy jinoyatchi” deb ham aytdi.

Sullivanga ko’ra, Bayden ma’muriyati yaqin kunlarda Ukrainaga qo’shimcha harbiy yordam uzatishi kutilarkan, Yevropadagi hamkorlar bilan Rossiya yoqilg’i sanoatiga sanksiya qo’yish ehtimoli muhokama qilinishini ma’lum qildi. Yevropa Ittifoqi Rossiyaga yiliga 11 milliard dollar daromad keltirayotgan ko’mir, yog’och, kimyoviy moddalar kabi mahsulotlar importini to’xtatishi mumkin. Rossiya gaziga ham boykot muhokama qilinishi kutilmoqda.

Bu o’rtada Italiya hukumati Rossiya elchixonasining 30 nafar diplomatini, Ispaniya taxminan 25, Fransiya 35, Germaniya 40 vakilini haydab chiqarmoqda. Boltiq davlatlari Rossiya bilan diplomatik munosabatlar darajasini pasaytirmoqda. Shvetsiya ham uch nafar rus diplomati mamlakatdan chiqarilishini ma’lum qildi. Ular xavfsizlikka tahdid sifatida ko’rilmoqda.

Kreml javob choralari haqida ogohlantirmoqda.

G’arb Rossiyaga qo’ygan sanksiyalar natijasida rus avtosanoati zarar ko’rishi aytilmoqda. G’arb matbuotiga ko’ra, Rossiyada oziq-ovqat qimmatlashmoqda, avtomobil zavodlarida minglab ishchilar faoliyatini vaqtincha to’xtatgan, chunki sanoat uchun zarur ayrim komponentlar va qismlar G’arbdan kelmay qo’ydi. Xususan Kaluga shahrida Shvetsiyaning “Volvo” va Germaniyaning “Folksvagen” zavodlarida ishlab chiqarish to’xtatilgan.

Yaponiyaning “Mitsubisi” kompaniyasi bilan tuzilgan qo’shma korxona ham qismlar yetishmovchiligi sabab 2000 ishchisini vaqtincha ta’tilga chiqarishi mumkin.

Rossiyalik tahlilchilarga ko’ra, sanksiyalar G’arbning o’ziga ham zarar bo’lyapti.

"O’z zavodlariga sanksiya qo’yishdan nima foyda? Rossiya bozorini boy berish to’g’rimi?”, - deya so’raydi “Folksvagen” zavodi mexanigi Valeriy Uglov.

Ushbu zavod 4200 ishchiga ega. Faoliyat mart boshida to’xtatilgan. Yuk mashinalarini ishlab chiqaruvchi “Volvo” zavodida esa 600 dan ortiq odam ishlardi.

Prezident Putin Rossiyaning xorijdagi mulklarining olib qo’yilayotgani javobsiz qolmasligini bildirdi. Bundan bir kun oldin Germaniya “Gazprom”ning bu mamlakatdagi shirkati Germaniya tasarrufiga o’tkazilishi haqida ma’lum qildi. Putin bunga javoban Rossiyadagi G’arb kompaniyalari o’zlashtirilishi mumkinligiga ishora qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG