Breaking News

Tojikistonda hajga borishni niyat qilgan o‘zbek oila mahallasini obod qildi


To‘ychiboy Otamurodzoda oilasi bilan ko'chasini yaxshilash uchun 20 ming dollar sarfladi
To‘ychiboy Otamurodzoda oilasi bilan ko'chasini yaxshilash uchun 20 ming dollar sarfladi

Tojikistonda haj safariga davlat nazorati ostida, uyushgan holda tashkil etiladi. COVID-19 pandemiyasigacha har yili o‘rtacha 5 ming nafar haj safariga borar edi. Ammo 2020-2021 yillar hajga borilmadi. Joriy yil ham 6 ming nafar otlangan, ammo ruxsat bo‘lish-bo‘lmasligi haqida hozircha aniq ma’lumot yo‘q. O‘tgan yillarda haj safariga borishni niyat qilib, bora olmaganlar orasidan ba’zilar jamg‘argan mablag‘ini ezgu ishlarga sarflay boshlagan. O‘zbek oilalaridan biri, o‘rta yoshi er-xotin 20 ming dollarni mahalla obodonchiligi uchun bergan.

Sug'd viloyatining asosan o‘zbeklar yashaydigan Jabbor Rasulov tumani Tashkiliy ishlar bo‘limi boshlig‘i Shavkat Zuhurovning "Amerika Ovozi" bilan suhbatda aytishicha:

"Otamurodzoda To‘ychiboy ko‘p yillar davomida ahli oilasi bilan hajga safar qilish niyatida mablag‘ jamlab yurgan edilar. Koronavirus kasalligi tufayli hajga bormay jamg‘argan mablag‘larini yurtimiz obodonchiligi uchun sarflab, Otamurod Sultonov ko‘chasini to‘liq ta’mirdan chiqarib berdi".

Tuman markaziga tutashgan ko‘cha Yangiobod jamoati Gulxona qishlog‘iga qarashli bo‘lib, To‘ychiboy Otamurodzodaning otasi – Otamurod Sultonov nomiga qo‘yilgan. Otasi duradgor usta bo‘lgan.

Tojikison: O‘zbek oila haj uchun to‘plagan pulini yo‘l ta’miriga sarfladi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:29 0:00

"Sultonov Otamurod, dadam 1997-yil avtobusda haj safariga borib kelgan edilar. Sultonova Xosiyatoy – onam, uy bekasi edilar. Oddiy odamlarning farzandlarimiz. To‘rt o‘g‘il, bir qizimiz, besh farzandimiz, o‘n nafar nevaralarimiz bor. Hammalari o‘ziga tinch",- deydi To‘ychiboy Otamurodzoda.

Uning aytishicha, rafiqasi Shahodat Sultonova bilan haj safariga borishni niyat qilib, mablag‘ jamg‘argan. Ammo COVID-19 pandemiyasi paytida hajga borishga ruxsat bo‘lmaganligi sababli mablag‘larini o‘zlari yashayotgan mahalla obodonchiligiga sarflashga qaror qilgan.

"Haj safariga bormoqchi bo‘lib ayolim ikkalamiz yillar davomida mablag‘ yiqqan edik. Shuni ko‘chamizga sarfladik. Obodonchilikka sarflab yubordik. Bir kilometru 200 metr joyni o‘zim hisobimdan asfalt qildirdim. Yana mahallamizda chiroq – elektr energiya kuchlanishi juda past edi, 720 metrga simyog‘och o‘rnatib, yangi liniya tortib, transformator o‘rnatdik",-deydi suhbatdosh.

Uning aytishicha, bu ishlarni amalga oshirish uchun taqriban 20 ming dollar ketgan.

"Hammasini agar somoniyga olsak, 210-220 ming somoniy mablag‘ sarfladik ko‘chamizga. Maqsadim, hech bo‘lmasa shu o‘zimiz yashayotgan mahallamizni, ko‘chamizni obod qilish edi, shunga hissa qo‘shdik. Odamlarimiz (qo‘ni-qo‘shni) ham juda yaxshi qabul qildi, rahmatlar aytdi. Avvalosi, shu kunlarga yetkazgani uchun Xudoga shukur! Dehqonchiliklarimizga, ishlarimizga, savdolarimizga Xudo baraka berganida shukur qilishimiz kerak. Yigit kishining bir qo‘li ochiq bo‘lishi kerak. Odamlarga yordam qo‘lini cho‘zishi kerak",- deydi To‘ychiboy Otamurodzoda.

Haj o'rniga ko'cha asfaltlandi
Haj o'rniga ko'cha asfaltlandi

Tuman hokimligi Diniy ishlar bo‘limi bosh mutaxassisi Javohir Karimovning "Amerika Ovozi"ga tasdiqlashicha, tumanda bundan tashqari yana ikkita ko‘cha haj safariga otlanganlar hisobidan asfalt qilingan. Oxirgi yillar saxovatli va savobtalab insonlar tomonidan ko‘plab obodonchilik ishlari amalga oshirilgan.

"2021-yilda Tojikiston mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan ikki ko‘cha, ya’ni Solihjon Bohirov va Nusratillo Maxsum ko‘chalari xalq hashari va hojilar, ya’ni haj safariga otlangan ikki nafar fuqarolar tomonidan asfalt qilinib, foydalanishga topshirildi",- deydi Javohir Karimov.

Aksariyat aholi islom diniga e’tiqod qiladigan Tojikistonda odamlarning hajga borishi to‘liq davlat nazoratiga olinib, Din, tanzimu an’ana va bayramu marosimlar qo‘mitasi tomonidan monopoliya qilingan. Har bir tumanda hajga boruvchilar oldindan ro‘yxatga olinadi. Safar bir yilda bir marta uyushgan holda tashkil etiladi. Safar chiqimlari uchun sarflaniladigan mablag‘ hajmi ham qo‘mita tomonidan aniqlanadi va oldindan yig‘ib olinadi.

Diniy qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, Tojikistonda haj safari mablag‘i 2016-yilda 28 649 somoniy (3000 dollar), 2017-yilda 33 000 somoniy (3670 dollar), 2018-yilda 33 410 somoniy (3720 dollar) va 2019-yilda 35 128 somoniy (3950 dollar) bo‘lgan edi. Hozircha 2022-yil uchun haj safari mablag‘i e’lon qilingani yo‘q. Umuman, joriy yilda hajga safar qilinishi haqida biror aniq ma’lumot berilgani yo‘q. Ammo shunga qaramay, hajga boradiganlar ro‘yxati aniqlangan.

Qo‘mita mas’ulining aytishicha, joriy yil Jabbor Rasulov tumanidan 64 nafar, butun mamlakat bo‘ylab 6000 nafar haj safariga borish uchun ro‘xatga olingan. Albatta, umra safarlari bundan mustasno. Mamlakatning aksariyat shahar va tumanlarda odamlar 5-10 yillab hajga borish uchun o‘z navbatlarini kutishadi.

Otamurod Sultonov duradgor usta bo‘lgan
Otamurod Sultonov duradgor usta bo‘lgan

Jabbor Rasulov tumani bosh imom xatibi Abdusamad Hojiyevning "Amerika Ovozi" bilan suhbatda aytishicha, koronavirus tufayli haj safarlari bekor qilingan 2020-2021 yillar davomida mahalliy aholi orasidan maslahat so‘rab murojaat qilganlar ko'p bo'lgan. Ruhoniy ularga xalq va yurt obodonchiligi uchun ezgu ishlarni amalga oshirib, ko‘ngliga taskin berishi mumkinligi aytgan.

Sug‘d viloyati ulamolar kengashi raisi Huseyn Mo‘sozoda deydiki, "avval hajga borishni niyat qilib, so‘ng turli sabablar bilan safar xarajatlari uchun jamg‘argan pullarini yo‘l ta’miri, ko‘prik qurish, obodonchilik kabi ezgu ishlarga sarflagan kishini hoji, ya’ni haj amalini bajargan deyishga asos yo‘q, ammo bunday ishlarga qo‘l urgan kishi o‘z yaxshiliklarini ajrini, savobini olishiga shubha yo‘q".

Ruhshunos Maxsudxo‘ja No‘monov fikricha, inson ezgu ishlarni amalga oshirganida uning qalbi taskin topadi. Ezgulikni amalga oshirgan kishi o‘z ishidan rag‘bat oladi va o‘zini baxtiyor his qiladi.

"Psixologiya ilmida o‘ziga baho berish, degan tushuncha bor. Bunda odam o‘zining qilgan ishidan qanday rag‘batlanadi, o‘ziga qanday baho beradi, ko‘nglida yaxshi yoki yomon tomonga, shu ishni qildim, yaxshi bo‘ldimi yoki aksincha, degan savol paydo bo‘ladi. Agar masalaga diniy tomondan qaraydigan bo‘lsak, hajga borish bu islom dinining besh asosiy ustunlaridan biri. Lekin vaziyat shunday talab qilganida insonning asosiy maqsadi qalbni tozalash, qalb taskin topishi bo‘lsa, inson o‘sha qilgan ishidan juda ham rag‘batlanishi, xursand bo‘lishi kerak",-deydi ruhshunos.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG