Breaking News

Tojikiston-Qirgʻiziston: Otishma toʻxtadi, ammo mojaro omillari yechilmay qolmoqda


Qirg'iziston chegarachisi, Botken
Qirg'iziston chegarachisi, Botken

Tojikiston va Qirgʻiziston chegarasida yuz bergan qurolli toʻqnashuvlar ortidan 28-yanvar kuni muzokaraga kirishgan ikki davlat qoʻshma komissiyasi toʻqnashuv oqibatlarini bartaraf etishga kelishdi, ammo mojaro sabablari yuzasidan kelisholmadi.

Ikki davlat qurolli kuchlari orasida 27-yanvar kuni oqshom boshlangan otishma tuni bilan davom etib, ikki fuqaro halok boʻlgan. Oʻnlab harbiylar va mahalliy aholi vakillari tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Qirgʻiziston sogʻliqni saqlash vazirligi 28-yanvarning tongiga kelib Botken viloyat kasalxonasiga otishmada jabrlangan 11 kishi joylashtirilganini maʼlum qildi. Tan jarohati olgan fuqarolarning ahvoli oʻrtacha deb baholanmoqda.

Qirgʻiziston Ichki ishlar vazirligi chegaradagi mojaro boʻyicha “tinchlikka qarshi jinoyatlar” moddasi bilan jinoyat ishi ochdi.

Tojik-qirgʻiz chegarasida jon talafotiga sabab boʻlgan qurolli toʻqnashuvlarda tomonlar bir-birini ayblab kelmoqda.

Chegara janjali

Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, Tojikiston va Qirgʻiziston chegarachilari orasida qurolli to’qnashuv 27-yanvar soat 18:40 da yuz bergan.

“Tojikiston tomonidan 10 kishi yarador boʻldi. Ulardan 6 nafari harbiylar va 4 nafari mahalliy fuqarolardir. Shuningdek, ikki kishi halok boʻldi. Ulardan biri, 36 yoshli mahalliy fuqaro Obidjon Toʻychiyev uyida Qirgʻiziston harbiylari otgan minomyot oʻqi portlashi natijasida halok boʻldi. Ikkinchisi, Isfara shahar markaziy shifoxonasining “Tez yordam” mashinasining haydovchisi – 58 yoshli Abdulatif Sharipov yaradorlarni shifoxonaga olib kelish maqsadida mojaro mintaqasiga borganida Qirgʻiziston tomonidan otilgan minomyot oʻqi natijasida halok boʻldi”, deyiladi Tojikiston Chegara qoʻshinlari matbuot xizmati bergan maʼlumotda.

Tojik chegarachilariga koʻra, bir necha bor uchuvchisiz samolyotlar Tojikiston davlat chegarasini noqonuniy buzib, mojaro yuz bergan mintaqa osmonida aylangan. Xabarlarda Qirgʻizistonga Turkiya tomonidan taqdim etilgan “Bayroqdor” uchuvchisiz samolyotlarga ishora qilinadi.

Qirgʻiziston tomoni “Bayraktar TB2” uchuvchisiz samolyotini qoʻllagani haqida Rossiyaning ayrim axborot agentliklari ham yozdi. Ammo Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik xizmatining Chegara xizmati mazkur maʼlumotlarni inkor qildi.

Eslatib oʻtsak, oʻtgan yilning dekabr oyida Qirgʻiziston “Bayroqdor” uchuvchisiz samolyotlarini sotib olgan. Ular davlat xavfsizligini taʼminlash hamda chegaralarni qaytarish uchun qoʻllanilishi maʼlum qilingan edi.

27-yanvar kuni oqshom boshlangan otishma 28-yanvarga oʻtar kechasi tungi 02:00 gacha davom etgan. Ikki marta mahalliy masʼullarning otishmani toʻxtatish haqidagi muzokaralari natijasiz yakunlangan. Faqatgina Sugʻd viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda va Botken viloyati gubernatori Abdikarim Alimbayev uchrashganidan keyingina otishma vaqtincha toʻxtatilgan va muzokaralarni davom ettirish uchun ishchi guruhi tuzilgan.

