Breaking News

Afg’oniston: Markaziy Osiyoga tahdid muqarrarmi?


Afg’oniston 30 yildan oshibdiki, Markaziy Osiyoning beqaror qo’shnisi maqomida. Bu davr mintaqa uchun ba’zan Afg’oniston xavfining jiddiy kuchayishi, ba’zan esa bir qadar barqarorlashishi bilan kuzatildi.

Mintaqadagi rasmiy uchrashuvlarda - Afg’oniston muhokamasi an’anaviy mavzu. Ikki tomonlama, ko’p tomonlama muzokaralarda bu boradagi xavotirlar muntazam ta’kidlanadi.

Qirg’izistonda kechgan mintaqa sammiti ham bundan istisno bo’lmadi. Ammo tashqi tahdidlarga nisbatan mintaqa pozitsiyasini moslashtirishni maqsad qilgan bu sammitda Afg’oniston bo’yicha qarashlar farqli ekani ko’zga tashlandi.

Ayniqsa Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning Tolibonni keskin tanqidga olgani, mintaqa uchun Afg’oniston tahdidi yanada kuchayishi muqarrarligini bayon qilgani, uning bu bayonoti efirdan uzib qo’yilgani inobatga olinsa.

Bu bayonot Toshkent Afg’oniston bo’yicha uyushtirayotgan navbatdagi xalqaro konferensiya arafasida qilinayotgani, mehmonlar qatorida Tolibon hukumati vakillari ham borligi nazarga olinsa, ancha muhim ko’rinadi.

Aslida Afg’oniston masalasi butun mintaqa emas, ko’proq u bilan hududlari tutash Tojikiston, Turkmaniston va O’zbekiston uchun ayniqsa muhim.

Masala faqat chegaralar tutashligiga emas, balki Afg’onistonda millionlab etnik tojiklar, turkmanlar, o’zbeklar yashashi, umumiy hisobda ular Afg’onistonning yarmidan ko’p aholisini tashkil etishi bilan ham bog’liq.

Shundan kelib chiqilsa, Markaziy Osiyo davlatlarining o’zaro muvofiqlashgan pozitsiyasi Afg’onistondagi siyosiy vaziyatda belgilovchi o’rin tutishi shubhasizdek.

Ammo Afg’oniston bilan aloqalardagi so’nggi davr bunday muvofiqlashish haqiqatdan uzoqligini ko’rsatadi.

Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O’zbekiston Afg’onistondagi etnik millatdoshlardan asosan xavfsizlik maqsadida foydalanib keldi. Milliy, madaniy aloqalarni qo’llab-quvvatlash xavfsizlikka qurbon qilindi. Afg’oniston ichkarisida ham etnik, siyosiy ziddiyatlar kuchaydi.

Toliblarning qayta qudratga kelishi Markaziy Osiyo davlatlarida jiddiy xavotir uyg’otdi. Mamlakat shiddatli tarzda egallanishi nafaqat afg’on hukumati, balki mintaqa uchun xavfsizlik qalqoni sanalgan shimoliy ittifoqning ham tanazzulini ko’rsatdi.

Toshkent Afg’onistondagi yangi siyosiy reallikni tezda qabul qildi, shimoldagi o’zbeklar va milliy huquqlarga doir e’tirozlardan deyarli voz kechdi. U xalqaro miqyosdagi talablarni qo’llayotgan bo’lsa-da, Tolibonni milliy huquqlar toptalishida keskin ayblayotgan Prezident Rahmon darajasida emas.

Tolibon o’rnatgan taqiqlar Afg’onistondagi minglab o’zbek ziyolilarini ishsiz qoldirdi, ayollarni insoniy huquqlardan mahrum qildi.

“Amerika Ovozi” gaplashgan Afg’onistondagi o’zbek ziyolilari sobiq hukumat davrida qo’lga kiritilgan milliy, madaniy, siyosiy huquqlar zudlik bilan yo’qotilgani, o’zbeklar millat sifatida yana tubanga uloqtirilgani, faqat diniy qarashlargagina yo’l ochilayotgani, O’zbekiston hukumati buni sukut bilan kuzatayotganini ta’kidlashadi.

Prezident Rahmonning qarashlariga tayanilsa, Tolibon boshqaruvidagi Afg’onistonda mintaqa uchun ekstremist, radikal g’oyalarga asoslangan yangi tahdid yuzaga chiqmoqda. Bu tahdid tashqi kuchlar yordamida mintaqaga xavf solishi muqarrar. Tolibon zudlik bilan xalqaro shartlarni bajarishi, mamlakatda barcha etnik millatlarga o’rin berilgan yangi hukumat shakllanishi kerak.

Agar yaqinda Afg’onistondan otilgan raketa zarbalari nafaqat O’zbekiston, balki Tojikiston hududidga ham tushgani, IShIDga aloqador turli radikal guruhlar mintaqa hukumatlariga tahdid bilan chiqayotgani inobatga olinsa, bu ta’kidlar asossiz emasdek.

Afg’onistondagi radikal guruhlar haqida maqola e’lon qilgan Eurasianet.org nashri tahdidga o’tayotgan ekstremistlar kelib chiqishi mintaqadan ekanligiga diqqat qaratadi.

Diniy faol Muhammadsolih Abutov Afg’onistonda radikal guruhlar, xususan, Markaziy Osiyoga tahdid solishi mumkin bo’lgan guruhlar jonlanayotganiga shubha bilan qaraydi.

“Bu nafaqat Toshkent va Tolibon o’rtasidagi iliq munosabatlarga, yashrin muzokaralarga, balki toliblarning boshqa bir ekstremist guruhlarga toqatsizligi bilan ham bog’liq”, - deydi u.

Toshkent toliblar bilan munosabatda milliy, madaniy huquqlarni e’tibordan chetlatganiga qaramasdan, bu muammo Tolibonning o’zini chetlayotgani yo’q. Matbuot so’nggi paytda toliblar o’rtasida aynan milliy kelib chiqishga doir ziddiyatlar kuzatilayotgani haqida xabar beradi.

Bir yillar muqaddam Afg’onistonda hokimiyatni shiddat bilan egallagan Tolibon hamon ekstremistik guruhlar ro’yxatida. Muvaqqat hukumat vakillari muzokaralar, tadbirlarga taklif qilayotganiga qaramasdan toliblar boshqaruvi ostida Afg’onistonda diniy, milliy, insoniy haqlar ta’minlangan davlat shakllanishiga ishonch past.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG