O’tgan yili avgustda Kobul Tolibon qo’liga o’tishi jarayonida Mirzay oilasi ikkiga bo’linib qoldi. Ular yana birga bo’lish ilinji bilan yashamoqda.
Xodim Mirzay 8 oylik qizini faqat telefonida ko'radi.
Farzandi o’tgan yili avgustda Tolibon Kobulni egallashi ortidan, u Afg’onistonni tark etganidan so’ng tug’ilgan.
“U meni tanimasa kerak”, - deydi ota.
Mirzay mamlakatni ikki qizi - 16 yoshli Zaynab va uch yashar Mayha bilan tark etdi.
Uning singillari Kobul hukumatida ishlagani bois xavfsizlik yuzasidan shunday qilishga majbur bo’ldi.
Rafiqasi Fotima Mirzay o’sha payt homilador edi. Safar qila olmasligi bois uni 14 yashar o’g’li Muhammad bilan birga Afg’onistonda qoldirdi.
“Ayolim sakkiz oylik og’iroyoq edi. Safar qilish qiyin bo’lgani uchun va yolg’iz qolmasin deb uni o’g’lim bilan qoldirdim”, - deydi Mirzay.
Zaynab va Mayha onasi bilan internet orqali muloqot qiladi. Afg’onistonda internet aloqasi yaxshi bo’lgan paytda.
“Har safar telefonda gaplashsam Mayha qizim onasiga nega uyimizga kelmayapsiz, sizni sog’indim, keling, deb aytadi”, - deydi Xodim Mirzay.
Mirzay Afg’onistonda qurilish sohasida ishlagan. Hozir Zaynab o’qishda bo’lgan payt uyda qizi Mahyaga qarab o’tiribdi.
“Menga ikkala qizing ham voyaga yetmagan, bittasi maktabda, bittasi doim kimningdir qaroviga muhtoj. Unga qaray oladigan odam topgunimizcha, uyda o’zing bo’l, deb aytishdi. Olti-yetti oy o’tdi, hali ham hech kim topilmadi”, - deydi ota.
Mirzayning singlisi yaqin atrofda turadi. Ammo unga ham oson emas; ish va ingliz tilini o’rganishdan ortmayapti.
“Haftada bir marta kela olyapman, xolos. Kenja qizi onaga muhtoj. Bundan ortig’i qo’limdan kelmaydi, chunki o’zimga ham yordam kerak. O’zim ham nima qilishni bilmayapman”, - deydi Amina Mirzay.
Afg’onistonda Mirzayning turmush o’tog’i Tolibon cheklovlari ostida yashashga majbur. Ayollar ishlashi, yuqori sinflarda ta’lim olishi va mahramsiz safar qilishi mumkin emas.
“Mahbusdek uyda o’tiribdi”, - deydi Mirzay.
Zaynab onasi bilan birlashish umidi so’nib borayotganini aytadi.
“Ba’zan onam endi bir-birimizni ko’ra olmasak kerak, deb aytadi”, - deydi Zaynab.
Oilaning bir-biridan ajralganiga bir yil to’lmoqda. Ularning yana qachon birlashishi aniq emas.
Facebook Forum