Qozog’iston chegara ziddiyatini Markaziy Osiyo sammitida, Rossiya esa Prezident Vladimir Putin vositachiligida yechishni taklif qilmoqda. Putin Qirg’iziston va Tojikiston o’rtasida vositachi bo’lishga hozirlik bildirgan.
Avvalroq O’zbekiston va Qozog’iston prezidentlari ham vaziyat bo’yicha bayonot bilan chiqishgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev Tojikiston va Qirg’iziston tomoni bilan vaziyatni muhokama qilgan, Prezident Qosim-Jo’mart Tokayev chegaraviy ziddiyatlarni mintaqa sammitida muhokamaga chiqarish taklifini olg’a surgan edi.
Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasida chegara ziddiyatlari tez-tez kuzatiladi, ammo cheklangan ko’lamdagi bunday ziddiyatlar kam holatlarda jiddiy harbiy to’qnashuvga aylanadi.
Qirg’iziston va Tojikiston o’rtasidagi navbatdagi chegara mojarosi shunday to’qnashuvga aylandi. Qurbonlar soni 20 nafardan, jarohatlanganlar esa 100 dan oshgani xabar qilinmoqda.
Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari singari Qirg’iziston va Tojikiston o’rtasida ham bahsli hududlar ko’p. Sobiq ittifoq davrida tortilgan chegara asosida yuzaga chiqayotgan bu ziddiyatlar 30 yildirki yechim topmayapti.
Cheraga bahsiga tortilgan davlatlar uchun uchinchi tomon aralashuvi, ayniqsa bu vositachilikka bir paytlar mintaqada o’zi bilganicha chegara chiziqlarini tortgan sobiq ittifoq vorisi Rossiya da’vogarlik bildirayotgani xavotirdan xoli ko’rilmaydi.
Ijtimoiy tarmoqlarda allaqachon mintaqada navbatdagi ziddiyat Rossiya mudofaa vazirining safari, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi (KXSh) tashkilotining Dushanbedagi yig’ini ortidan ro’y berganiga diqqat qaratilmoqda.
Ko’pchilikka bu holat 2019-yilda Tojikiston chegara postiga qilingan hujumni, o’zbek-tojik chegarasidagi terrorchilik xurujini, aniqrog’i, bu xurujdan bir necha kun oldin Rossiya Xavfsizlik kengashi rahbari Nikolay Patrushevning Tojikistonda bo’lgani va mintaqaga hujum qilishga shay ekstremistik guruhlar haqida bayonot qilganini eslatmoqda.
Chegara ziddiyati boshlangan 29-aprel kuni Dushanbeda Rossiya yetakchiligidagi KXShga a’zo davlatlarning xavfsizlik xizmati kengashlari rahbarlari ishtirokida yig’in o’tgani ham diqqatli.
Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoq a’zolari Qirg’iziston-Tojikiston o’rtasidagi bu mojaro chegara masalasi, KXSh vakolatiga kiruvchi terrorizmga qarshi kurash singari tez fursatda alangalanishi mumkin bo’lgan keskin nuqtalardan biri ekanligini ham ko’rsatmoqda.
Har holda Prezident Putinning vositachilik qilishga tayyor ekanligi haqida gapirgan Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ziddiyatga tortilgan tomonlar Kollektiv Xavfsizlik Kengashi va boshqa formatlarda o’zaro hamkor ekaniga diqqat qaratgan.
Qozog’iston Prezidenti Qosim-Jo’mart Tokayevning ziddiyat yuzasidan bildirgan munosabatida esa chegara masalasini Markaziy Osiyo prezidentlarining navbatdagi sammitida muhokama qilishni taklif etgan.
“Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlarining navbatdagi maslahatlashuv uchrashuvida bu kabi chegaraviy keskinliklarni bartaraf etish tizimini ishlab chiqish mumkin deb hisoblayman”, deyiladi Tokayevning vaziyat yuzasidan bergan bayonotida.
So’nggi uch yil davomida tiklangan Markaziy Osiyo prezidentlari sammiti o’tgan yil pandemiya bois o’tkazilmadi. Sammit doirasidagi navbatdagi uchrashuvlar qachon va qayerda o’tkazilishi bo’yicha hozircha aniq ma’lumot yo’q.
Facebook Forum