Inson huquqlari faollari Bayden ma’muriyatini prezidentning Isroil va Saudiya Arabistoniga tashrifi chog’ida neft va Eron mavzularidan tashqari inson huquqlari masalasini ham ko’tarishga chaqirmoqda.
AQSh razvedkasiga ko’ra, 2018-yilda “Vashington Post” gazetasining jurnalisti Jamol Qoshiqchini o’ldirishni Saudiya Arabistoni qirolining o’g’li, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon buyurgan.
Qirollikni moxov davlatga aylantirishga so’z bergan Bayden shu hafta shahzoda Muhammad bilan uchrashadi.
“Baydenning bu harakatlari inson huquqlarining arzimas mavzu ekanini, uning boshqa narsalar, masalan, neft ishlab chiqarishni oshirishga almashtirilishi mumkinligini ko’rsatmoqda. Bu ko’p jihatdan Prezident Baydenning Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan so’ng dunyoga taqdim etgan qarashlarini yo’qqa chiqarmoqda”, - deydi “Xalqaro Amnistiya” tashkiloti bosh kotibasi Anyes Kallamar.
Neft kamomadi va yoqilg’ining qimmatlashishi bilan yuzlashgan Bayden Saudiya Arabistoniga tashrifi chog’ida qirollikdan ishlab chiqarishni oshirishni so’rashi kutilmoqda. Tanqidchilar bunday yondashuvni inson huquqlarini AQSh tashqi siyosatidagi muhim yo’nalishlardan biriga aylantirish va’dasidan chekinish deya ko’rmoqda.
“Saudiya Arabistonidagi inson huquqlari himoyachilari, fuqarolik jamiyati liderlari AQShning bu siyosatidan ranjigan deb o’ylayman. Strategik jihatdan buni to’g’ri siyosat deb bilmayman. AQSh manfaatiga xizmat qilmaydi”, - deydi Jamol Qoshiqchi o’limidan oldin asos solgan “Arab dunyosi uchun demokratiya” deb nomlanuvchi tashkilot vakili Jon Xyorsh.
Huquq himoyachilari, shuningdek, Baydendan 11-may kuni G’arbiy Sohilda otib o’ldirilgan jurnalist Shirin Abu Aqla masalasini ko’tarishni ham so’ramoqda. Falastinga ko’ra, muxbir Isroil harbiylari o’qidan o’lgan. Aqlaning oilasi AQSh ma’muriyatiga murojaat qilib, Quddusga Bayden bilan borishni iltimos qilgan.
Jurnalistning o‘limida Isroilni qoralashdan bosh tortgan AQSh Davlat departamenti Aqla ataylab nishonga olinganganiga amin emasligini bildirdi.
“Qoshiqchi o’ldirilganida Tramp ma’muriyati ham, Bayden ma’muriyati ham Saudiya Arabistonidan xalqaro tergov o’tkazishni talab qilgan edi. Ammo Shirin Abu Aqlaning o’limidan so’ng Isroil hukumatiga bunday bosimni deyarli ko’rmayapmiz”, - deydi AQShning Rays universitetidan Kristian Ulrixsen.
Oq oy Prezident Bayden bilan muloqot uchun marhum muxbirning oila a’zolarini AQShga taklif etdi.
Facebook Forum