AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi Davlat departamentini Afg'onistonni qora ro'yxatga kiritib, u yerdagi ozchilikdagi guruhlarni himoya qilishga undamoqda.
Komissiya yillik hisobotda Afg'oniston qatorida yana 14 davlat dunyoning eng qo'pol huquqbuzar tuzumlari sifatida tasvirlanadi. Tolibon o'tgan yoz Kobulda hokimiyatni egallaganidan beri vaziyat yanada og'irlashgan.
Hazoralar va boshqa elatlar, ayniqsa shia mazhabidagilar ham Tolibon, ham "Islomiy davlat" terror guruhi tahdidi ostida. Tolibon hukumati xalqaro maydonda tan olinmagan. 20 yillik harbiy missiyasini tugatib, 2021-yilda qo'shinini olib chiqib ketgan AQSh Afg'oniston xalqiga yordamni davom ettirishga so'z bergan.
Bayden ma'muriyati chora ko'rsin, deb ko'rsatilgan hukumatlar qatorida Markaziy Osiyodan Tojikiston va Turkmaniston ham bor.
Afg'onistonga e'tibor qaratar ekan, komissiya deydiki, yahudiylar, hindu va boshqa mayda diniy guruhlar azaldan yashagan yurtni tark etishga majbur bo'lmoqda. Bahaylar va nasroniylar ham bosimlardan shikoyat qiladi.
Inson huquqlari tashkilotlari hazoralar o'ldirilayotgani haqida ma'lumotlarga ega. Qunduz viloyatida "Islomiy davlat" ularning masjidini portlatgan.
Afg'oniston aholisining 99 foizi musulmon, ulardan 10-15 foizi shia mazhabidan.
Komissiya nazarida Tolibon mutaassib kuchdir va uning bag'rikeng siyosat olib borishiga ishonch past.
AQSh Afg'onistonda harbiy amaliyotlar olib borgan yillarda ham komissiya bu mamlakatdagi ahvolni tanqid qilgan, biroq uni hozirgidek siyosiy jihatdan "alohida e'tiborga molik davlat" deya baholamagan.
Tolibonga bu organ diniy erkinlikni poymol etuvchi harakat deb qarab kelgan. Komissiyaga ko'ra, Amerika hukumati muayyan toliblarga sanksiya qo'yishi kerak. Bu shaxslar afg'onlarning erkin e'tiqod qilishiga qarshi siyosat amaliyoti bilan band, deyiladi hisobotda.
Komissiya Myanma hukumatini musulmonlarni qirayotganlikda, Xitoyni uyg'urlar va boshqa turkiy elatlarni sistematik ezayotganlikda, Pokiston va Hindistonni esa ozchilikdagi guruhlarning huquqlarni muntazam oyoqosti qilayotganlikda ayblaydi.
Tashkilotga ko'ra, 12 mamlakat maxsus kuzatuvda qolishi kerak: Jazoir, Kuba, Nikaragua, Ozarbayjon, Markaziy Afrika Respublikasi, Misr, Indoneziya, Iroq, Qozog'iston, Malayziya, Turkiya va O'zbekiston.