Qozog’istonda yil boshida xalqning namoyishga chiqishi, keyinchalik u tartibsizliklarga aylanganini AQShda yashaydigan qozog’istonlik faollar xavotir bilan kuzatishdi. Xalqning namoyishlari va bunga davlat hamda hukumatning munosabatidan qanday xulosalar chiqarilishi kerak? Bu boradagi fikr-mulohazalarini “Amerika Ovozi” bilan Qo’shma Shtatlarda yashaydigan siyosiy qochqin, qozog’istonlik taniqli jurnalist Bekjan Idrisov bo’lishdi.
“Men Bekjan Idrisov, qozog’istonlik jurnalistman. Qozog’istonda so’nggi yillarda “Radiotochka” mediaportalida bosh muharrir bo’lib ishlab kelganman. Ungacha “31-kanal”da axborot va tahliliy dasturlar ustida ishlaganman. “Shaxsiy fikr” tok-shousiga boshlovchilik va prodyuserlik qilganman. 2016-yildan buyon Nyu-Yorkda yashayman. Tergov va xavfsizlik idoralari ta’qibi va qamoqqa olish haqidagi po’pisalari sabab Qo’shma Shtatlarga qochib kelganman.
Amerikadagi qozog’istonliklar yanvar oyi Qozog’istonda yuz bergan voqealar haqida turlicha qarashga ega. Bir qism odamlar u yerda nihoyat xalq uyg’ondi va mamlakatda endi nimalardir o’zgarishiga ishonmoqda. Menimcha, odamlarimizning bir qismi uyg’ongan. Hammasi emas. Bu yerdagi qozog’istonliklarning qolgan qismi aslida nimalar bo’layotganini juda yaxshi tushunib turibdilar. Nyu-York va boshqa qator shtatlarda yashaydigan mening do’stlarim bo’lib o’tgan voqealar yuzasidan yakdil - biz saroy to’ntarishi yoki shunga urinishga guvoh bo’lib turibmiz. Undan ortig’iga emas, aslo. Afsuski, buning ortidan Qozog’iston fuqarolari uchun konseptual va prinsipal hech narsa o’zgarmaydi. Ayni damda chiqarish mumkin bo’lgan yagona xulosa shuki, odamlar davlatga ishonishni bas qilishlari va o’z kuchlariga tayanishga o’tishlari kerak. Aholi o’zini-o’zi mustaqil idora qilishni o’rganishi zarur.
Qozog’istonda so’z erkinligi bo’lmagan va hamon yo’q. Men Qozog’istondagi medianing ahvolini tahlil qilar ekanman, shunday xulosaga kelyapman, To’qayevning “Endi yaxshi yashashni boshlaymiz” deya ishontirishlariga qaramasdan, yanvar voqealaridan keyin ham mamlakatda media sohasida hech narsa o’zgarmadi. [Qozog’istondagi] medialarning egalari hamon o’zgarmagan. O’sha voqealar kechayotgan damlarda mamlakatda ayni vaqtda nimalar yuz berayotgani va voqealar aynan qanday rivoj topishiga aloqador birinchi jiddiy prognozlar dastlab “Zakon.kz”da paydo bo’ldi. Bu media Nursulton Nazarboyevning to’ng’ich qizi Darig’a Nazarboyevaga tegishli. “Zalon.kz”da chiqqan xabar g’alati edi. U yerda “Ertaga Qosimjo’mart To’qayev hukumatni iste’foga chiqaradi” deb yozilgandi. Ammo xabarda ma’lumotning aniq manbalari keltirilmagan. Bu esa jurnalistika tamoyillariga tamoman zid. Men “Zakon.kz” muharrirlari va xodimlari bu ko’rinishdagi xabar e’lon qilinishi mumkin emasligini bilmaydigan darajada nodon yoki go’l deb hisoblamayman. Jurnalistika mezonlarini ular mendan yaxshiroq biladilar. Shunga qaramasdan, ular shunaqa materialni e’lon qildilar. Bu kabi xabar media egasining bosimi bilangina e’lon qilinishini yaxshi bilamiz. Bu holda sahna ortida aniq nimalar bo’layotganini bilgan manba medianing aynan egasi, Darig’a Nazarboyeva bo’lgan ko’rinadi. Bundan men shunday xulosaga kelyapmanki, agarda u o’zi bu ishlarda ishtirok etmayotgan bo’lsa-da, lekin aslida nimalar bo’layotganini yaxshi bilgan. Bu ishlarda u asosiy odam bo’lmagandir, balki.
Nazarboyev oilasining boshqa a’zolari taqdiriga ham boqadigan bo’lsak, ushbu voqealardan keyin uning jiyanlari ham talafot ko’rmagan. Keyinroq biz Nazarboyevning o’zini ham ko’rdik va endi u nafaqaxo’rman deb chiqdi. Savollar bo’lsa To’qayevga berilsin, menga emas deb sha’ma qildi. Bu shuni anglatadiki, hukumat tizgini hamon Nazarboyev klani qo’lida. Bu hol mamlakatdagi so’z erkinligi ahvolida aks etadi, albatta. Butun mediabozori Nazarboyev oilasi tomonidan monopollashtirib olingan.
Shaxsan men Qozog’iztonda bo’lgan voqealardan bitta xulosaga kelyapman. Odamlar bir-birlari, qo’ni-qo’shnilari bilan birlashishga, hamkorlik qilishga o’rganishlari kerak. Ular o’z maqsadlarini aniqlashtirishni, o’zlarini-o’zi idora qilishni o’rganishlari zarur. Bu galgi voqealarda davlat hokimiyati nafaqat o’z yuzini ko’rsatdi, balki odamlar hokimiyat qarshisida qanchalik kuchsiz ekanliklarini ham ochiqladi”.
Facebook Forum