Breaking News

Qidiruvdagi toliblar har kuni dunyo nazarida


Tolibonning Ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy Kobuldagi harbiy akademiyada, 5-mart, 2022
Tolibonning Ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy Kobuldagi harbiy akademiyada, 5-mart, 2022

Tolibonning Ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy deyarli har kuni xorijiy rasmiylar bilan gaplashadi, vaholanki, u AQSh Federal qidiruv byurosining qidiruvida. Eng istalgan odamlar ro'yxatida.

Haqqoniy hatto Amerikaning "CNN" telekanaliga chiqib, bu davlat bilan do'stona aloqalar istashini elon qildi.

Yevropa Ittifoqining Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Tomas Niklasson yaqinda Kobulda bo'lib, Haqqoniy va boshqa rahbarlar bilan uchrashdi. Ularni afg'on xalqini ezmaslikka, xotin-qizlar hayotini og'irlashtirmaslikka, xususan qizlar ham maktabda bilim olishi va oliy ta'lim dargohlarida o'qishi uchun sharoit yaratishga undadi. ,

Haqqoniy BMTning Insonvarlik masalalari bo'yicha bosh rasmiysi Martin Griffits bilan ham muloqotda.

Amerika qidirayotgan tolib bu qadar ochiqda ekani media va ekspertlarda savollar tug'dirmoqda. AQSh Davlat departamenti Haqqoniyni terrorizmda ayblab, uni qo'lga olishda yordamlashgan tomonga 10 million dollar va'da qilgan. Bu va'da hamon amalda, deydi rasmiylar.

AQSh Federal qidiruv byurosi, Vashington
AQSh Federal qidiruv byurosi, Vashington

“Lekin bundan ne foyda?” - deya so'raydi Asfandiyor Mir, AQSh Tinchlik instituti tadqiqotchisi.

“Haqqoniy hozir Tolibonni va Afg'onistonni xalqaro hamjamiyat bilan bog'lab turgan shaxs".

AQSh Tolibon hukumatini tan olmagan. Hozirda Afg'oniston bilan diplomatik aloqa yo'q. Vashington rasmiylari Haqqoniy va boshqa yetakchi toliblar bilan uchrashmagan.

Biroq ular Haqqoniyning ukasi Anas Haqqoniy bilan gaplashgan. Bu shaxs qidiruvda emas va Qatardagi muzokaralarda faol qatnashgan.

Oilaning yana bir a'zosi, Abdulaziz Haqqoniyni tutish uchun AQSh 5 million dollarlik mukofot taklif qiladi. Bu shaxs Sirojiddin Haqqoniyning ukasi. Amakisi Halil Haqqoniy uchun 3 million dollar va'da qilinadi. U hozirda Tolibonning vazirlaridan biri.

Oilani tanitgan va hozirda o'g'lilari uning ishini davom ettirayotgan Jaloliddin Haqqoniy 1980-yillarda Sovet ittifoqi armiyasiga qarshi kurashgan. U boshliq guruh AQSh, Saudiya Arabistoni va Pokistondan yordam olgani taxmin qilinadi. Jaloliddin Haqqoniy 2018-yilda 78 yoshida xastalikdan vafot etgan.

Tolibonning bir qismi bo'lgan Haqqoniylar tarmog'i odam o'g'irlash, qabih jinoyatlar va terroristik harakatlarda ayblanadi, xususan minglab afg'onlarning va xorijliklarning o'limida.

Haqqoniylar oilasidan bir necha kishi Amerikaning "eng istalgan shaxslar" ro'yxatida
Haqqoniylar oilasidan bir necha kishi Amerikaning "eng istalgan shaxslar" ro'yxatida

Davlat departamenti 1984-yildan beri 100 dan ortiq dunyo bo'ylab yetakchi terroristlarni tutishda ko'maklashgani uchun 200 million dollar sarflagan.

Biroq, deydi ekspertlar, bugunga kelib bu siyosat samarasini yo'qotgandek. Razvedka ma'lumotlari, huquq tartibot organlari orqali chora ko'rish susaygan, deydi ular.

Qidiruvdagi odamlarga odamda sanksiyalar ham qo'yiladi, terror tashkilotlariga joriy etiladigan cheklovlar singari.

Tolibon hokimiyatga qaytishi bilan Amerika hukumati unga, unga aloqador tashkilotlar va to'dalar, xususan Haqqoniylar tarmog'iga nisbatan sanksiyalarni uzaytirgan.

Xalqaro bo'hronlar bo'yicha tadqiqotchi Grem Smit nazarida cheklovlarning o'zi yetmaydi.

“Masalan Haqqoniylar uchun ularning umuman zarari yo'qdek. Ular Kobulda hokimiyatda. Zararini aslida afg'on xalqi ko'rmoqda", - deydi Smit.

O'tgan yili yozda Amerika qo'shinlari Afg'onistonni tark etganidan beri mamlakat iqtisodiyoti qulab, aholi yanada qashshoqlashib, shaharlar, tumanlar va qishloqlar bo'ylab gumanitar inqiroz hukmron.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG