Breaking News

Markaziy Osiyo yetakchilari hamkorligini qanday kelajak kutmoqda?


Qirg’izistonning Cho’lpon-ota shahrida Markaziy Osiyo liderlari sammiti yakunlandi. Sharhlovchilar sammit ortidan mintaqaviy hamkorlikda siljishlar mavjudligini, muhim takliflar olg’a surilganini qayd qilmoqda.

Iqtisodchi Abdulla Abduqodirovning aytishicha, sammitda iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan bir qator tashabbuslar e’lon qilingan.

“Mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik ortidan importga bo’lgan bog’liqlikni kamaytirish, mintaqaviy kooperatsiya, har yili iqtisodiy investitsion forumlar o’tkazish g’oyasi, ekologik muhitni asrash, madaniy aloqalarni kuchaytirish, turizmga alohida o’rin berish, mintaqaviy tinchlikni ta’minlash g’oyalari aytildi. Bunday mintaqaviy umumiy dasturlar va qadriyatlar to’plamiga ega bo’lish barcha mamlakatlar uchun muhim”, - deydi Abduqodirov.

Ekspertga ko’ra, sammitning diqqatli tomoni shundaki, unda Ukraina va Rossiya ziddiyati mutlaqo ko’tarilmagan; sababi mintaqada hech kim Rossiya doxil mojaroni muhokama qilishga jur’at topmaydi.

“Har qanday ssenariy mintaqa iqtisodiy rivojiga keskin negativ ta’sir ko’rsatadi. Tashqi savdo, investitsiyalar, logistika, mehnat resurslarining qo’llanishi, harbiy tahdidlardan himoya masalasida ham mintaqa Rossiya bilan jiddiy bog’liq”, - deydi u.

Sammit doirasida Rossiya-Ukraina urushi muhokama qilinganiga doir biror ma’lumot yo’q.

Turli takliflarga boy bo’lgan sammitdagi ayrim tashabbuslar 2005-yilda o’z faoliyatini tugatgan Markaziy Osiyo hamkorlik tashkiloti taqdirini yodga solmoqda. Maslahatlashuv maqomidagi bu sammitga Rossiya va Xitoy rahbarlarini ham jalb qilish masalasi o’rtaga tashlangan.

Qozog’iston Prezidenti Qosimjo’mart To’qayev tomonidan ko’tarilgan bu tashabbus muhim qarorlar qabul qilish jarayonida Rossiya va Xitoy rahbarlarining ishtiroki Markaziy Osiyo uchun foydali bo’lishi bilan izohlanadi.

Rossiva va Xitoyning bu tashabbusga munosabati hozircha noaniq, ammo mintaqa davlatlari uchun tarix yana takrorlanishi mumkin.

Xuddi shunday taklif bir necha yillar avval faoliyatda bo’lgan Markaziy Osiyo hamkorligi tashkiloti doirasida ham kuzatilgan va Rossiya bu taklifni inobatsiz qoldirmagan edi.

Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari ishtirokidagi tashkilot faoliyati uzoq davom etmagan. Yevrosiyo iqtisodiy hamkorligi uning barcha vazifalarini bajarishi vajidan tashkilot faoliyati tugatilgan edi.

Hali maslahatlashuv maqomidan ko’tarilmagan mintaqa sammitida yana Qozog’iston tomoni ko’tarayotgan bu safargi taklif nafaqat Rossiyani, balki Xitoyni ham taklif qilishni nazarda tutmoqda.

Taklif inobatga olinsa, katta ehtimol bilan Markaziy Osiyo sammiti Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyati emas, Rossiya va Xitoy yetakchiligidagi boshqa bir tuzilma - Shanxay hamkorlik tashkiloti tarkibiga yaqinlashishi mumkin.

Markaziy Osiyo hamkorlik tashkiloti faoliyatini yakunlash tashabbusi O’zbekistonning marhum sobiq prezidenti Islom Karimov tomonidan ko’tarilgan edi. Rossiyaning bu tashkilotga qo’shilishini olqishlamagan Karimov buni mintaqada bir xil vazifalarni bajaruvchi ikki tashkilotga hojat yo’qligi bilan izohlagan edi.

O’zbekistonning keyinchalik Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqini tark etishi ham aslida aynan shu vaziyat bilan bog’liqligi aytiladi. Rossiyadan hafsalasi jiddiy pir bo’lgan Karimov O’zbekiston tashqi siyosatini muvozanatlashga, Moskvadan masofalanishga kirishgan edi.

Ekspertlarga ko’ra, Markaziy Osiyodagi bugungi geosiyosiy vaziyat bir qadar barqaror, davlatlar mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish uchun iroda va xohish ko’rsatmoqda.

Abdulla Abduqodirovga ko’ra, Qirg’izistondagi sammitning so’nggi paytda Rossiya, Belarus tomonidan mintaqaga, jumladan, O’zbekistonga ko’rsatilgan bosimlar soyasida o’tkazilgani, o’zaro do’stlik va hamkorlikka doir bitim imzolanishi Markaziy Osiyo tashqi kuchlar ta’siriga qarshi muvofiqlasha olishiga ham ishora bermoqda.

Mintaqa davlatlari sammitida “Markaziy Osiyo rivoji uchun do’stlik, qo’shnichilik va hamkorlik” to’g’risidagi bitim Qirg’iziston, Qozog’iston va O’zbekiston prezidentlari tomonidan imzolandi. Turkmaniston va Tojikiston tomoni bitim ichki tartiblardan o’tishi ortidan imzolanishini bildirgan.

Ozarbayjonlik ekspert: "Turon" armiyasini tuzish kerak
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:06 0:00

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG