Qirg'iziston va Tojikiston chegarada aprel oyi oxirida yuz bergan qonli voqealarda bir-birini ayblaydi. Harbiy to'qnashuvga aylanib, 50 dan ziyod insonning yostig'ini quritgan voqealar Vasingtondagi Atlantika kengashida muhokama qilindi.
Mintaqa bilan ancha yillardan beri tanish amerikalik olima Jennifer Murtazashvili deydiki, chegara - Markaziy Osiyoda hamon nihoyatda nozik masala. Davlat rahbarlarining markazdan turib qiladigan har qanday etnik yoki milliy iddaosi chegara hududlarida yashaydigan turli elatlar uchun ayniqsa chuqur ahamiyat kasb etadi va muhim signal sifatida qabul qilinadi, deydi ekspert.
Davlatlarning xavfsizlik va chegara rasmiylari qo'shnilardan nima kutilayotgani, qay hudud nima evaziga narigi tomonga berilishi mumkinligi, turli mish-mish, taxminlar va uydirmalar, hammasi aholini bezovta qilib, nizolarga yetaklashi mumkin, deydi Murtazashvili.
Qirg'izistondan fuqaro jamiyati faoli Akilay Karimova fikricha, O'zbekiston va Qirg'iziston hukumatlari So'x yuzasidan kelisha olgani, ammo Qirg'iziston va Tojikiston bu borada ziddiyatga borgani siyosatda farqlarni aks ettirib, Bishkek va Dushanbe sust harakat qilganidan dalolat. Buning ustiga, deydi u, har ikki tomon harbiy vositalarni bemalol ishga solgani qo'rquv uyg'otadi.
Jorj Vashington universitetidan tadqiqotchi Jorj Kavrilis qirg'izlar va tojiklar bir-birini etnik tozalashda ayblayotganini asossiz deb biladi. Uning tahlilicha, nizolar ortidagi omillar asosan iqtisodiy va siyosiy.
"Umuman olganda, bu ikki davlat chegarasidagi hozirgi holatni inqiroz deb hisoblay olmaymiz, chunki ko'lami tor. Ammo, albatta xavotirga molik va hal etilishi kerak', - deydi olim.
"Yaqin kelajakda zo'ravonlik qaytalanmasligi mumkin, lekin uzoq muddatda, agar hozir chora ko'rilmasa, kattalashib ketishi mumkin".
AQSh Davlat departamentidan Markaziy Osiyo bo'yicha yetakchi diplomat Jonatan Henik Vashington vaziyatni yaqindan kuzatayotganini aytadi.
"Davlat va mutasaddilar bevosita aloqada, biroq masala hali hal etilgani yo'q. Bishkek va Dushanbedagi elchixonalar, bu respublikalarning Vashingtondagi elchixonalari bilan muloqotdamiz. Biz chegara yuzasidan har qanday ziddiyat yechim topishini va mintaqa tinch-osoyishta hayot kechirishini xohlaymiz", - deydi AQSh rasmiysi.
"Yer va chegara masalalari azaldan eng og'ir mavzular bo'lib kelgan, buni tushunamiz. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti va BMT bu borada yordam berishga bel bog'lagan. Biz bu harakatlarni quvvatlaymiz",- deya qo'shadi Henik.
Vashington bu tashkilotlar, shuningdek, AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi orqali davlatlarga iqtisodiy-ijtimoiy yordam beradi.
"Agar bu ishlar shu qadar osonlikcha yuz berar ekan, kelajakda ular yana bo'lmaydi, deb ayta olamizmi? Harbiy jinoyatlar, qoida va qonunlarni buzish, aholi hayotiga raxna solish... Bular yuzasidan chuqur o'ylab ko'rish kerak", - deydi Karimova.
Tojikistondan tahlilchi Anahita Saymidinova deydiki, respublika aholisining ishonchli axborot olish imkoniyati cheklangan. Chegaradagi qishloqlarga borib, vaziyatni o'rgangan Saymidinovaga ko'ra, hududda ziddiyatli joylar ko'p.
"Suv taqsimoti og'ir. Aholi suvni qo'rqib ichadi, chunki u talash. Bu mojaro azaliy, Sovet davridan qolgan. Qirg'iziston hukumati provokatsiyaga berildi, afsuski. Tomonlar orasida muloqot yo'q, nafaqat hukumat, balki jurnalistar, blogerlar, mutaxassis va faollar orasida", - deydi Saymidinova.
Uning talqinicha, Tojikiston ahli o'z dardini keng jamoatchilikka olib chiqishga qiynaladi. Dunyo ko'proq Qirg'izistondan ma'lumot olmoqda.
O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonlarni murosa qilishga ko'ndirgani va vositachilik qilgani iddao qilindi. Lekin Qirg'iziston va Tojikistonda bu borada gap yo'q. Mintaqa rahbarlarining kelgusi uchrashuvida chegara masalasi alohida ko'rib chiqilishi kutilmoqda.
Tadqiqotchi Kavrilisga ko'ra, chegaralar belgilangach ham mojarolar chiqishi tabiiy, demak, monitoring olib borish kerak. Aholi xavfsizligini ta'minlash mexanizmlari ishga solinishi zarur. Aholi orasida muloqotni yo'lga qo'yish kerak.
Olimning asosiy tavsiyasi shuki, chegara aholisi orasida so'rov o'tkazib, uni tahlil qilib, xulosaga asoslangan choralar ko'rish lozim.
Facebook Forum