Ikki davlat amaldorlari oʻzaro gaplashib oldi

28-yanvar kuni toʻqnashuv yuz bergan mintaqada, Tojikistonning Isfara tumani Chorkuh qishlogʻida Tojikiston chegara qoʻshinlari boshligʻi general-polkovnik Rajabali Rahmonzoda va Qirgʻiziston milliy xavfsizlik qoʻmitasi raisi general-leytenant Qamchibek Tashiyev rahbarligidagi ishchi guruhlar uchrashib, muzokaralarni davom ettirdi.

Oʻq ochishni toʻxtatish, otishma yuzasidan tekshiruv ishlari olib borish, chegaraga mamlakat ichkarisidan jalb qilingan qoʻshimcha harbiy kuch va vositalarni mintaqadan olib ketish, bahsli hududdan oʻtganligi sababli tojiklar toʻsib qoʻygan Botken-Isfara yoʻlini qayta ochish va toʻqnashuvlar takrorlanmasligi uchun ikki mamlakat harbiylari ishtirokida birgalikdagi qoʻriqchilik xizmatini yoʻlga qoʻyish masalalari boʻyicha kelishib olishgan.

Rajabali Rahmonzoda Tojikiston tinchlik tarafdori ekanligini bayon qilgan.

“Tojikiston hamisha chegarada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik boʻlishini xohlaydi. Chegara ahli doʻstlik va oʻzaro tushunish muhitida yashashi kerak. Kelgusida bunday nizolarning oldini olish kerak”, - deydi u.

Qamchibek Tashiyev ham mojaro tinch yoʻl bilan hal qilinishi kerakligini aytib, yaxshi qoʻshnichilik anʼanalarini saqlash muhimligini, chegara yaqinida yashovchi odamlar tinch-totuv yashashi kerakligini taʼkidlagan.

Ammo ikki davlat OAVlari va ijtimoiy tarmoqlarda hali ham axborot janglari qizgʻin davom etmoqda. Tomonlar bir-birini keskin ayblab kelmoqda. Hatto muzokaralardan keyin “Turmush” saytiga intervyu bergan Qirgʻiziston milliy xavfsizlik qoʻmitasi raisi Qamchibek Tashiyev ham Tojikiston tomoni toʻqnashuvlardan saboq olganligini taʼkidladi.

“Umid qilamizki, kechagi mojarodan keyin ular bugun erishilgan kelishuvlarimiz shartlariga rioya qiladi va amalga oshiradi. Kechagi mojarodan keyin ular saboq oldilar, shu sababli ular kelishuvlarga rioya qilishga majbur boʻlishadi”, - dedi Tashiyev.

Tojikiston tomonidan ham davlatga tegishli boʻlgan va baʼzi mustaqil OAVlarda, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda milliy manfaatlar himoya qilingan materiallar eʼlon qilinmoqda.

Tahlilchilar fikricha, muzokaralarda toʻqnashuv oqibatlarini bartaraf etishga kelishilgan, ammo mojaroni keltirib chiqargan omillar bartaraf etilmay qolmoqda.

Tojikistonlik siyosiy sharhlovchi Neʼmatullo Mirsaidov fikricha, oxirgi toʻqnashuvda Tojikiston tomoni jabrdiyda boʻlmoqda.

“Tojikiston tomonidan qurbonlar koʻpligi qirgʻizlar bu toʻqnashuvga oldindan tayyorgarlik koʻrganligini koʻrsatmoqda. Qirgʻiziston OAVlari mojaro tojik harbiylari yoʻlni toʻsib qoʻyganligidan boshlanganini yozayotgan boʻlsa ham, aslida, nizo qirgʻizlar tojikistonliklar avtomashinasini toshboʻron qilishidan boshlangan. Mojaroni qoʻzgʻashdan asosiy maqsad 275-metrlik maydon yuzasidan Qirgʻiziston xavfsizlik Kengashi sobiq raisi Adaxan Madumarov tomonidan imzolangan ikki davlat orasidagi kelishuvni bekor qilishga erishish. Bu haqda ilgariroq Prezident Japarov ham bir necha marotaba gapirgan edi. Oxirgi muzokarada ham bu masala yuzasidan biror narsa hal boʻlmadi. Demak, mojaroni keltirib chiqargan omil oradan koʻtarilgani yoʻq”, - deydi Mirsaidov.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG