Breaking News

Tojikistonlik faolning qismati koʻplarni tashvishga solmoqda


Deportatsiya qilingan tojik huquq faoli taqdiri
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:41 0:00

Tojikistonlik huquq faoli va mehnat muhojirlari yetakchisi Izzat Amonning Rossiyadan badargʻa qilinishi va Dushanbeda hibsga olinishi koʻplab bahs-muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Yuzlab odam norozilik namoyishiga chiqdi. Bu holat xalqaro maydonda ham eʼtirozlarga sabab boʻlmoqda. Huquq himoyachilari Izzat Amon taqdiri yuzasidan xavotir bildirishmoqda.

16-aprel kuni Xalqaro Amnistiya (Amnesty International) tashkiloti Moskvani Tojikiston elchixonasi oldida qoʻlga olingan 17 nafar fuqaroni Tojikistonga qaytarmaslikka chaqirdi.

“Rossiya hukumati tojikistonlik hamkasblariga [fuqarolarni] noqonuniy majburiy qaytarishga yordam berishni darhol toʻxtatishi kerak. Kerakli sud jarayoni boʻlmagan holda, odamlar tinch namoyishlarda qatnashgani uchun Tojikiston hukumati tomonidan taʼqib qilinishidan qoʻrqib, oʻzlarining vatanga qaytarilishiga eʼtiroz bildirish huquqidan mahrum etilmoqda”, - tashkilotning Markaziy Osiyo boʻyicha tadqiqotchisi Mayzi Vayxerding.

Izzat Amon
Izzat Amon

Bu fuqarolar 2-aprel kuni Tojikistonning Moskvadagi elchixonasi oldida norozilik namoyishiga chiqqan 200 nafardan ortiq tojikistonliklardan boʻlib, oʻsha kuni eʼtirozchilarning 100 nafardan ortigʻi Rossiya politsiyasi tomonidan qoʻlga olingan.

Ular Moskva shahridagi “Tojiklar markazi” jamoatchilik tashkilotining raisi, Izzat Amon nomi bilan tanilgan Xolov Izzatullo Amonovichning ozod etilishini talab qilib, namoyishga chiqishgan edi. Ammo ularning oʻzlari ham hibsga olindilar.

Moskvadagi manbalarning aytishicha, ularning aksariyatiga nisbatan maʼmuriy jazo – jarima tatbiq etilib, ozod etilgan. Ammo 17 nafari namoyish tashkilotchilari sifatida koʻrilib, hibsda ushlab turilibdi. Izzat Amon ham Dushanbeda hibsda.

Tojikistonning garovga olingan va siyosiy mahbuslarni qutqarish boʻyicha fuqarolik qoʻmitasi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) rahbari Ann Linde xonimdan Dushanbega safari paytida Izzat Amon masalasini ham koʻtarishni soʻrab, murojaatnoma yoʻllagan edi.

Linde xonim 15-aprel kuni Prezident Emomali Rahmon va Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muxriddin bilan uchrashdi. Rahmon bilan uchrashuv yopiq eshiklar ortida oʻtganligi sababli uchrashuv tafsilotlari jamoatchilikka maʼlum emas.

Garchi Tojikiston kichik va kambagʻal davlat boʻlsa-da, uning hukumati chet elda muxolifatni nazorat qilish uchun nisbatan keng tarmoq yaratib, ularni qoʻrqitish, taʼqib qilish, hujumlar uyushtirish, hibsga olish va ekstraditsiya qilish bilan shugʻullanib keladi.

Linde uchrashuvdan soʻng jurnalistlar bilan muloqot qilmadi. Tojikiston prezidentining matbuot xizmati “muloqotda Tojikiston va YXHTning siyosiy, iqtisodiy, ekologiya va insoniy masalalarda aloqalari muhokama etildi”, qabilidagi qisqa maʼlumot berdi, xolos.

Tojikistonning garovga olingan va siyosiy mahbuslarni qutqarish boʻyicha fuqarolik qoʻmitasining murojaatnomasida aytilishicha, Izzat Amon 25-mart kuni Rossiyadan noqonuniy yoʻl bilan Tojikistonga olib ketilgan va 20 kun muhlatga hibsga olingan.

26-mart kuni Tojikiston Ichki ishlar vazirligi unga nisbatan “qalloblik” moddasi bo’yicha jinoiy ish ochilgani va qidiruvda bo’lganligi haqida maʼlumot tarqatdi. Izzat Amondan zarar ko’rgan fuqarolar vazirlikning “ishonch” telefoniga qoʻngʻiroq qilishlari ham soʻralgan.

27-mart kuni “YouTube” tarmogʻidagi 200 000 dan ortiq aʼzolari boʻlgan “Izzat Amon” kanalida uning oxirgi ommaviy chiqishi va vatandoshlariga murojaati eʼlon qilindi. Videomurojaat 2021-yilning 23-mart kuni tasmaga tushirilgan.

Bu videomurojaatda u “siz bu videoni koʻrayotganingizda men Moskvadan, balki Rossiyadan tashqarida, balki Tojikistonda, balki zindonda boʻlaman”, degan edi.

Izzat Amonning umr yoʻldoshi Sayyora Tagʻoyevaning “Ozodlik” radiosi bilan suhbatda aytishicha, huquq himoyachisining oʻzi 22-mart kuni oxirgi marta uyiga kelgan va Rossiyaning tegishli organlari uning fuqaroligini bekor qilganligini aytgan. 23-mart kuni uydan chiqib ketib, qayta kelmagan. Oradan necha kun oʻtib, Tojikiston Ichki ishlar vazirligi erining Dushanbeda qoʻlga olinganligini xabar qiladi.

Erkin fikrli yoki hukumatga qarshi fikrlarga ega boʻlgan kishilar Rossiyada qolish-qolmasligi masalasini yaxshi oʻylab koʻrishi kerak.

Izzat Amon Tojikistonda, zindonda paydo boʻlganidan keyin uning ustidan shikoyatchilar soni kundan kunga koʻpayib bormoqda. Ularning aksariyati Izzat Amondan moddiy zarar koʻrganligini iddao qiladi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan bir-biriga oʻxshash daʼvolar odamlar orasida istehzolarga ham sabab boʻlmoqda.

Masalan, oʻzini Tojikiston fuqarosi deb atagan bir nafar "1990-yillar Izzat Amon bilan birga poyezdda safarga chiqqani va u hali toʻrt kunlik safar davomida qaytaraman deb, uning nonini yeganini, ammo qaytarmaganini» iddao qilib, «qallob Izzat Amon javobgarlikka tortilishini daʼvo qilaman", deydi.

Izzat Amonga qilinayotgan daʼvolar memlarga aylanib ketishi ortidan, internet tarmoqlarida tarqalgan qaysi bir daʼvo haqiqiy, qay biri hazil yoki masxara ekanligini aniqlash mushkul.

Jamshed Yorov fikricha, Izzat Amonga huquqiy shikoyat uchun imkon berilmagan.

“Rossiya fuqaroligini bekor qilish haqida sud qaror chiqargani holda uning oʻzi qayta shikoyat qilish huquqiga ega edi. Bu Rossiya qonunchiligida ham, Tojikiston yoki dunyoning boshqa istalgan davlatida ham shunday. Shuning uchun ham, bizning fikrimizcha, Izzat Amon sud hukmi bilan yuborilmagan, balki majburiy yuborilgan yoki oʻgʻirlab ketilgan”, - deydi huquqshunos.

Izzat Amonning Tojikistonga qaytarilishi va hibsga olinishi xalqaro maydonda eʼtiborni jalb qilmay qolmadi.

Meni masalaning boshqa tomoni qiziqtiradi. Rossiya fuqaroligi nima? Rossiya fuqarosini pasportini olib, yirtib tashlashdi va uch kun ichida boshqa davlatga berib yuborishdi.

Texas universiteti qoshidagi Bush maktabi professori Edvard Lemon Izzat Amon masalasida oʻz fikrlarini bayon qildi.

“Bu oʻgʻirlash, albatta, yakka hodisa emas. Garchi Tojikiston kichik va kambagʻal davlat boʻlsa-da, uning hukumati chet elda muxolifatni nazorat qilish uchun nisbatan keng tarmoq yaratib, ularni qoʻrqitish, taʼqib qilish, hujumlar uyushtirish, hibsga olish va ekstraditsiya qilish bilan shugʻullanib keladi”, - deydi u.

Lemonning aytishicha, u transmilliy qatagʻonga oid tadqiqotlarida 1991-yildan beri tojikistonlik fuqarolarning chet ellarda qurbon boʻlishiga oid 63 ta voqeani hujjatlashtirgan.

