Yaqin Sharqqa to’rt kunlik safarini yakunlagan Prezident Jo Bayden arab yetakchilari bilan uchrashuvda AQSh bu regionni “tashlab ketmaydi”, Xitoy, Rossiya yoki Eron bu vakuumni to’ldirishiga yo’l qo’ymaymiz, deya ta'kidladi.
“Qo’shma Shtatlar mintaqada ijobiy kelajak qurishga, barchangiz bilan hamkorlikka sarmoya qiladi”, - dedi Bayden Fors ko’rfazi hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlarning Jidda shahrida o’tgan sammitida.
Kengashga Bahrayn, Quvayt, Ummon, Qatar, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari a’zo. Yig’inda Misr, Iroq va Iordaniya ham qatnashdi.
Bayden e’lon qilgan mintaqa bilan hamkorlik tamoyillaridan biri bu – “xalqaro tartib-qoidalarga bo’ysunuvchi” mamlakatlarning mudofaa qobiliyatini qo’llab-quvvatlash.
Eronning regionni beqarorlashtiruvchi faoliyati, Rossiyaning Ukrainadagi urushi va Xitoyning Hind-Tinch okeanidagi harakatlari, deydi Bayden, ushbu tartib-qoidalarni buzishga qaratilgan.
Vashington, dedi prezident, har yerda keskinlik va mojarolarni tugatishga, BMT nizomida belgilangan huquq va qadriyatlarni quvvatlashga harakat qiladi.
“Qoidalarga asoslangan tizimni quvvatlash har doim ham har masalada hamfikr bo’lishimizni anglatmaydi. Biroq dolzarb global muammolarni hal qilish uchun birgarlikda ishlashga imkon beradigan asosiy tamoyillarga amal qilishimiz lozim”, - deydi AQSh rahbari.
Vashington Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada ocharchilikni kamaytirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun 1 milliard dollar yordam ajratishini e’lon qildi. Xitoyning “Kamar va yo’l” dasturiga muqobil ravishda AQSh boshlayotgan infratuzilma va sarmoya tashabbusi uchun arab mamlakatlari 3 milliard dollar ajratishga va’da bergan.
Jidda sammitida Iroqning elektr tarmog’ini Quvayt va Saudiya Arabistoni orqali Fors ko’rfazi davlatlarinikiga ulash, shu tariqa Bag’dodning Eronga qaramligini kamaytirish bo’yicha kelishuvga erishilgan. Ammo neft ishlab chiqarishni oshirish bo’yicha biror yangilik yo’q.
“Sammit kun tartibidan bu mavzu o’rin olmadi. OPEK+ davlatlari bozorda muvozanatni saqlash uchun zarur deb hisoblagan qadamlarni tashlaydi”, - deydi Saudiya Tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farxon al-Saud.
Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkilotining 13 a’zosi hamda neft ishlab chiqaruvchi yana 10 davlat, jumladan Rossiya, avgust oyida majlis qiladi. Ungacha e’lonlar kutilmayapti, deb kelmoqda AQSh rasmiylari.
Inson huquqlari
Huquq faollari Jo Baydenni Isroil va Saudiya Arabistoniga tashrifi chog’ida inson huquqlari masalasini ham ko’tarishga chaqirgan edi. Baydenning aytishicha, Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan yopiq eshiklar ortidagi uchrashuvda u Jamol Qoshiqchining o’limi haqida gap ochgan.
“U shaxsan javobgar emasligini aytdi, men esa uni qotillik uchun javobgar deb ko'rishimni bildirdim”, - deydi Bayden.
“Vashington Post” gazetasiga maqolalar yozgan Jamol Qoshiqchi 2018-yilda Saudiyaning Istanbuldagi konsulligida vahshiyona o’ldirilgan edi. AQSh razvedkasi xulosasiga ko’ra, qotillik shaxsan Muhammad bin Salmonning buyrug’i bilan amalga oshirilgan.
“CNN” manbalariga ko’ra, Qoshiqchi masalasi ko’tarilgach, shahzoda Baydenga Iroqning Abu G’arib qamoqxonasida mahbuslarning amerikalik harbiylar tomonidan tahqirlagani, shuningdek, falastinlik jurnalist Shirin Abu Aqlaning G’arbiy Sohilda Isroil reydi payti otib o’ldirilganini AQShning imijiga dog’ tushiruvchi holatlar sifatida qayd etgan.
Facebook Forum