Qoraqalpog‘istondagi norozilik tashkilotchilari qo’lga olingan, ular davlat idoralarini egallashga harakat qilishgani aytilyapti. Bu haqda Qoraqalpog‘iston parlamenti, ijroiya hukumati va Ichki ishlar vazirligi nomidan tarqatilgan xabarda ta’kidlanmoqda.
Ayni paytda norozilik tashkilotchilari hibsda ekanligi, ular qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi, Qozog’iston bilan ayrim chegara punktlari vaqtincha yopilganidan tashqari boshqa tafsilotlar ma’lum emas.
Nukusda konstitutsiyaviy o’zgarishlarga qarshi yuz bergan norozilik o’zbek jamiyati uchun kutilmagan larza bo’ldi. O’zbekiston Ichki ishlar vazirligi noqonuniy namoyishlar konstitutsiyaviy o’zgarishlar noto’g’ri talqin qilingani sababli yuzaga chiqqani, namoyishlar ortidan tartib o’rnatilgani haqida hisobot bergan edi.
Noroziliklar asosan taklif etilayotgan o’zgarishlardagi mustaqillik maqomi tahriri bilan bog’liq. Avvalgi konstitutsiyada O’zbekistoning 40 foiz hududini tashkil etuvchi Qoraqalpog’istonga referendum orqali mustaqil tarzda ajralib chiqish huquqi berilgan.
Bugun Nukusga tashrif buyurgan Prezident Shavkat Mirziyoyev konstitutsiyaviy o’zgartirishlar hali bir loyiha ekani, u fuqarolarning xohish-irodasi va takliflaridan kelib chiqqan holda o’zgarishini ta’kidlagan.
“Qoraqalpo’giston Respublikasining huquqiy maqomida oid normalarni o’zgartirishsiz qoldirish zarur, deb hisoblayman. Ya’ni konstitutsiyaning 70, 71, 72, 74 moddalari o’zgarishsiz qoldiriladi”, - dedi prezident.
Konstitutsiyaviy o’zgarishlar referendum orqali qabul qilinishi kutilmoqda. Hozircha muddat aniq emas. Nukusdagi noroziliklar O’zbekiston davlatchiligi jiddiy tahdidga yuzlashishi mumkinligidan darak bermoqda.
Ayni paytda hukumat, jamoatchilik diqqati shunda. Aksariyat o’zbek muxolifati yetakchilari ham O’zbekiston bo‘linmas ekanligi haqidagi qarashda qat’iy.
“Amerika Ovozi” so’nggi vaziyat yuzasidan o’zbek muxolifati yetakchisi Muhammad Solih bilan suhbatlashdi. Uning ta’kidlashicha, namoyishlar ortida turk dunyosi birligiga qarshi kuchlar turgani ehtimoli yaqin. O’zbekiston bo‘linmas davlat, mamlakatni bo’laklash izni hech kimga berilmagan.
Qoraqalpog'istonda 3-iyuldan 2-avgustgacha favqulodda holat joriy etilgan.
Facebook Forum