Bunday holatlarning aksariyati, deydi u, Rossiyada yoki Turkiyada sodir boʻlgan.

Boshqa bir huquq himoyachisi Stiv Sverdlovning aytishicha, bunday holatlar Belarus, Moldova, Qozogʻiston, Qirgʻiziston hamda Gretsiyada ham kuzatilgan.

Janubiy Kaliforniya universitetining tadqiqotchisi Stiv Sverdlov Markaziy Osiyoda inson huquqlari buzilishini muntazam kuzatib keladi. Uning soʻzlariga koʻra, tojikistonlik mehnat muhojirlari “Rossiyadagi aholining eng zaif qatlami” hisoblanadi.

Unga ko’ra, Izzat Omonning Tojikiston va Rossiya hukumatlari tomonidan taʼqib etilishi ushbu mamlakatlar oʻz zimmalariga olgan bir qator xalqaro inson huquqlari majburiyatlarining buzilishidir.

“Ushbu holatda inson qiynoqqa solinishi mumkin boʻlgan mamlakatga qaytarilishi va oʻzboshimchalik bilan fuqaroligidan mahrum etish qonunbuzarliklardir. Izzat Amonning ishi soʻnggi yillarda Tojikistonda huquq inqirozi qay darajada avj olganini ham aks ettiradi”, - deydi tahlilchi.

“Moskvaning inson huquqlari jamoatchiligida, asosan, tojik muhojirlarining huquqlari himoyachisi sifatida tanilgan Amon, odatda Dushanbedagi koʻcha-kuyda taʼqibga uchraydigan oddiy muxolifat vakilidan yiroqdir. Amon ishi shuni koʻrsatadiki, Prezident Emomali Rahmonning avtoritar boshqaruvi ostida hukumat nazoratidan mustaqil boʻlgan har qanday fuqarolik yoki huquqiy faoliyat mavjudlikka tahdid sifatida qaraladi”, - deydi Sverdlov.

Izzat Amon bilan bogʻliq hodisa rus jamiyati faollarini ham befarq qoldirmadi. Jurnalist va tahlilchi Maksim Shevchenko “YouTube” kanalida Izzat Amon haqida soʻzlab, bu holat Rossiyaning oʻzi uchun ham sharmandali holat ekanligini aytadi.

“Tojik huquq himoyachisi Izzat Amon Rahmon rejimiga qarshi chiqishlar qilmas edi. Balki bir rolik yozib, tanqid qilgandir. Umuman, u mehnat muhojirlarining huquqi uchun kurashar edi. Izzatni yaxshi bilar edim. U odamlarga yordam berar edi. Ogʻir holatlarda yordam qoʻlini choʻzar edi. Uni toʻsatdan ushlab Dushanbega yuborishdi. Izzat Amon Rossiyada Diplomatiya akademiyasini bitirgan, nomzodlik risolasini yoqlagan, 1996-yildan beri Rossiya fuqarosi, ahli oilasi bilan shu yerda yashar edi. Meni masalaning boshqa tomoni qiziqtiradi. Rossiya fuqaroligi nima? Rossiya fuqarosini pasportini olib, yirtib tashlashdi va uch kun ichida boshqa davlatga berib yuborishdi. Har bir odam bilan bunday holat kuzatilishi mumkin”, - deydi Shevchenko.

Ijtimoiy-siyosiy masalalar boʻyicha tojik tahlilchisi Abdumalik Qodirovning aytishicha, Tojikiston hukumatining muxoliflari uchun Rossiya bexatar davlat emas.

“Erkin fikrli yoki hukumatga qarshi fikrlarga ega boʻlgan kishilar Rossiyada qolish-qolmasligi masalasini yaxshi oʻylab koʻrishi kerak. Mening fikrimcha, ular oʻz hayotlarini xatar ostida qoldirmaslik uchun Rossiyadan chiqib ketish va boshqa xavfsiz davlatlardan boshpana topish haqida oʻylashlari lozim”, - deydi Qodirov.

Uning fikricha, Izzat Amon Rossiyada muhojirlar huquqlarini himoya qilishi, yaʼni u yerda qonunbuzarlik va vatandoshlariga nisbatan adolatsizliklarga qarshi kurashgani uchun Rossiya hukumati uchun ham bir muammo edi. U Tojikistonga qaytarilganidan keyin muhojirlarni huquq va manfaatlarini himoya qila olmaydi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG