Breaking News

Kaliforniya 2035-yildan benzinda harakatlanadigan avtomobillar savdosini taqiqlaydi


Ilon Mask Teslaning "Cybertruck" avtomobili taqdimotida. Kaliforniya shtati, 21-noyabr, 2019.
Ilon Mask Teslaning "Cybertruck" avtomobili taqdimotida. Kaliforniya shtati, 21-noyabr, 2019.

AQShning aholi eng zich yashaydigan shtati Kaliforniya iqlim o’zgarishi tahdidlari fonida yoqilg’i hisobidan harakatlanadigan barcha avtomobillar savdosiga chek qo’yadi.

Kaliforniya shtati ma’muriyati 25-avgust kuni shunday progressiv bayonot bilan chiqdi. Havo sifatini nazorat qiladigan mahalliy idora zaharli chiqindilardan xoli avtomobillarga o’tish tartibini global maydonda eng qat’iy tarzda belgilashga jur’at qildi.

Prezident Jo Bayden Ford kompaniyasining elektromobilini sinab ko'rmoqda
Prezident Jo Bayden Ford kompaniyasining elektromobilini sinab ko'rmoqda

Havo resurslari bo’yicha Kaliforniya kengashi qabul qilgan qarorga ko’ra, 2035-yildan shtatdagi barcha yangi avtomobillar, pikaplar va yo’ltanlamas mashinalar elektr yoki vodorod bilan harakatlanadigan ulovlar bo’lishi shart. Bunday chora AQSh avtomobil bozoridagi muvozanatni ham o’zgartirishi kutilmoqda. Mamlakat bo’yicha avtomobil savdosining 10 foizi aynan aholi eng zich yashaydigan Kaliforniya shtati ulushiga to’g’ri keladi.

Chevrolet Bolt elektromobili
Chevrolet Bolt elektromobili

Bu qadar radikal o’zgarish yasash uchun shtat bo’ylab zaryadlash uskunalari sonini kamida 15 martaga oshirish, energetika tizimini takomillashtirish hamda aholining har qanday daromad bilan ham xarid qilish imkoniyatini beradigan darajada yetarli mashinalar bo’lishi talab etiladi.

Shtatning demokrat gubernatori Gevin Nyusom ikki yil avval tegishli organlarni 2035-yildan yoqilg’ida yuradigan avtomobillarga taqiq o’rnatishga chaqirgan edi. Bu Kaliforniyaning atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishiga qarshi kurash siyosatining uzviy qismi hisoblanadi. Agar reja o’ylanganiday amalga oshsa, 2040-yilga kelib, shtat atmosferaga chiqaradigan zaharli chiqindilar hajmini ikki barobar kamaytiradi.

AQShda ishlab chiqarilayotgan "Fisker Ocean" elektromobili
AQShda ishlab chiqarilayotgan "Fisker Ocean" elektromobili

Mamlakatda boshqa shtatlar ham Kaliforniyaga ergashishi kutilmoqda. Shunday ekan, elektromobil sanoatiga alohida e’tibor qaratiladi.

Vashington va Massachusetts shtatlari Kaliforniyaga ergashishini ma’lum qilib ulgurdi. Nyu-York va Pensilvaniya Kaliforniya belgilagan ekologik choralarning barchasi yoki ayrimlarini joriy qilgan 17 shtat ichida. Bu choralar federal tartib-qoidalardan ancha qat’iy ekani bilan e’tiborga molik.

Iyun oyida Yevropa parlamenti Yevropa Ittifoqining 27 mamlakatida 2035-yildan yoqilg’ida ishlaydigan avtomobillar savdosi taqiqlanishini olqishlagan edi. Shu yildan Kanada ham benzin va dizelga qaram mashinalar savdosini to’liq taqiqlashni rejalamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG