Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining IV Maslahat uchrashuvida mintaqa yetakchilari diqqatini Afg‘onistondan kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarga qaratishga urindi.
"Mintaqa davlatlari vaziyatni diqqat bilan muntazam kuzatib borishi kerak"ligini ta’kidlab, "Afg‘onistondagi voqealar, nafaqat Markaziy Osiyoga, balki butun Yevrosiyo mintaqasiga tahdid solishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
"Afg‘oniston muammosi bizning doimiy diqqatimiz markazida turishi kerak. Afg‘onistondagi voqealar nafaqat Markaziy Osiyoga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, balki butun Yevroosiyo kontinentida geopolitik kuchlar muvozanatining o‘zgarishiga olib kelishi mumkin", – dedi Tojikiston prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining IV Maslahat uchrashuvida.
Afg‘onistonda Tolibon harakati hokimiyatni egallab olganiga qariyb bir yil to‘lar ekan, Tojikiston prezidenti ularni muvaffaqiyat qozona olmaganini ta’kidladi. Tojikiston yetakchisining fikricha, o‘tgan vaqt ichida toliblar jahon hamjamiyatini va Afg‘oniston aholisini o‘z hokimiyatining qonuniyligi, mamlakatdagi vaziyatni nazorat qilish hamda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish qobiliyatiga ishontirish bo‘yicha choralar ko‘rmagan.
"Aksincha, va’da va kafolatlarga zid ravishda Tolibon barcha siyosiy va etnik kuchlarning keng ishtirokida hukumat o‘rnatilishiga har tomonlama to‘sqinlik qilmoqda”, - deya ta’kidladi Emomali Rahmon.
Ammo Afg‘oniston hududidan O‘zbekiston va Tojikistonga raketalar otilganidan so‘ng toliblar bu hujum aybdorlarini qo‘lga olib, jazolashi ortidan siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov o‘z “Feysbuk” sahifasida Tolibon mas’uliyatni o‘z zimmasiga olayotganiga e’tibor qaratdi.
“Toliblar Toshkentga kelib, muzokaralar o‘tkazib, qaytishi bilan Afg‘oniston tomonidan O‘zbekiston hududiga beshta snaryadsiz raketalar otilgandi. Toliblar “biz aybdorlarni topamiz va qattiq jazolaymiz” deyishi vaziyatni yumshatgandi. Bugun esa toliblar “hujumlarni uyushtirgan guruh vakillarini” qo‘lgan olganligini, jazolashini bildiribdi. Bu yaxshi yangilik. Bu bilan Tolibon harakati “biz bunday fikrlamaymiz, biz bunday qilmaymiz – biz mas’uliyatli qo‘shni bo‘lish niyatidamiz!” – demoqda. Raketalarni aslida kim otganligi ham muhim. Lekin, undan muhimi, Tolibon harakati kollektiv mas’uliyatni o‘ziga olmadi, o‘zidan soqit qildi va o‘zining ichidagi radikal qanotga “biz bunaqa ahmoqona yo‘l tutmaymiz” degan pozitsiyani singdirdi”, – deya yozadi siyosatshunos Rabbimov.
Ammo Tojikiston hukumati rasmiy Toshkentdan farqli o‘laroq Tolibonga nisbatan murosasiz pozitsiyasini saqlab qolmoqda. Aksincha, rasmiy Dushanbe Afg‘onistonda toliblarga qarshi kurashayotgan mahalliy tojiklar yetakchiligidagi Milliy qarshilik harakatini qo‘llab-quvvatlashi ham jamoatchilikka ma’lum. Afg‘onistonda etnik tojiklar son jihatidan pushtunlardan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Rasmiy Dushanbe Afg‘onistonda barcha etnik va siyosiy guruhlar vakillari, jumladan, mahalliy tojiklar ishtirokidagi hukumat tashkillashtirilishi tarafdori.
Sherali Rizoyonning fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari ichida biror bir davlat Afg‘onistonga Tojikistondek yaqin emas va bu yaqinlik, faqatgina ikki davlatni bog‘laydigan uzundan-uzoq chegarada emas.
“Afg’oniston va Tojikiston tarixiy ildizlari qo‘shilgan, madaniyati uyg‘un davlatlar. Afg‘oniston aholisining taqriban 46 foizini tojiklar tashkil etadi. Har ikki davlatda ham aholining katta qismi forsiyda so‘zlashadi. Afg‘onistonda forsiy til etnoslararo muloqot tili hamdir. Hazoralar uchun forsiy ona tili. Aynan hazoralar etnik, til va diniy jihatdan pashtunlar yetakchilik qiladigan Tolibonga zid bo‘lgan asosiy kuch hisoblanadi. Afg‘onistonda hokimiyatni toliblar egallab olguniga qadar mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida etnik tojiklar ham muhim o‘rin tutar edi”, - deydi tahlilchi.
Tahlilchi fikricha, rasmiy Dushanbening toliblarga qarshi pozitsiyasi shakllanishida yuqoridagi omillar ham muhim rol o‘ynaydi.
2015-yilda qabul qilingan Tojikistonning amaldagi Tashqi siyosat konsepsiyasida qayd etilishicha, Tojikiston hukumati “Afg‘oniston Islom Respublikasida barqaror tinchlik tezroq tiklanishi tarafdori va bu qo‘shni davlatning osoyishtaligi, xavfsizligi va siyosiy barqarorligi uning milliy manfaatlariga javob beradi”. Shuningdek, Afg‘oniston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik “ikki xalqning tarixiy, til va madaniy mushtarakligiga asoslanishi” ham qayd etilgan.
Siyosatshunos Mahmud G‘iyosov fikricha, Afg‘onistonda hokimiyat toliblar qo‘liga o‘tganidan keyin Tojikiston Tashqi siyosat konsepsiyasi qayta tahrir bilan qabul qilinishi zarurati paydo bo‘ldi.
"Shubhasiz, Konseptsiyaning yangi matnida ham Afg‘onistonning tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalish sifatidagi o‘rni saqlanib qoladi va hatto kengaytiriladi, chunki bugungi kunda bu Tojikiston milliy xavfsizligini ta’minlashda, shu jumladan, Qozog‘istondagi yanvar voqealari va Qoraqalpog‘iston voqealarini hisobga olgan holda alohida ahamiyatga ega va umuman, Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik uchun bu juda muhim", - deydi tahlilchi.
Ayni paytda Tojikiston prezidenti xalqaro minbarlarda Tolibonga nisbatan murosasiz pozitsiyada bo‘lib, ularni katta xatar deya talqin etayotganligidan qat’i nazar, ikki davlat orasida hamkorliklar davom etmoqda. Jumladan, Tojikiston Afg‘onistonga elektr energiyasi sotishi muntazam davom etmoqda. Ilgariroq, Toshkent shahrida "Barqi Tojik" shirkati Afg‘onistonning "Brishno" energetika kompaniyasi bilan 2022-yilda elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha yangi kelishuv imzolagan edi. Ayni paytda, Tojikiston va Afg‘oniston orasida iqtisodiy hamkorliklar ham kengayib bormoqda.
Tolibon Tojikiston bilan asosiy bojxona o‘tkazish punkti bo‘lgan Sherxon Bandar orqali o‘tadigan mahsulot va transport vositalari hajmi avvalgi hokimiyat davridagiga nisbatan 90 foizga oshganini da’vo qilmoqda. Tojikiston tomoni ham bojxona va mahsulot tashishda muammolar yo‘qligini e’tirof etmoqda.
Tojikiston bojxona xizmati ma’lumotlariga ko’ra, Afg‘oniston bilan mahsulot aylanish hajmi 2022-yilning birinchi yarim yilligida o‘tgan yilga nisbatan oshgan. 2022-yilda mahsulot hajmi 40 million AQSh dollariga yetgan bo‘lib, bu 2021-yilning shu davriga, ya’ni Afg‘onistonda hokimiyat Tolibon qo‘liga o‘tgunga qadar bo‘lgan vaqtga nisbatan solishtirganda 6 million dollarga ko‘p.
"Tojikistondan Afg‘onistonga asosan sement, ko‘mir, yana mavsumiy qishloq xo‘jalik mahsulotlari olib o’tiladi. Masalan, muayyan bir payt tuxum ko’p tashiladi", - deydi Tojikiston hukumati qoshidagi bojxona xizmati raisi Xurshed Karimzoda.
Afg‘oniston va Tojikiston orasida iqtisodiy hamkorliklar mo'tadil davom etishiga qaramay, siyosiy sovuqlik va xavfsizlik masalasida keskinlik saqlanib qolmoqda.
"Tojikiston Afg‘onistonga elektr energiyasi sotishda davom etmoqda. Qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari ham eksport qilinmoqda. Tojikiston o‘z hududi orqali Afg‘onistonga xalqaro insonparvarlik yordamlari yetkazilishiga ham sharoit yaratib berdi. Umuman, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi hamkorliklar mo’tadil davom etmoqda. Biroq ikki davlat munosabatlarida xavfsizlik masalasi o‘ta keskin va tushunarsizligicha qolmoqda. O‘zaro ishonchsizlik mavjud. Vaziyat Tojikiston va Tolibon o‘rtasidagi munosabatlarning keyingi rivojlanishini qayta ko‘rib chiqish zarurligidan dalolat beradi", - deydi siyosiy sharhlovchi Irshod Sulaymoniy.
"Albatta, hammasi Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishi va Tolibon hukmronligi muddatiga bog‘liq. Agar Tolibon jahon yetakchi kuchlari bilan til topishsa va xalqaro hamjamiyatning inklyuziv hukumat tuzish haqidagi talablarini qabul qilsa, Tojikiston o‘z pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqishi mumkin. Bunga erishish uchun Tojikiston siyosiy afg‘on guruhlari, xususan, tojiklar va toliblar o‘rtasidagi muzokaralarda asosiy vositachiga aylanishi kerak. Xitoy, Rossiya va O‘zbekiston bilan yaxshi rasmiy va norasmiy munosabatlar orqali Tojikiston Kobulda o‘z mavqeini mustahkamlashga harakat qilishi kerak. Agar u bu yo‘nalishda faolroq bo‘lmasa, kelajakda u o‘zining strategik hamkorlari – Xitoy va Rossiyaning Afg‘onistondagi manfaatlari qurboniga aylanishi mumkin", - deydi tahlilchi.
Facebook Forum