Afg’oniston ahli toza ichimlik suvi tanqisligidan qiynalib keladi. Yerosti suvlaridan foydalanish bo’yicha cheklovlar mavjud emas, lekin aksar joylarda bunday suvni iste’mol qilib bo’lmaydi. U sho’r yoki achchiq. Shirin va toza ichimlik suvi topish - oilalarning doimiy tashvishi.
Shibirg’onlik Zayniddin 30-40 daqiqa yo’l yurib, aravaga ortilgan suv idishlarini to’ldirib, uyqa qaytishi kerak. Bu uning kundalik mashg’uloti.
“Bizning hudud suvi sho’r yoki achchiq. Shuning uchun bu yerdan ro’zg’orga, ichish va choyga shirin suv olib boraman”, - deydi Zayniddin.
Qishloq joylarda ayrim muassasalar tomonidan qazilgan quduqlar mavjud, ammo shirin suv beradigan quduqlar va hududlar juda oz. Zayniddinga ko’ra, har yili suv sathi pasayib bormoqda, yozda quduqlar yertarlicha suv bermayapti.
Lekin oxirgi yillarda quyosh nuridan foydalanib, yer ostidan katta hajmda suv chiqaradigan quduqlar qazish jarayoni ancha rivojlangan.
Bunday yo’l bilan gektarlab yerni sug’orish imkoniyati bor, lekin suv sathi pasayishining asosiy omili ham shu deya ko’rilmoqda.
Abdul Latif ismli fermer surunkali qurg’oqchilik sababli ariqlar qurib qolgani, odamlar quduqlar qazishga majbur bo’lganini aytadi.
“Qurg’oqchilik, ariqlarda suv yo’q. Bor-yo’g’imizni sarflab, cho’lda bug’doy ekdik. Lekin hech narsa qo’lga kelmadi. Hatto xizmat puli ham chiqmadi. Suv bo’lsa, bug’doy-arpa, tarvuz-qovun bo’ladi. Inson ham, hayvon ham foyda ko’radi”, - deydi fermer.
Bunday usul bilan dehqonlar yaxshi natijaga erishmoqda. Lekin mutaxassislar suvga nisbatan befarqlik kelgusida katta muammolarga sabab bo’lishidan xavotirda.
“Suvni keragicha iste’mol qilish kerak. Ba’zilar suvni ochib qo’yadi, qaramaydi. Kelajakda suv kamayishi va katta muammo yuzaga chiqishi ehtimoli mavjud”, - deydi mutaxassis G’ulom Nabi Nekbin.
Suv doim kerak, lekin ichimlik suvini topish doim ham oson emas. Zayniddin kabi insonlar har kuni uyiga suv tashishga majbur.
“Har kuni uyga 20 ta 20 litrlik idishni suv bilan to’ldirib olib boraman. Bir kishi shu ish bilan sargardon”, - deydi shibirg’onlik Zayniddin.
So’nggi 10 yilda Shibirg’onda suv sathi 10-15 metr pasaygan. Kelasi yillar yanada tushishi taxmin qilinmoqda.
Facebook Forum