Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy xorijiy davlatlar parlamentlari va xalqaro tashkilotlarga mamlakati dardini to’kishda davom etmoqda.
Seshanba kuni u BMT Xavfsizlik Kengashi majlisiga virtual murojaat qilib, Rossiya qo’shinlarini Bucha shahrida 300 ga yaqin oddiy aholini o’ldirganlikda aybladi, kengashdan harbiy tribunal tashkil etib, Rossiyani harbiy jinoyatlari uchun sud qilishga chaqirdi.
“Butun dunyo Rossiya harbiylari istilo qilingan shaharda nimalar qilganiga guvoh bo’lyapti. Dunyo mamlakatimizning boshqa shahar va mintaqalarida ham ular nima qlishayotganini ko’rib qo’ysin. Ayni vahshiylik, ayni jinoyatlarga qo’l urishyapti, javobgarlik muqarrardir”, - dedi Zelenskiy.
Ukraina rahbari BMTni isloh qilib, Rossiyani Xavfsizlik Kengashidan chetlatishga chaqirdi.
Rossiyaning BMTdagi elchisi Vasiliy Nebenzya Bucha qatliomining sahnalashtirilganini aytib, Rossiya Ukrainani bosib olishga intilmayotganini, sharqdagi Donbass mintaqasini Ukraina armiyasi hujumlaridan himoya qilayotganini bildirdi.
"Oddiy xalqni asrab qolish maqsadida fuqarolik inshootlarini nishonga olayotganimiz yo’q. Shuning uchun ham ko’plar kutganidek tez olg’a yurayotganimiz yo’q”, - dedi u.
AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild Rossiyani Xavfsizlik Kengashidan haydab bo’lmasligini afsus bilan tilga oldi, biroq uni BMT Inson huquqlari kengashidan chetlashtirish uchun payshanba kuni masalani 193 a’zolik Bosh Assambleyada ovozga qo’ymoqchi.
Xitoy elchisi Dzyan Junning aytishicha, biror tarafni qatliomda ayblashdan oldin dalillar asosida vaziyatni aniqlashtirish kerak. Xitoy AQSh va G’arbni Ukrainani qurol bilan ta’minlashni bas qilib, Rossiya bilan muloqot boshlashga chaqirmoqda.
Vladimir Zelenskiy kecha, shuningdek, Ispaniya qonunchilariga ham video murojaat qildi. U Rossiya hujumlarini 1937-yilda Ispaniyada fuqarolar urushi paytida natsistlar Germaniyasi tomonidan bombardimon qilingan Gernika shahriga hujumlarga qiyosladi.
"Havo hujumlaridan jonini saqlash uchun yevropaliklarning hozir yerto’lalarda haftalab yashirinishini bir tasavvur qiling. 2022-yil aprelida Ukrainada voqelik aynan shunday”, - dedi Zelenskiy.
Ukraina rahbari Rossiyada biznesini to’xtatgan Ispaniya kompaniyalarini olqishlab, faoliyatini hali ham davom ettirayotgan 3 ta yirik kompaniyani tanqid qildi.
Bugun Irlandiya qonunchilarida ham Zelenskiyni tinglash imkoni bo’ldi. Irlandiya betaraf mamlakat bo’lsa-da, Ukraina mojarosiga befarq bo’lmadi, dedi u.
"Rossiya bilan savdoga chek qo’yishimiz kerak. Rossiya banklarini global tizimdan uzish lozim. Neft savdosidan tushayotgan daromad manbalariga bolta urish zarur”, - dedi u parlamentning har ikki palatasi vakillariga qarata.
Rossiya Buchada tinch aholini o’qqa tutganlikda ayblanar ekan, o’z nazoratiga olingan Mariupol va Xersonda mahalliy aholiga insonparvarlik yordamini tarqatmoqda, mahalliy boshqaruv tizimini o’zgacha tashkillashtirmoqda. Aholiga shakar, un, yog’, konserva mahsulotlari, dori-darmon, ko’rpa-to’shak, bolalarga o’quv qurollari yetkazilgani aytilmoqda.
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini taklif etmoqda. Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Leyen ko’mir, yog’och, sement, aroq, dengiz mahsulotlari, ikra, rezina va kimyoviy moddalar importini cheklash zarur dedi.
Yevropa qonunchilari, shuningdek, tashkilotga a’zo mamlakatlar portlarini rus kemalariga yopishi, Rossiyaga ilg’or yarim o’tkazgichlar, kvant kompyuterlari hamda boshqa turdagi elektrik va transport uskuna eksportini to’xtatishi mumkin.
"Rossiyaning texnologik bazasi va sanoat salohiyatini zaiflashtiramiz”, - dedi fon der Leyen.
AQSh esa bugun Rossiyaning yana ikki bankini qora ro’yxatga kiritib, Bosh vazir Mixail Mishustin va sobiq prezident Dmitriy Medvedevga nisbatan ham sanksiya qo’lladi.
Yevropa rus yoqilg’i mahsulotlaridan voz kecharkan, bu masalada Rossiyaga boshqa mamlakatlardan toberoq bo’lgan Germaniya yoqilg’ining muqobil manbalarini qidirishga kirishgan.
O’tgan yili Germaniya po’lat sanoati va elektr quvvatini ishlab chiqarish uchun Rossiyadan 18 million tonna ko’mir sotib olgan edi.
Rossiya tinimsiz sanksiyalarga yuz tutarkan, Germaniya endi ko’mirni Avstraliya, Kolumbiya, Indoneziya, Mozambik, Janubiy Afrika va AQSh kabi mamlakatlardan xarid qilish ustida o’ylanmoqda.
Berlin Rossiya neft va gaziga tobelikdan qutulishni istaydi, ammo hozir buning imkoni yo’qligini tan oladi.
Facebook Forum