Breaking News

Rossiya armiyasi Ukrainada qirg’inda ayblanmoqda


Rossiya armiyasi Kiyev atrofidagi shaharlarni tashlab chiqar ekan, bu hududlarda qayta nazorat o’rnatayotgan Ukraina tomoni ommaviy qirg‘in holatlari haqida gapirmoqda.

Ashaddiy janglarga guvoh bo’lgan Kiyev atrofidagi Bucha, Irpen, Vorzel, Gostomel shaharlari ustidan nazoratni Ukraina kuchlari so’nggi kunlarda Rossiya armiyasi Kiyev yo’nalishidan chekinishi ortidan qo’lga kiritdi.

Bu shaharlar, xususan, Bucha ozod qilinar ekan, Ukraina tomoni shaharda ommaviy qabr topilgani, otib tashlangan o’nlab odamlar jasadi ko’chalarda yotgani haqida xabar berdi.

Bu shahardagi vaziyatga doir matbuotda e’lon qilingan suratlarda ham turli holatlarda o’lim topgan o’nlab odamlarning suratlari aks etgan.

Ukraina rasmiylari Irpen, Bucha shaharlarining o’zida otib o’ldirilgan tinch aholining soni 100 dan oshishi, Rossiya bu shaharlarda ommaviy qirg’in uyushtirgani haqida bayon qilmoqda.

Ukraina rasmiylari Kiyev viloyatidagi voqeani musulmonlar qirg’ini bilan yodda qolgan Srebrenitsa fojiasiga qiyoslab, Rossiyani xalqaro tribunalga tortishni talab qilishyapti.

Ayniqsa Bucha shahridagi fojia miqyosi dunyoni larzaga solgan. Turli davlatlardan rasmiylar tinch aholining shafqatsiz otib tashlanishidan, odamlar ismsiz-nomsiz ko’milganidan, Rossiya armiyasining qilmishidan dahshatga tushishgani haqida yozishmoqda, jumladan NATO bosh kotibi ham.

Xalqaro inson huquqlari tashkiloti “Human Rights Watch” Bucha shahridagi qotilliklarga doir o’z hisobotini e’lon qildi. Unda ta’kidlanishicha, shahar ustidan nazoratni qo’lga kiritgan rus armiyasi tinch aholini so’roqqa tutgan, so’ng ularning ayrimlari otib tashlangan.

“Human Rights Watch” Buchada Rossiya armiyasi harbiy jinoyatlar sodir etganiga doir dalillar aniqlanganini ta’kidlamoqda.

Ayovsiz janglar davom etgan Kiyev viloyatidagi boshqa shaharlarda ham tinch aholi sababsiz otib tashlanganiga doir da’volar mavjud.

Ukraina tomoni ayni paytda poytaxt yaqinidagi Irpen, Vorzel, Gostomel kabi shaharlarda nazorat ishlari davom etayotgani, bu shaharlar rus armiyasi qoldirgan minalardan tozalanayotganini bildirdi.

Rossiya-Ukraina urushi so’nggi kunlard burilishga yuz tutdi. Kiyev, Chernigov yo’nalishidan o’z harbiylarini olib chiqqan Rossiya armiyasi asosiy diqqatni Ukraina sharqi, Donbassni zabt etishga qaratishiga jiddiy ishonilmoqda.

Ayni paytda Rossiya armiyasi Ukrainaning boshqa yirik shaharlari, Odessa va Dneprni nishonga ola boshlagan. Hozirgacha raketa zarbalaridan bir qadar xoli bo’lib kelgan bu shaharlar bo’ylab raketa zarbalari berilgan.

Bundan maqsad mamlakat sharqidagi ukrain armiyasi ta’minotini uzish ekanligi, buning ortidan Donbass bo’ylab yirik hujumlar boshlash ekanligi ta’kidlanmoqda.

Ukraina Mudofaa vazirligi Rossiya armiyasi Donbassda nazorat o’rnatishga urinayotgani, bu hujumlar Ukraina armiyasi tomonidan bartaraf etilayotgani, bir necha aholi punktlari ozod etilganini ta’kidlayapti.

Ukrainadagi urush salkam 40 kundirki davom etmoqda, urushni to’xtatishga doir muzokaralar og’ir siljimoqda.

Kiyev viloyatidagi shahar ozod etilishi ortidan, rus armiyasi qirg’iniga doir yuzaga chiqayotgan da’volar shundoq ham og’ir siljiyotgan bu muzokaralarga qanday ta’sir o’tkazishi noma’lum.

Moskva, xususan, Rossiya Mudofaa vazirligi tinch aholi qirg’iniga doir da’volarga hozircha biror munosabat bildirgani yo’q.

Ukraina Kiyev atrofidagi bu fojialar ortidan zudlik bilan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) doirasidagi doimiy kengash yig’ilishini chaqirish tashabbusi bilan chiqmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG