Breaking News

Afg’oniston o’tgan bir yil ichida: Sarguzashtga boy safar


Tolibondan qo'rqib, Afg'onistonni tark etishga urinayotgan afg'onlar, avgust, 2021
Tolibondan qo'rqib, Afg'onistonni tark etishga urinayotgan afg'onlar, avgust, 2021

2021-yil avgust voqealaridan keyin Afg’onistonni tark etishga uringanlar soni juda ko’p edi. Lekin qochib qayerga borishni bilmaydiganlar ham kam emas. Qonuniy yo’llar yopiq, qochoq yo’llar xavfli.

Bugun sizga Afg’onistondan AQShga sarguzashtga boy safarim haqida hikoya qilib beraman.

2016-yildan beri ”Amerika Ovozi”da Afg’oniston shimolidagi voqealarni yoritib kelaman. Xolislik, betaraflik - vazifamizning asosiy talabi. Kimgadir yoqadi, kimgadir yoqmaydi. Tolibonga haqiqatni yoritish og’ir botsa kerak. Chunki mamlakatda xunrezlik uchun mas’ul guruh ham Tolibon.

Boshqa jurnalistlar qatori tez-tez urush jabhalariga borib, vaziyatni yaqindan o’rganar edim. Bu videolar Juzjon viloyatining Shibirg’on shahrida yozilgan. Ba’zida otishmalarga 600-700 metr yaqinlashardik. Tepamizdan o’q shuvillab o’tadi. Janglar hamon etayotgan palla.

Afg'onistondan AQShga: Muxbir va uning oilasi hikoyasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:58 0:00

Ko’p o’tmay shaharlar tez-tez toliblar nazoratiga o’tib, poytaxt ham boy berildi.

15-avgust kuni Tolibon hukumati boshqaruvni qo’lga oldi, lekin AQSh harbiylari 31-avgustda Kobulni tark etishi kerak, kelishuv shunday. Hamkorlarini tinch yo’l bilan evakuatsiya qilishi zarur. “Amerika Ovozi” muxbiri o’laroq ushbu dargohda ishlayotgan jurnalistlar ham hamkorlar qatorida ekan. Men, ayolim va ikki farzandim 27-avgust kuni Kobulga yetib keldik.

Shibirg’ondan Kobulgacha 10-12 soatlik yo’l, har joyda tekshiruv ketayapti. Kobul mehmonxonalari mamlakatni tark etish uchun viloyatlardan kelgan odamlar bilan to’la. Bir-ikki kun yashasa bo’ladigan ijaraga joy topdik. Bir hafta turdik. Yana Shibirg’onga qaytishimiz kerak. Chunki AQSh harbiylari 30-avgust kuni mamlakatni tark etdi. Umid uzildi.

12 soat yo’l yurib, Shibirg’onga qaytayapmiz. Soch-shoqol o’sib, parishonlik va ruhiy hordiq hammaning ko’rinishiga salbiy ta’sir qilgan. Nimalar bo’layotganidan bexabar farzandlarimiz uchun jilmayishga majburmiz.

Sentabr oyining ikkinchi haftasida Afg’onistondan Eron va Pokistonga parvozlar boshlandi. Yana poytaxtga qaytishimiz kerak. 23-sentabr kuni yetib keldik. Ikki kun Kobulda qoldik. Do’konlar qayta ochilmoqda, hayot davom etayapti. 2021-yil 24-avgust kuni Pokiston vizasini olib, Islomobodga safarga tayyorlanayapmiz. Lekin undan oldin laziz taomlar tayyorlayotgan restoranlardan biriga kirib, tanovul qildik. Aslida shu kecha-kunduzlarda shaharda bunday sokin joyni topish oson emas.

Afg'oniston, avgust, 2021
Afg'oniston, avgust, 2021

Ertalab soat 4 da aerport tomon otlandik. Uzun navbatlarda turib, turli tekshiruvlardan o’tib, tushdan keyin soat birda samolyotimiz Islomobod tomon uchdi. Ona vatanni nochor tark etish kerak, yana ko’rishguncha Afg’oniston!

Islomobod aeroporti… “Amerika Ovozi” tomonidan band qilingan mehmonxonaga yo’l olayapmiz. Pokiston poytaxtidagi ushbu mehmonxonada bir hafta qoldik. Dam olayapmiz, lekin Tolibon hokimiyati ostida bir yarim oy yashab, ruhan charchagan odam uchun bu joylar boshqa dunyodek tuyuladi. Bir hafta mobaynida Islomobod bozorlarini aylanib, dam olish joylariga bosh urdik. Islomobod yaqinidagi Ayubiya deb ataluvchi dam olish hududiga bordik.

Keyingi manzilimiz haqida rasmiylarga quloq tutayapmiz.

Nihoyat 2-oktabr kuni keyingi manzil Qatar ekani aniqlandi. Mehmonxonani tark etib, Islomobod aeroporti tomon yo’l oldik. AQSh elchixonasi xodimlari kutib olishdi. Maxsus parvoz bilan Qatarga uchdik. Harbiy bazadagi lagerga joylashib oldik. Kuz fasli ekaniga qaramay juda issiq. Cho’l-biyobonda qurilgan shaharga o’xshaydi. Lekin lagerda sharoit yomon emas, 3-4 hafta chidasa bo’ladi.

Bolalar uchun maxsus dasturlar yo’lga qo’yilgan. Qochqinlarga tibbiy, ijtimoiy xizmatlar ko’rsatilmoqda.

Ushbu lagerda yashayotganlar ba’zi vaksinalarni olib, xavfsizlik tekshiruvidan o’tishi kerak. Bu jarayon kamida 3 hafta davom etadi. AQSh uchun xavfsiz deb topilganlarga viza beriladi. Ular Qo’shma Shtatlarga yo’l oladi. Biz uch haftadan keyin AQShga olib kelindik.

Nyu-Jersi shtatidagi lagerdamiz. AQShdagi hayotimiz 2021-yilning 29-oktabridan boshlandi. Minglab afg’onistonliklar olib kelingan, turli qatlam vakillari. Davlat rasmiylari, harbiylar, ziyolilar va hatto evakuatsiya jarayonida omadi chopgan oddiy odamlar. Hammaga bir xil xizmat ko’rsatilmoqda, hammaga bir ko’z bilan qaralmoqda.

Bolalar uchun har narsa sarguzasht
Bolalar uchun har narsa sarguzasht

AQSh lagerlarida yashayotganlar turli shtatlarga taqsimlanmoqda. Bu ishni rasmiy idoralar hal qilyapti. Bizning manzilimiz - Minnesota shtati.

Dunyoning bu burchagida hayotni qaytadan boshlash kerak. Tiliyam boshqacha, odamlari, madaniyati va muomalasi ham. Taassurotlar ijobiy. O’n minlab qochqinlar olib kelinganiga qaramay hammaga yetarlicha yordam berilmoqda. Amerikaliklar yordamni ayamayapti. Yangi qo’shnilarni bag’rikenglik bilan kutib olishmoqda.

Yangi kelgan qochqinlarga uy-joy, oziq-ovqat va tibbiy yordam berilib, ish bilan ta’minlanmoqda. Davlat yordamlari uzoq muddatga mo’ljallangan. Oilalar o’z oyog’iga turib olguncha yordam davom etadi.

Kelgan barcha qochqinlar zudlik bilan yangi hayotga moslashib, o’z oyog’iga turib oladi degan umiddamiz.

Hammaga omad!

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG