Breaking News

Dushanbe yig’inida Afg’onistondan kelayotgan tahdidlar muhokama etildi


Markaziy Osiyo, Eron, Hindiston, Xitoy va Rossiya Xavfsizlik kengashi kotiblari darajasida Tojikiston poytaxti Dushanbeda o’tgan uchrashuvda Afg’oniston tahdidi yuzasidan navbatdagi bayonot qilingan.

Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushevga ko’ra, Afg’onistondan Markaziy Osiyo tomon qochqinlar oqimi yuzaga chiqishi, bu esa turli terrorchi guruhlarning mintaqaga kirib kelishiga sabab bo’lishi mumkin.

Afg’onistondagi vaziyat 27-may kuni Toshkentda AQSh maxsus vakili Tomas Uest va O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov o’rtasida ham muhokama qilingan.

Tomonlar Afg’onistonga insonparvarlik yordami yetkazishdagi hamkorlik, shuningdek, xavfsizlikka oid vaziyat haqida gaplashgan.

O’zbekiston tomonining bildirishicha, “Afg‘onistonning yangi hukumati keng vakillikka asoslangan hukumat tuzish, inson huquqlariga amal qilish, ayollarning asosiy erkinliklari, shu jumladan ularning ta’lim olishlari, harakatlanishlari, jamiyat hayotida teng asosda ishtirok etishlari bo‘yicha dunyo hamjamiyatining talablarini bajarishi masalasida yondashuvlarning o‘xshashligi” qayd etilgan.

O’zbekiston - Markaziy Osiyoda Afg’oniston bo’yicha tashabbuslar bilan chiqayotgan asosiy davlat. Shu yil yozda Toshkentda Afg’oniston masalasida navbatdagi yirik xalqaro konferensiya rejalashtirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Afg’oniston mintaqa iqtisodiga qo’shilishi lozimligini ta’kidlab keladi. O’zbekiston temir yo’l orqali Afg’onistonni mintaqa bilan bog’lab turadi. Toshkent bu yo’lni Pokiston portlariga olib chiqish niyatida. Ammo transafg’on nomini olgan bu loyiha chorak asrdirki Toshkent uchun orzuligicha qolyapti.

O’zbekistonga bir necha bor tashrif buyurgan Tolibon ham loyihani qo’llab-quvvatlashini bildirgan, ammo asosiy muammo avval kuzatilgani kabi Afg’onistondagi beqarorlikka taqalib qolgan.

Tolibonning qudratga kelishi esa bu xavotirlarni yanada oshirdi. Ayni paytda xalqaro hamjamiyat tomonidan Tolibonga qo‘yilayotgan asosiy talab - mamlakatdagi turli millatlar, siyosiy guruhlarni jalb qilgan holda hukumatni shakllantirish, inson huquqlarini kafolatlash.

Ammo so’nggi vaziyat Tolibon inson huquqlariga, ayniqsa ayollarga, jurnalistlarga, mamlakatdagi turli etnik millatlarga, jumladan o’zbeklarga nisbatan ham tahdidlarni jiddiy kuchaytirganidan darak beryapti.

Rasmiy Toshkent Afg’onistonda inklyuziv hukumat bo’lishi, ozchilik huquqlari ta’minlanishini yoqlaydi, ammo hozirgacha bu huquqlar Toliblar tomonidan keskin toptalayotgani haqida biror munosabat bildirmagan.

Afg’onistondagi o’zbeklar o’z haq-huquqlari, tili, madaniy qadriyatlari tiklanishi bo’yicha Toshkentga umid qilmay qo’yishgani - O’zbekiston va Tolibon o’rtasidagi munosabatlarda bu qadriyatlarga o’rin berilmaganini ko’rsatadi.

Tolibon zulmidan qochib, O’zbekistondan boshpana topishga samarasiz uringan Kobuldagi o’zbek jurnalistlaridan biri O’zbekiston hukumatini befarqlikda ayblaydi.

Unga ko’ra, Afg’onistondagi millionlab o’zbeklar uchun O’zbekiston tahlika paytida dalda beruvchi, himoya qiluvchi kuch sifatida shakllanib kelgan, ammo toliblarning qudratga kelishi ortidan kuzatilgan befarqlik bu umidlarni uzoq yillarga so’ndirgan.

Tolibonga ko’ra, Afg’oniston Markaziy Osiyoga tahdid solmaydi. Ammo yaqinda afg’on-tojik chegarasida toliblar va Milliy qarshilik fronti o’rtasida to’qnashuvlar yuz bergani, Dushanbe Afg’onistondagi tojiklar huquqini toptayotgan Tolibonga nisbatan jiddiy e’tirozlarga egaligi inobatga olinsa, vaziyat ancha qaltis ko’rinadi.

Dushanbedagi yig’ilishda Afg’oniston hududida turli terrorchi guruhlar, xususan, “Islomiy davlat” tarmog’i sifatida tanilgan “Xuroson viloyati”, shuningdek, Al-Qoida jangari guruhi ham kuchaygani ta’kidlab o’tilgan.

Afg’oniston tahdidi masalasi AQSh maxsus elchisi Tomas Uest va Vladimir Norov muloqotini ham chetlab o’tmagan.

“Afg’oniston zamini boshqa hech qachon turli xalqaro terrorchilarning boshpanasiga aylanib qolmasligi, mintaqa davlatlari va uchinchi mamlakatlar uchun xavf tug’dirmasligi kerakligi” alohida ta’kidlangan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG