Breaking News

To'qayev tashabbuslari nimani anglatadi?


Qozog'istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev va amaldagi prezident Qosim-Jo'mart To'qayev. 20-mart, 2019.
Qozog'istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev va amaldagi prezident Qosim-Jo'mart To'qayev. 20-mart, 2019.

Qozog’iston navbatdagi navbatdan tashqari prezidentlik sayloviga hozirlik ko’rmoqda.

2019-yilda navbatdan tashqari o’tgan saylov ortidan hokimiyatga kelgan Qosim-Jo’mart To’qayev prezidentlik saylovini yana muddatidan avval, shu yil kuzda o’tkazishga chaqirmoqda.

To’qayev prezidentlikni bitta muddat bilan cheklash, bir shaxsning ikkinchi muddatga nomzod bo’lishini taqiqlash tashabbusini ham ilgari surayapti.

Bir shaxs umrbod, chorak asrlab hokimiyatni bermay kelayotgan Markaziy Osiyo, xususan, Shavkat Mirziyoyevning uchinchi muddatiga hozirlanayotgan O’zbekiston manzarasida, To’qayevning taklifi inqilobiydek tuyuladi.

Ammo sharhlovchilarga tayanilsa, bu bir qarashda shunday, aslida, To’qayevning tashabbusi ham hokimiyatni ushlab qolishga qaratilgan siyosiy texnologiyaning bir qismi xolos.

To’qayev parlamentga qilgan murojaatida Qozog’iston prezidenti saylovini muddatidan avval o’tkazishga ehtiyojni shunday izohladi:

“Adolatli Qozog’istonni qurishga qaratilgan keng miqyosdagi islohotlar xalq ishonchi qozonilgan yangi mandatni talab qiladi. Men uchun davlat manfaati har narsadan yuqori. Shuning uchun prezidentlik muddatim qisqarishi hisobiga bo’lsa ham, navbatdan tashqari saylovlarni o’tkazishga tayyorman”.

2019 yilda besh yil muddatga saylangan To’qayev uch yil o’tib muddatidan avval saylov o’tkazish qarorida - faqat bu saylovda prezidentlik muddati 7 yil bo’ladi.

Aslida, To’qayev 2024-yildagi navbatdagi saylovda besh yilik muddatga yoki taklif qilinayotganidek shu yil kuzda yetti yilga saylangan taqdirda ham, o’ziga tegishli prezidentlik muddatidan yutqazmaydi, 10 yillik vakolatni oxirigacha o’taydi.

Qozoq muxolifatchilari prezident To’qayevning murakkab sxemasi, inqilobiy tashabbuslari ortidagi asosiy maqsadni o’z hokimiyatini mustahkamlashda, yetti yil ortidan vaziyat, muddat, konstitutsiya ham yana o’zgarishi ehtimolida ko’rmoqda.

Qozog’istondagi muxolif siyosiy guruhlar allaqachon navbatdan tashqari saylovlarni tan olmaslik haqidagi bayonot bilan ham chiqmoqda.

Bu bayonotlarga ko’ra, prezident tashabbusi muxolifatdagi siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishiga imkoniyat qoldirmaydi. Ularning ayrimlari ro’yxatdan o’tkazilmayapti, ayrimlarining yetakchilari, faollari qamoqda. To’qayev navbatdan tashqari saylov tashabbusini ko’tarishidan avval siyosiy mahbuslarni qamoqdan ozod qilishi kerak.

Qozoq muxolifatchisi Erjan Turg’unboyning “Amerika ovozi”ga aytishicha, To’qayevning tashabbusi navbatdagi siyosiy o’yin. Mamlakatda, qozoq jamoatchiligida muddatidan avval prezidentlik saylovini o’tkazish uchun hech qanday ehtiyoj yo’q:

“To’qayev mamlakatda vaziyat og’irlashib borayotganini juda yaxshi biladi. Hozirgi nisbiy barqarorlikdan foydalanib qolmoqchi. Bu siyosiy o’yin loyihasi Rossiya bilan kelishib olinganiga shubha qilmayman. Qozoq jamoatchiligida norozilik kuchayib bo‘rayapti. Rossiyada vaziyat og’irlashar ekan, bizdagi vaziyatning yanada taranglashishini kutish mumkin. Bu nega saylov muddatidan avval o’tkazilishi sabablaridan biri. Muddat masalasida esa To’qayev hech narsa yutqazmaydi, hatto yetti yilga saylanishi umumiy muddatini bir qadar uzaytiradi ham”, -deydi Turg’unboy.

Prezident To’qayevning katta qiziqish uyg’otgan tashabbusi bir martalik prezidentlik vakolati bilan cheklanish. Bir marta prezidentlik qilgan shaxsning yana prezidentlikka nomzod bo’lishi qonunan taqiqlanishi bilan bog’liq.

Ammo bayonotdan anglashilishicha, bu ayni paytda birinchi muddatida prezidentlik qilayotgan To’qayevning o’ziga tegishli emas. U kutilayotgan saylovlarda ishtirok etmoqchi.

Bundan qat’i nazar, bir martalik prezidentlik muddati ayrim holatlarda hokimiyat meros qoldirilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari uchun muhim tashabbus. Ayniqsa, To’qayev o’z tashabbusini hokimiyat monopollashtirilishiga qarshi chora sifatida taqdim etgani inobatga olinsa.

Ammo tanqidchilarning tashabbus samimiyligiga shubhasi kuchli:

“Bu To’qayevning populizmi, xalqqa yaxshi ko’rinishga, asl muammolardan chalg’itishga qaratilgan siyosiy o’yining bir qismi xolos. U besh yilga saylanadimi, yetti yilgami, baribir qonunda belgilangan o’n yil davomida prezidentlik qiladi.

Lekin asosiy savol - To’qayev yetti yilga bir martalik muddatga saylanganidan keyin nima bo’ladi? Qozog’iston, umuman Markaziy Osiyo tajribasi hokimiyat xohlasa konstitutsiyani, aynan prezidentlik muddatlarini ham istalgancha o’zgartirish mumkinligini ko’rsatayapti. Shunday ekan, men bu tashabbus ortida To’qayevning ma’lum, noma’lum manfaatlaridan boshqa narsa turganini ko’rmayapman”, - deydi Erjan Turg’unboy.

Qosim-Jo’mart To’qayevning muddatidan avval prezidentlik saylovini o’tkazish tashabbusi mamlakat parlamentida muhokamadan o’tishi ortidan amalga oshishi mumkin. Parlament esa prezident tashabbusini qo’llashi, kuzga borib Qozog’istonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovi o’tishi ehtimoli ancha yuqori.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG