5-iyun kuni Qozog'istonda o'tgan referendum natijasida mamlakat bosh qomusining 30 dan ortiq moddasi yangilanadi. Jarayonni G'arbdan kuzatayotgan tahlilchilar qayd etishicha, fuqaro Prezident Qosim-Jo'mart To'qayvening takliflarini 77 foizdan oshiq ovoz bilan ma'qullagani davlat rahbari uchun ulkan yutuq. Endi va'dalar amalga oshirilishi kerak. To'qayev Qozog'istonda tizimni liberallashtirishga so'z bergan.
"Hozirgi murakkab iqtisodiy va geosiyosiy muhitda islohot qilish oson bo'lmaydi", deydi Markaziy Osiyo-Kavkaz instituti asoschisi Fred Starr, bu boradagi onlayn forumga mezbonlik qilar ekan.
Uning shogirdi, yevropalik tadqiqotchi Svante Kornell deydiki, islohotlar dasturi bilan chiqish dunyoning bu qismida yangilik emas.
"Shu paytgacha guvohmizki, reformalarga ichki qarshilik kuchli", - deydi Kornell.
Hali ham sovet tuzumi sarqitlaridan qutula olmayotgan mamlakatlarda davlat idoralarini yangicha ishlashga o'rgatish, xavfsizlik organlarini zolim institutlardan demokratik agentliklarga aylantirish eng mashaqqatli vazifalardir, deydi olim.
"Fred Starr bilan bu haqda oldin ham yozganmiz: xavfsizlik xizmatlari islohotlar yo'lidagi eng katta to'siqlar bo'lib kelgan".
Kornell tahlilicha, dasturlar va yo'l xaritalari qabul qilinishi islohotning oson qismi, ularni amalga oshirish esa amri mahol.
"Inqiloblar orqali o'zgarishlar davriga kirgan Gruziya, Ukraina va Qirg'izistonda ko'zlangan natijalarga to'liq erishilmadi, biz shunday xulosa qilamiz. Demokratik burilishlar inqilobchilar kutgan mevani bermadi", - deydi tadqiqotchi.
"Islohotlar dasturini targ'ib qilayotgan Qozog'iston, Ozarbayjon va O'zbekistonda siyosiy elita inqiloblarga mutlaq qarshi. To'qayevdan eshitganimiz: nazoratsiz liberallashuv davlatchilikka keskin tahdid" .
Kornell kuzatishicha, oddiy odamlar orasida ham bunday o'zgarishlar olqishlanmaydi, chunki ular notinch Suriya va Ukrainaga havas qilmaydi.
O'zbekiston va Ozarbayjonda o'zgarish talabi Qozog'istondagidek kuchli emas, deydi Kornell. Yanvar oyidagi norozilik namoyishlari va zo'ravonliklar omma g'azabda ekani, sabr kosasi to'lganini aks ettirdi. Bu chiqishlar muntazam ravishda ro'y berdi, deya qo'shadi olim.
Hozirda taxtdan tushgan Nursulton Nazarboyev evolyutsion, bosqichma-bosqich o'zgarish yo'lini tanlagan edi va birinchi navbatda iqtisodiy taraqqiyotga erishishni. Ammo 2015-yilga kelib, jamoatchilikning unga ishonchi so'ngani yaqqol sezildi, deydi Kornell. Nazarboyev va'da qilgan farovon Qozog'istonga erishilmadi.
"Qozog'iston rahbarlari iqtisodiy rivojlanish siyosiy o'zgarishlar talab qilishini anglay boshladi, - deydi olim. - To'qayev ham shunday xulosaga kelgan va hozirgi harakatlari uning liberalizatsiya tarafdori ekanini ko'rsatmoqda".
Kornell nazarida konstitutsion sud yaratish, davlat organlari mustaqillgini ta'minlash, xususan parlament rolini kuchaytirish va prezident vakolatlarini kamaytirish - To'qayev olg'a surgan jiddiy reformalar. Shuningdek, deydi u, prezidentni siyosiy partiyalardan uzoqlashtirish va bu partiyalarni shakllantirishni yengillashtirish ham o'ta ahamiyatli qadamlar.
"Qozog'iston yaqin orada parlamentar demokratiyaga aylanadi, deb kutmang. To'qayev bosqichma-bosqich liberalizatsiya yo'lidan bormoqchi. Boshidan o'zi shunday degan, 2019-yildayoq, lekin unga bu bilan shug'ullanish uchun endi imkon berilmoqda. To'qayev hukumat effektiv tizim bo'lishini xohlaydi".
Kelayotgan yilda mamlakatda siyosiy partiyalar ko'payishi kutilmoqda. Ular orasda real muxolifatchilar bo'ladimi yoki hozirgidek "rahbariyatga sodiq" guruhlar bilan cheklanadimi? Mahalliy boshqaruvchilarning mentalitetini qanday o'zgartirasiz? Namoyishlarni bostiradigan, blogerlarga erkinlik bermaydigan rahbarlarga qanday chora ko'rasiz? Hukumatning har bir darajasida o'zgarishlar ro'y berishi kerak va ayniqsa mahalliy hokimiyatlarda, chunki fuqaro davlat bilan o'sha yerda yuzma-yuz.
Kornell deydiki, To'qayev xavfsizlik tizimini isloh qilishi zarurligi oydek ravshan, ammo qanday qilib? Yil boshidagi namoyishlar paytida prezident vaziyat izdan chiqqanida aynan politsiya va xavfsizlik kuchlarini ayblagan.
Yana bir dolzarb sinov - mediaga erkinlik berish.
"Biroq erkin, mustaqil media ishonchli va professional media degani emas. Axborot vositalari davlat nazoratidan chiqarilsa-da, xususiy sektor, oligarxlar va boshqalar qo'lida o'yinchoq bo'lishi mumkin. Hukumat jurnalistlarga erkinlikni bergan holda ularning vijdonli sektor va jamoat tayanchi sifatida maydonga chiqishi uchun nimalar qilishi lozim? Jurnalistikani qanday rag'batlantirasiz? Shular ustida bosh qotirish kerak", - deydi Kornell.
To'qayevdan barqarorlikni ta'minlash, shu bilan birga mamlakatni erkinlashtirish kutilmoqda. O'zbekiston bu nozik jarayonlarni qiziqib kuzatadi, deydi Kornell, chunki islohotlarda qiynalmoqda.
Qozog'istonning KIMEP universiteti professori, shuningdek, Garvard universitetida Markaziy Osiyo dasturini yurituvchi Nargis Kassenova deydiki, referendum shoshilinch tarzda o'tkazildi, fuqaro e'tiboriga havola qilingan masalalar obdan o'rganilmadi, islohotlar rejasi puxta emas.
"Asosiy maqsad - To'qayevni qonuniy lider sifatida tasdiqlatish, xalqqa uni ishonchli prezident qilib ko'rsatish. 2019-yildagi saylov natijalariga shubha bilan qaralgan. To'qayev saylanmagan, Nazarboyev tomonidan tanlangan prezident degan qarash kuchli, - deydi Kassenova. - Shu bois referendumda saylovchilarning aksariyati uning takliflarini quvvatlagani To'qayevga bildirilgan ishonch deb qabul qilinmoqda".
Qozog'iston ahlining ruhiyati ko'tarilgan, odamlar o'zgarishlarga umid bog'lagan, deydi olima.
"Ammo, ko'plar nazarida sistema hamon o'sha-o'sha. U boshqacha ko'rinishga urinmoqda, biroq hali ham avtoritar. Muxolifat yo'q. Demokratik harakatlar juda sust, liberalizatsiyaga yetaklovchi qadamlar sezilmaydi", - deydi Kassenova.
Uning qayd etishicha, Almatida ovoz berish huquqiga ega odamlarning atigi 33 foizi referendumda qatnashgan, Nur-Sultonda esa 57 foizi. Mamlakat bo'ylab ishtirok 68 foizda bo'lgan.
Jarayonlarga ehtiyotkorona optimizm bilan qarayotganlar ham talay, deydi Kassenova. U o'zini o'sha guruhda ko'radi. Qozog'iston o'zgarish zarurligini bugun har doimgidan ham chuqurroq tushunadi, talabchanlik ham shunga yarasha, deydi u. Fuqaro mo'jiza kutmayapti, oldinda qiyin davr, biroq rahbariyatning irodasi yetsa, uni yaxshiroq kunlarga yetaklay olishiga ishonadi.
"Oldingi prezident davrida xalqdan o'marilgan boylikka nima bo'ladi? Ular endi yangi qo'llarga o'tadimi yo yangidan taqsimlanadimi? Xalq qanday naf ko'radi? Iqtisodiy-ijtimoiy adolat ta'minlana boshlaydimi? Omma shularni so'ramoqda", - deydi ekspert.
Mana shu savollarga javoblar, deydi u, To'qayevning islohotlar va'dasi qanchalik rost yoki yolg'on ekanini ochib beradi.
Boshqa ko'plab mutaxassislar ham Qozog'istonda islohotlar bugun tanlov emas, talab va zarurat ekanini eslatadi. Mamlakat haqiqatan ochilayaptimi?
"Real muxolifatga erishish, amaldagi siyosatni savolga tutuvchi, muqobil yechimlar taklif qiluvchi siyosiy taraf shakllanishi ancha vaqt oladi, biroq bu jarayon boshlanishi kerak", - deydi Kassenova.
Professor Fred Starr fikricha, markazlashgan boshqaruvga asoslangan Qozog'istonning bu uslubdan voz kechishi, mahalliy hokimliklar vakolatini kengaytirish va fuqaro jamiyatiga ko'proq yo'l berish bag'oyat og'ir kechadi.
Kassenova taxminicha, markazlashgan boshqaruv joyida qoladi, lekin hokimlarga muayyan imkoniyatlar yaratiladi. Qarorlar Nur-Sultonda qabul qilinadi, amaliyotga ko'proq e'tibor qaratiladi. Fuqaro manfaatlari va dardi naqadar hisobga olinadi, buni vaqt ko'rsatadi, deydi olima.
Kornell ham shu fikrda. "Fuqaro bugun ogohroq, talabchanroq va tanqidiyroq", - deya qo'shadi ekspert.
Viloyat hokimlari prezident tomonidan tanlanadi. Ulardan pastdagi hokimlar esa endi saylanadi.
Starr Rossiyada gubernatorlar tayinlanishiga urg'u beradi. Bu boshqa postsovet mamlakatlariga ham begona emas. Markazlashgan hukumat o'z qudratini shunda ko'radi, sadoqatda va buyruqni bajarishga moslashgan mahalliy rahbarlarda.
Qozog'iston Rossiya soyasida ekan, deydi ekspertlar, Kremlning ichki va tashqi siyosati Nur-Sulton xatti-harakatlariga albatta ta'sir qiladi.
Professor Starr yana bir nozik masalani tilga oladi: Qozog'iston jamiyati bugun qanchalik birdam, hamfikr va o'zaro bog'langan? Viloyatlar markazdan, shimol janubdan uzilib qolgani, shuningdek, olis hududlar Nur-Sultonga dardini yetkaza olmasligi, viloyatlar orasida aloqa zaif ekani aholini norozi qilib kelayotgan omillardir.
Kassenova kuzatishicha, bu borada oz bo'lsa-da progress bor. Fuqarolar siyosiy jarayonlardan chetda qolmaslikka harakat qilmoqda, hukumat buning uchun sharoit yaratib berishi zarur, degan qarash keng.
Kornell nazarida Rossiya va Xitoy, umuman olganda, Qozog'iston liberallashishini xohlamaydi. Kassenova deydiki, ularga uncha farqi yo'q, agar Nur-Sulton bu ikki yirik qo'shni manfaatlariga zid qadamlar tashlamasa. Moskva va Pekinni referendumlar xavotirga solmaydi, deydi u.
Kreml atrofidagi davlatlarda siyosiy burilishlarga tahdid sifatida qaraydi, deydi Kornell. Ularga yaqin odamlar hokimiyatda bo'lishini istaydi, kutilmagan qadamlar tashlanishidan qo'rqadi.
G'arb, xususan, AQSh qanday yordam bera oladi? Ekspertlar deydiki, Vashington yetarlicha ko'mak taklif qilmayapti. Kassenova fikricha, G'arb madadini past baholamaslik kerak, chunki ularning ta'siri bor, raqamli texnologiyaga o'tishdan tortib, siyosiy-iqtisodiy mentalitetni o'zgartirishgacha.
Facebook Forum