Tolibon hukumati tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiya, 20 dan ortiq davlatlardan rasmiylar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida Toshkentda o’tgan Afg’onistonga doir xalqaro konferensiya bir tomonlama, O’zbekiston hukumati bayonoti bilan yakunlandi.
O’zbekiston mazkur anjumanni siyosiy bayonotlardan xoli, Afg’oniston barqarorligi, rivojlanishi bo’yicha aniq masalalar muhokama qilingan dastlabki siyosiy muzokara sifatida baholamoqda.
Ta’kidlanishicha, ishtirokchi tomonlar Afg’onistonning mustaqilligi, hududiy yaxlitligini hurmat qilishini, tinchlikparvar, terrorizmdan xoli davlat sifatida rivojlanishini yoqlashlarini bildirgan.
Tolibon hukumati vakillari va boshqa ishtirokchilar ham O’zbekiston tomonida taqdim qilgan loyihalar, jumladan, transafg’on logistika rejasini ahamiyatli deb baholagan.
Afg’oniston delegatsiyasi rahbari Amirxon Mutaqqiy Tolibon barcha terrorchi guruhlar bilan aloqani uzganiga doir bayonot bilan chiqdi. Mutaqqiy inson haqlari buzilishiga doir mavjud xavotirlar jiddiy o’rganilayotganini ham bildirgan.
Konferensiya ishtirokchilari, shuningdek, Afg’onistonning xorijdagi mablag‘lariga qo’yilgan cheklovlar olinishi muhimligini ta’kidlagan.
O’zbekiston hukumatining Afg’oniston konferensiyasi bo’yicha xulosasida Tolibon hukumatini tan olish masalasi ko’tarilmagan, ammo konferensiya doirasidagi ayrim bayonotlarda xalqaro jamoatchilikka Tolibon hukumatini e’tirof etish zarurligiga doir ishoralar yo’llangandek taassurot beradi.
O’zbekiston tashqi ishlar vazirligining sobiq rahbari, ayni paytda mamlakat prezidentining tashqi siyosiy masalalar bo’yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilovning matbuotga bildirishicha, konferensiyada Tolibonni tan olish masalasi ko’tarilmagan, ammo ijobiy o’zgarishlar mavjud; bu “tan olish masalasidagi yo’lning bir qismidir”.
Ammo sharhlovchilar konferensiya doirasidagi bu ishoralarning inobatga olinishini haqiqatdan uzoq baholamoqda.
Siyosatshunos Farhod Tolipovga ko’ra, O’zbekiston xalqaro miqyosda taqdim qilishga urinayotgan Afg’oniston bo’yicha davomli konferensiyalar o’z ahamiyatini yo’qotib bormoqda.
“Bilmadim, bu nechanchi konferensiya, davomli bir an’anaga aylandi, shekilli. Lekin vaziyatda, muhokamalarda o’sha gaplar. Tolibon tasarrufidagi Afg’onistonda inson haqlariga doir vaziyat borgan sari og’irlashayotganini xalqaro jamoatchilik ko’rib turibdi. O’zbekiston ko’tarayotgan tashabbus - transafg’on yo’li ham ham avvalgi, o’tgan asrning 90-yillaridan buyon muhokamada. Albatta, uning aktualligi tushmagan, ammo bu loyihaning amalga oshishi hamon mavhum. Chunki Tolibon Afg’onistondagi vaziyat ustidan mutlaq nazorat o’rnata olgani yo’q. Aksincha, so’ngi vaziyatga ko’ra, Afg’onistonda turli jangari guruhlar yana faollashmoqda; bu yirik loyihalar boshlash uchun kafolat bermaydi”, - deydi Farhod Tolipov.
O’zbekiston tomoni avgust oyida “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshavor” temiryo’l qurilishini baholash ishlari o’tishini ma’lum qilgan. Qurilish ishlari xavfsizligiga, asosan, Afg’oniston tomoni, Tolibon javob berishi, O’zbekiston va Pokistondan mutaxassislar jalb qilinishi bildirilgan.
O’zbekistonning Tolibon hukumatini rasman tan olmasligi toliblar bilan muzokara o’tkazish, bitimlar imzolanishiga to’siq emas, har holda qurilishi besh yil vaqt olishi taxmin qilinayotgan o’ta yirik loyihaning toliblar kafolati ostida boshlanayotgani shundan darak beradi.
Farhod Tolipovga ko’ra, O’zbekiston hukumatining intilishlaridan qat’i nazar, Tolibon o‘zgarish niyatida emas.
“Bu yaxshi niyatlardan qat’i nazar, Afg’onistonda obyektiv voqelik bor. Tolibon hali qonuniy hukumat sifatida tan olinmadi, O’zbekiston hukumati tan olinishini istar, konferensiyalar vositasida xalqaro jamoatchilikka shunday ishoralar berilmoqda. Lekin Tolibonning qonuniyligini tan olish global masala, xalqaro jamoatchilik tomonidan qo’yilgan aniq shartlar bor. Bu O’zbekiston ishorasiga emas, Tolibonning inson huquqlari, jumladan, ayollar huquqlarini qanchalik ta’minlashiga va nihoyat aytilganidek, barcha siyosiy, etnik guruhlar jalb qilingan ittifoqchi hukumat shakllanishiga bog’liq. Mening nazarimda so’nggi vaqtda Afg’onistonda taqiqlar yanada kuchaydi, ayniqsa ayollarga nisbatan; toliblarga bo’ysunmayotgan guruhlar esa ko’paymoqda. Bunday vaziyatda xalqaro jamoatchilik Toshkentning ishoralarini inobatga olishi haqida gapirish o’rinsiz, haqiqatdan uzoq”, - degan fikrda Farhod Tolipov.
25-26-iyul kunlari Afg’oniston bo’yicha Toshkentda o’tgan konferensiyada Tolbon hukumatida tashqi ishlar vazir lavozimini bajaruvchi Amirxon Mutaqqiy boshliq delegatsiya, shuningdek, 20 dan ortiq davlatlardan rasmiylar qatnashdi.
Konferensiyadan asosiy maqsad Afg’onistonga xalqaro yordam ko’rsatishni muvofiqlashtirish ekanligi aytilgan.
Facebook Forum