Turkiyada ijtimoiy tarmoqlarda hukumat "dеzinformatsiya" deb hisoblagan narsani post qilganlar uch yilgacha qamalishi mumkin. Norozi omma namoyishlarga chiqib, siyosatni qoralamoqda.
Jurnalistlar fikricha, hozirda ko'rib chiqilayotgan takliflar mustaqil matbuotni jinoiy faoliyatga aylantirish demakdir, ya'ni hukumatga yoqmagan har qanday material dezinformatsiya deb qaralib, jazolanishi muqarrar.
"Bianet" - Turkiyadagi eng tajribali axborot saytlaridan biri. Qonunchilikka kiritilishi mumkin bo'lgan cheklovlardan bu jamoa qattiq xavotirda. Hukumat jurnalistikani yo'q qilmoqchi, deydi bu yerdagi mutaxassislar.
Hikmet Adal, "Bianet" muharriri va muxbiri:
"Parlament takliflarni ma'qullasa, men har qanday material uchun qamalishim aniq. Bir yildan uch yilgacha. Shundoq ham qo'rqinch ichida ishlaydigan jurnalistlar endi o'zini o'zi yanayam keskin cheklay boshlaydi".
Hozirda Turkiyada matbuotning aksariyati mutlaq hukumat nazoratida. Erkin axborot vositalari esa har kuni hayot uchun kurashadi, chunki siquvda. Internet ular uchun asosiy platforma. Ijtimoiy tarmoqlardagi postlarni cheklash auditoriyaga ham zarba, deydi jurnalistlar.
Fusun Nebil, axborot texnologiyalari bo'yicha ekspert:
"Hukumatning maqsadi - bloklash. Kimki uni tanqid qilsa, unga qarshi gapirsa, cheklov ostida qoladi. Bu qonun loyihasidan muddao - muxolifat bo'lmasligini ta'minlash. Aks holda, hukumat nega bu qadar cho'chiyapti?"
Hujjatda "dеzinformatsiya" bergan va uni tarqatgan har qanday shaxs qonun oldida javob berishi lozim, deya qayd etiladi.
"YouTube" va "Twitter" singari ijtimoiy tarmoqlar endilikda Turkiyada o'z idoralariga ega. Ular hukumat bilan hamkorlik qilib, qonunni buzganlarni aniqlashda yordam berishi, shaxsiy ma'lumotlarni yashirmasligi talab qilinadi.
Hukumatga ko'ra, bu chora senzura bo'lmaydi, qolaversa, Yevropada bunday qonunlar allaqachon amalda va ular avvalo jamiyat ravnaqi uchun zarur.
Yaman Akdeniz, matbuot erkinligi himoyachisi:
"Turkiyani Germaniya yoki Fransiya bilan qiyoslash noto'g'ri. Turkiya Rossiyaga o'xshaydi hozir, Yevropaga emas. Ichki ishlar vazirligi statistikasiga qarang: Har yili 6000 dan oshiq fuqaro ijtimoiy tarmoqlardagi postlari uchun tergov qilinadi".
Turkiya dunyoda eng ko'p jurnalistni qamaydigan davlatlardan biri.
"Bianet" kabi axborot manbalari nazarida kelajak qorong'i.
“Bu qonun bilan hukumat odamlar yangilikka munosabat bildirishini cheklaydi. Yangilikni bo'lishmang, degan ishora bu. Odamlar axborotdan qo'rqa boshlaydi, hatto uni shaxsiy xatlarda tarqatishdan ham", - deydi jurnalist Hikmat Adal.
Turkiya hukumati esa ijtimoiy tarmoqlarda huquqbuzarlikning oldini olishga bel bog'laganini da'vo qilmoqda. Bunga esa ishonch past: rahbariyat muxolifatning ovozini o'chirmoqchi, deydi faollar va jurnalistlar.
Facebook Forum