Breaking News

Oziq-ovqat va yoqilg'i kamomadi Yevropani tanazzulga yetaklaydimi?


Yevropa amaldorlari nafaqat oziq-ovqat, balki yoqilg’i tanqisligi ehtimolidan ham xavotirda. Xalqaro energetika agentligiga ko’ra, Rossiya Yevropaga siyosiy bosimini oshirish maqsadida gaz ta’minotini butunlay to’xtatib qo’yishi mumkin.

Xalqaro hayot - 24-iyun, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:58 0:00

Bunday bayonotlarga Rossiyaning Boltiq dengizi tubidan Germaniyaga uzatilgan “Shimoliy oqim” quvuri orqali Yevropa tomon gaz oqimining kamayib ketgani sabab bo’lmoqda.

Rossiya bunga ta’mir uchun Kanadaga olib borilgan quvur turbinalarining qaytarilmayotganini sabab qilib ko’rsatmoqda. Yevropa esa Kremlni geosiyosiy o’yinlarda ayblamoqda.

Gaz oqimi butunlay to’xtasa, Yevropa katta muammolar bilan yuzlashadi, deydi tahlilchi Tom Marsek-Manzer.

“Gaz ta’minoti o’tgan yilga qaraganda 75 foizga tushib ketdi. Bu ko’plarni xavotirga solmoqda. Kelayotgan qishdan oldin omborxonalarni to’ldirish o’ta qiyin vazifadir”, - deydi u.

Yevropa noyabrgacha omborxonalaridagi gaz miqdorini 80 foizga yetkazmoqchi. Hozircha ular 55 foizga to’lgan. Gaz kamomadi narxni ko’tarib yubordi. Bundan Rossiya foyda ko’rmoqda.

“Rossiya qisqa vaqt ichida ko’p pul ishladi. “Gazprom” kelasi bir necha yilga pulni g’amlab qo’ydi. Demak end gaz oqimini bemalol cheklashi mumkin”, - deydi Marsek-Manzer.

Germaniya tabiiy gazning uchdan birini Rossiyadan oladi. Hukumat favqulodda gaz rejasining ikkinchi bosqichi haqida e’lon qilib, aholini gaz iste’molini kamaytirishga chaqirmoqda.

Xalq bu masalada hukumat bilan hamkorlik qilishi kerak, deydi tahlilchi Klaudiya Kemfert.

“Bunday vaziyatga ertami-kech yuz tutishimiz ayon edi. Endi esa qo’ldan kelgancha gazni tejashga majburmiz”, - deydi u.

Gaz kamomadi ishlab chiqarish sanoatini izdan chiqarib, Yevropani tanazzulga yetaklashi mumkin. Yaqingacha yashil energiya siyosatini jon-jahdi bilan himoya qilgan mamlakatlar ko’mirga qaytishi kutilmoqda.

Yevropa davlatlari quvur gazidan ancha qimmat bo’lgan AQShning suyultirilgan tabiiy gazi importini oshirdi.

O’tgan yil sentabrida Rossiyadan Germaniyaga yana bir gaz quvuri uzatildi. Ukrainada urush boshlanishi bilan Berlin qurilishiga 10 yil va salkam 10 milliard yevro ketgan “Shimoliy oqim-2” quvuridan voz kechdi.

Gaz kamomadi o’z aholisi va iqtisodiyotiga zarar qilayotganiga qaramay, Germaniya va umuman Yevropa Ittifoqi bu urushda Ukrainani qo’llab-quvvatlashda davom etmoqda.

Rossiya-Yevropa Ittifoqi qarama-qarshiligi qishgacha davom etsa va Yevropa rus yoqilg’isiga zudlik bilan muqobil manba topmasa, Bryussel Moskvaga taslim bo’ladimi? Agar shunda ham Yevropa Ittifoqi sanksiyalaridan voz kechmasa, kelasi yili mintaqaning 11 mamlakatida rejalangan saylovlar ketidan hozirgi elita o’rniga yangi siyosatchilar kelishi mumkin.

Yakshanba kuni Germaniyada boshlanadigan “Katta Yettilik” sammitidan oldin bugun Berlinda oziq-ovqat xavfsizligiga doir xalqaro yig’inda qatnashish uchun bu mamlakatga safar qilgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Germaniya Iqtisodiyot vaziri Robert Xabek bilan oziq-ovqat tanqisligi va energetika xavfsizligini muhokama qildi.

“Oziq-ovqat inqiroziga qarshi global tarmoq” deb nomlanuvchi tashkilot hisobotiga ko’ra, Ukrainadagi urush dunyo oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda. Afg’oniston, Efiopiya, Gaiti, Somali, Janubiy Sudan va Yaman kabi mamlakatlarda oziq-ovqat inqirozi kuchayishi aytilmoqda.

Dunyoda yetishtirilayotgan don mahsulotlarining salkam uchdan biri hamda kungaboqar yog’ining uchdan ikki qismi Rossiya va Ukraina hissasiga to’g’ri keladi. Endi esa ukrain mahsulotlarini Qora dengiz portlari orqali jahon bozoriga olib chiqish ilojsiz bo’lib qoldi.

G’arb Rossiyani portlarni qamalga olganlikda, Germaniya Tashqi ishlar vazirasi Annalena Berbok esa Moskvani “ochlikdan qurol sifatida” foydalanayotganlikda aybladi.

Rossiya sobiq prezidenti Dmitriy Medvedev “Telegram”dagi sahifasida Berbok gapiga munosabat bildirib, Ikkinchi jahon urushi paytida “Leningrad shahrini 900 kun qamalda ushlab, salkam 700 ming odamning ochlikdan o’lishiga sabab bo’lgan mamlakat amaldoridan bunday gaplarni eshitish hayratli”, dedi.

Jahon banki joriy yilda bug’doy 40 foizdan ko’pga qimmatlashini bashorat qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG