Prezident Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkilotining (ShHT) Dushanbedagi sammitida Afg’oniston bo’yicha, xususan Tolibon hukumati haqida ancha umidli fikrlar bildirgan. Jumladan, Afg’onistonning xalqaro banklardagi hisoblarini taqiqdan chiqarish, Tolibon hukumati va ShHT o’rtasida yuqori darajadagi doimiy uchrashuvlar tashkil etish haqida.
Mirziyoyev bunday uchrashuvning birinchisini O’zbekiston qabul qilishga tayyorligini ham ma’lum qilgan.
Toliblar nazorati ostidagi Afg’onistonga nisbatan munosabat nafaqat ShHT doirasida, balki Markaziy Osiyoning o’zida ham keskin farq qilishi inobatga olinsa, Mirziyoyevning bu bayonoti xalqaro maydonda Tolibon hukumatining ochiq himoyasidek ham ko’rinadi.
Mahalliy sharhlovchilar Mirziyoyevning tashabbusida Toshkent tomonidan toliblarga ko’rsatilayotgan navbatdagi mulozamatni ko’rishmoqda.
Mustaqil jurnalist, huquq himoyachisi Yusuf Ro’zimurodov ShHT sammitida ma’ruza qilgan Prezident Mirziyoyev Afg’oniston hisob-raqamlarini taqiqdan chiqarishni, toliblarni yuqori darajadagi uchrashuv uchun yana O’zbekistonga taklif qilayotganidan taajjubda.
“Tolibon xalqaro jamoatchilik talabini inkor qilishda davom etyapti, ayniqsa inson huquqlariga doir vaziyat jiddiy yomonlashgan. Afg’onistonni xalqaro banklaridagi hisoblariga qo‘yilgan taqiq sababi ham nazarimda aynan shunda, ya’ni Tolibon hukumatidan inson huquqlariga amal qilishni talab etish. Toliblar xalqaro jamoatchilikni eshitsa, vaziyatni bir qadar yaxshilasa, Mirziyoyevning vositachiligisiz ham ularning hisob raqamlaridan taqiq yechilishi mumkin. Bunga O’zbekistonning aralashishiga biror hojat yo’q. Toliblar ishtirokida sammit o’tkazish esa mutlaqo tushunarsiz, ayniqsa nafaqat xalqaro jamoatchilik, mintaqani o’zida ham boshqa davlatlar toliblar hukumatini tan olishga shoshilmayotgan bir paytda”, - deydi Ro’zimurovod.
Darhaqiqat, Markaziy Osiyoda Afg’onistondagi vaziyatga nisbatan pozitsiyalar farqli, hatto ziddiyatli. Bu Dushanbedagi yana bir anjuman, ShHT yig’inidan bir kun avval o’tgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi (KXShT) sammitida ham ko’zga tashlangan.
Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoq, aksariyati mintaqa davlatlaridan iborat bu tashkilot sammitida Afg’onistondagi vaziyat bo’yicha, xususan Tolibon hukumatiga nisbatan jiddiy xavotirlar bildirilgan.
Toliblarni O’zbekistonga chorlab chopon kiydirish bilan boshlangan Toshkent siyosati avvalgidek davom etyapti. To’g’risi, bu siyosat O’zbekiston manfaatini ifodalashiga men shubha qilaman.
Bu ziddiyatlar soyasida rasmiy Toshkentning pozitsiyasi Tolibonga nisbatan umid, ishonch mavjudligi bilan ajralib turadi. Ammo bu pozitsiyaning O’zbekiston manfaatlariga qanchalik mos kelishi ancha bahsli savolligicha qolmoqda.
“Toliblarni O’zbekistonga chorlab chopon kiydirish bilan boshlangan Toshkent siyosati avvalgidek davom etyapti. To’g’risi, bu siyosat O’zbekiston manfaatini ifodalashiga men shubha qilaman. Chunki gap agar temir yo’lda (transafg’on koridori) bo’lsa, bu yo’lni Afg’onistonda qaror topgan har qanday hukumat bilan kelishilgan holda amalga oshirish mumkin edi. Bu yo’l Afg’oniston shimolidagi o’zbeklar manfaati unutilishiga, Tolibon hukumati tomonidan inson huquqlari buzilishiga, qolaversa, xalqaro jamoatchilikdan ayri holda Tolibonni qo’llab quvvatlashga arzimaydi. Har holda bu Toshkentning mustaqil siyosati emas, Rossiya, Xitoy doxil bo’lgan manfaatdek ko’rinadi. Chunki mintaqa davlatlari, jumladan O’zbekiston ham ShHTga a’zo bo’lsa-da, tashkilot doirasida hal qiluvchi biror o’ringa ega emas. Dastak Xitoy va Rossiyaning qo’lida. Prezident Mirziyoyev tashkilot doirasida toliblarni yana O’zbekistonga taklif qilayotgani ham bejiz emasdek”, - deydi Yusuf Ro’zimurodov.
Prezident Mirziyoyevning O’zbekistonda toliblar hukumati ishtirokida yuqori darajadagi uchrashuv o’tkazish tashabbusiga ShHTga a’zo davlatlar munosabati hozircha noma’lum.
Tashkilotdagi ikki yetakchi davlat Rossiya va Xitoy ham toliblar bilan muloqotni qo’llab kelmoqda. Ikki yillar avval ShHT a’zoligiga qabul qilingan Pokiston esa Tolibonning parda ortidagi asosiy ittifoqchisi hisoblanadi.
Mirziyoyev tashabbusi inobatga olinib, O’zbekistonda yuqori darajadagi “ShHT-Afg’oniston” uchrashuvi o’tkaziladigan bo’lsa, bu Afg’onistonda hokimiyatni qo’lga olgan toliblarning xalqaro miqyosdagi dastlabki to’laqonli muzokaralari bo’lishi mumkin.
Facebook Forum