Amerika Qo'shma Shtatlari 80 000 ga yaqin afg'onistonlik qochoqni qabul qilishi ortidan ularga xizmat ko’rsatuvchi davlat idoralarida xodimlar va resurslar yetishmasligi kuzatildi.
AQSh Davlat departamenti gumanitar tashkilotlar bilan hamkorlik qilib, bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida oddiy amerikaliklarga murojaat bilan chiqdi. Natijada mahalliy aholi vakillari, diniy guruhlar va ko’plab nodavlat tashkilotlar ko’ngilli sifatida afg’onlarga yordam berishga shoshildi.
Ijaraga uy topishda, bolalarni maktabga joylashtirishda, bank hisoblarini ochishda amerikaliklar yangi kelganlarga ko’makchi bo’lmoqda.
O'tgan yili AQSh qo'shinlari Kobuldan chiqib ketganidan beri ko’ngilli amerikaliklardan iborat Homiylik doirasi dasturi 600 dan ortiq afg'onga Amerikada yangi hayot boshlashga yordam berdi. Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi ortidan ukrainaliklar uchun ham xuddi shunday xayriya harakati boshlandi.
Bayden ma'muriyati muvaffaqiyatli kechgan bu eksperimentni qochqinlarni qabul qilish dasturining doimiy bir qismiga aylantirish niyatida. Shu maqsadda Oq uy homiy tashkilotlarga 2022-yil oxirigacha test rejimidagi ushbu dasturga qo’shilish taklifi bilan chiqdi.
Sobiq prezident Donald Trump davrida qochqinlarni qabul qilish keskin kamayib, ularga xizmat ko’rsatuvchi davlat dasturlari ham qisqartirilgan edi.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, xususiy homiylik modeli Amerikada qochqinlarni joylashtirish usulini o'zgartirishi va Oq uyga kim saylanishidan qat'i nazar, dasturlar doim davom etishini ta'minlashi mumkin.
“Menimcha, hozirda butun dunyo boʻylab va Amerikada ham inqilobiy holat sodir bo’lmoqda. Oddiy aholi “Biz qochqinlarni qabul qilamiz”, deyapti”, - deydi “RefugePoint” tashkiloti asoschisi va bosh direktori Sasha Chanoff.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo'yicha Oliy Komissarligi ma'lumotiga ko'ra, bu yil o'z uyini tashlab chiqishga majbur bo'lganlar soni 100 milliondan oshgan.
Tajriba dasturi afg'onlarni ko'chirishni tezlashtirish uchun favqulodda chora sifatida ishlab chiqilgan.
Ushbu dastur asosida AQShga kelishi uchun hujjatlari tasdiqlangan xorijdagi qochoqlar oddiy amerikaliklar bilan bog’lab qo’yiladi.
Chanoffning so'zlariga ko'ra, yangi model AQSh hukumatining qochqinlar bo'yicha an'anaviy dasturiga qo'shimcha bo'lishi kerak.
Prezident Bayden 30-sentabrda yakunlanadigan byudjet yili uchun 125 000 ta muhojir qabul qilinishini e’lon qilgan edi. Lekin bugungacha ularning atigi 15 foizi qabul qilingan. Qochoqlar bilan ishlovchi idoralarda xodimlarning yetishmasligi, ko’rilmagan hujjat ishlarining to’planib qolishi bunga sabab ekani aytiladi.
Gumanitar shartlar asosida qabul qilingan taxminan 180 000 afg'on va ukrainaliklar bu raqamga kirmaydi.
Afg‘onlar uchun Homiylik doirasi dasturida qatnashishni xohlaganlar, avvalo, tekshiruv va treningdan o‘tib, uch oylik reja tayyorlaydi. Har bir guruh qabul qilinadigan bitta muhojir uchun kamida 2275 AQSh dollari to'plashi kerak. Chunki AQSh hukumati har bir qochqin uchun agentliklarga shuncha miqdorda mablag' ajratadi.
Oilasi bilan Kobuldan kelgan Muhammad Valizodaning aytishicha, uning oilasi Nyu-Xempshirdagi homiylik doirasi yordamida 7000 ga yaqin aholi istiqomat qiladigan Epping shahridagi mebelli uyga ko'chib o'tgan.
Uning so'zlariga ko'ra, homiylik doirasi oilasiga 10 oylik ijara haqi va mashina bergan va har kuni kimdir u, xotini va olti farzandining holidan xabar olib turadi.
Nyu-Xempshir jamoasida Valizoda kabi odamlarga yordam berayotgan 60 dan ortiq ko’ngilli bor.
“Hozir bu yerda o‘zimni juda ko‘p oilam bordek his qilyapman”, - deydi Valizoda.
Ekspertlarga ko’ra, oddiy amerikaliklar qochqinlarni joylashtirishga doim yordam berib kelgan. Ammo 1980-yilgi Qochqinlar to‘g‘risidagi qonun asosida rasmiy dastur yaratilgandan beri xayriya yordamlari kamaygan.
Bayden ma’muriyati shunga o’xshash dasturni ukrainaliklar uchun ham joriy qildi.
Yuzlab amerikaliklar ukrainaliklarni qabul qiluvchi guruhlar tuzdi. Qochqinlarni joylashtirish bo'yicha rasmiy dasturga hech qachon ruxsat bermagan yagona shtat – Vayomingda ham ko’ngillilar guruhlari ochildi. Shu kungacha minglab ukrainaliklarga shu dastur asosida yordam ko’rsatilmoqda.
Facebook Forum