Breaking News

Rossiyaning "Dojd" telekanali xorijdan turib propagandaga qarshi kurashmoqchi


"Dojd" telekanalining Moskvadagi studiyasi, 2021-yil, 20-avgust. Ukraina urushi ortidan kanal Rossiyadagi faoliyatini to'xtatdi.
"Dojd" telekanalining Moskvadagi studiyasi, 2021-yil, 20-avgust. Ukraina urushi ortidan kanal Rossiyadagi faoliyatini to'xtatdi.

Parijdagi kichik studiyada rossiyalik jurnalist Denis Kataev o'zining kechki yangiliklar ko'rsatuvini tayyorlamoqda. U Ukraina urushiga oid Kreml propagandasiga qarshi kurashga shu chiqishlari bilan o’z hissasini qo’shish umidida.

Kataev Rossiyaning "Dojd" (Yomg'ir) telekanali uchun ishlaydi. “Dojd” telekanali o'n yildan ortiq vaqt davomida Prezident Vladimir Putinga sodiq ovozlar hukmron Rossiyada eng mashhur mustaqil teleradiokompaniya bo'lgan.

Ammo Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi ortidan kanalning faoliyati to’xtatib qo’yildi va to‘rt oydan ortiq efirga chiqmadi. Ushbu tanaffus ortidan u Latviyadagi shtab-kvartirasidan, shuningdek, Kataev joylashgan Parijdan hamda Amsterdam va Tbilisi shaharlaridan yana efirga qaytdi.

“Men optimistman”, - deydi Kataev “Dojd”ning “Shu yerda va hozir” kechki yangiliklar shousini Parijdagi jurnalistika maktabida tashkil etilgan studiyasidan taqdim etishga hozirlik ko'rar ekan.

Bosqindan keyin surgunga ketgunga qadar Moskva jurnalistikasi sahnasining ko'zga ko'ringan vakili bo'lgan Kataev hozir efirga chiqish uchun Parijdagi jurnalistika maktabi studiyasidan foydalanmoqda. Sentabrda bu yerda o’qishlar boshlanishi bois u o’ziga yangi joy topishi kerak.

Uning aytishicha, “Dojd” telekanalining ko’rsatuvlari uchun Rossiyada doim auditoriya bor.

“Ukrainadagi urush men uchun Rossiyaning tugashi, umidlarimizning oxiri bo’ldi”, - deydi u.

"Men uchun Rossiya tugadi va bu mening vijdonim masalasi edi. Shuning uchun men o'z vatanimni tark etdim", - deya qo’shimcha qiladi.

Urushga qarshi ovoz

"Biz Rossiyada ma'lumotga bo'lgan ehtiyojni his qilyapmiz. Davom etishimiz kerak. Rossiyada boshqacha fikrlaydigan, Putin rejimiga qarshi, men kabi bu urushga qarshi bo'lgan auditoriya bor. Shunday ekan, biz tashviqotga qarshi kurashishimiz kerak", - deydi jurnalist.

“Dojd” telekanali Rossiyadagi faoliyatini rasman tugatdi. 3-mart kuni, urush boshlanganidan o‘n kun o’tar-o’tmas, telekanal egasi Natalya Sindeyeva tomonidan tayyorlangan emotsional shou kanalning Rossiyadagi so’nggi chiqishi bo’ldi.

Telekanalning butun jamoasi so’nggi efir nihoyasida "No pasaran" (Ular o'tmaydi), "Urushga yo'q deymiz" degan bayonotlar bilan studiyani tark etdi.

Telekanal 2010-yilda efirga chiqa boshlagan va davlat televideniyesining noroziligiga qarshi turish uchun o‘zini “optimistik kanal” deb atagan. 2011-yil hatto o‘sha paytdagi prezident Dmitriy Medvedev telekanal studiyasiga tashrif buyurgan edi.

Oʻsha yilning qishida “Dojd” parlament saylovlaridan keyingi noroziliklarni dadil yoritdi. Kuzatuvchilar fikricha, Putinga kanalning bunday erkinligi yoqmagan.

2021-yilda kanal "xorijiy agent" deb e’lon qilindi. Bu maqom ortidan “Dojd” og'ir ma'muriy cheklovlar, katta jarimalar va taqiqlanish xavfi ostida qoldi.

Kreml maxsus harbiy amaliyot deb atagan Ukraina bosqinini urush deb ataganlar 15 yilgacha qamoq jazosi xavfi bilan yuzlashdi. Shundan so’ng telekanalning faoliyat yuritishi butunlay imkonsiz holatga aylandi.

Qiyinchiliklar

18-iyul kuni Latviya poytaxti Riga shahrida “Dojd” telekanali bosh muharriri Tixon Dzyadko kechki yangiliklar ko‘rsatuvi bilan efirni qayta boshladi.

Hozirda "Dojd"da 60 ga yaqin jurnalist Rossiyadan tashqarida ishlamoqda. Quvg'inda turib boshqa bir mamlakatni yoritish oson bo’lmasa-da, ular o’z missiyasini tark etgani yo’q.

"Albatta, boshqa mamlakatlarda ishlash qiyin. Siz kameralar, studiyalarni topishingiz kerak, balki vizalar ham olishingiz kerak", - deydi Dzyadko.

"Millionlab rossiyaliklar mustaqil ma'lumot olishni xohlashadi. Ular pul to'lashga tayyor va bizni qo'llab-quvvatlashda davom etmoqda", - deya qo’shimcha qiladi u.

Uning so'zlariga ko'ra, “Dojd”ning 50 000 ga yaqin rossiyalik pullik obunachilari bor. Kanalni oyiga ikki yevrodan kam oylik obuna evaziga “YouTube”da jonli ko'rish mumkin va uning asosiy vebsayti tez orada ishga tushadi. Rossiyaliklar saytga “VPN” orqali kirishlari mumkin.

Endilikda Yevropa Ittifoqining translyatsiya litsenziyasiga ega telekanalni boshqa xorijiy ommaviy axborot vositalari ham qo‘llab-quvvatlamoqda. Latviya, Gruziya va Gollandiya televideniyelari o‘z studiyalarini foydalanish uchun bermoqda va bu “Dojd”ga o‘zining sifatli ko’rsatuvlarini qayta tiklashga imkon berdi.

Vashington choyxonasi: axborot urushi, propaganda va so’z erkinligi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:25:24 0:00

Telekanal Rigada o’z shtab-kvartirasini ochdi. Latviya poytaxti quvg'indagi muxolifat matbuoti uchun markazga aylanmoqda. Mashhur “Meduza” yangiliklar sayti ham Rigaga ko’chgan.

Bir vaqtlar kabel orqali taqdim etilgan kanalni bugun faqat onlayn ko'rish mumkin. Ammo bu ham uni Kreml tazyiqlaridan qutqara olmaydi.

"Ular “YouTube”ni bloklashi mumkin, internetni to'sib qo'yishi mumkin. Lekin biz bu haqda o'ylamaymiz, o'ylamasligimiz kerak. Biz, avvalo, ishlashimiz kerak", - deydi Dzyadko.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG