Breaking News

AQSh komissiyasi: O'zbekiston diniy erkinlik bo'yicha hamon maxsus kuzatuvda


AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasining 2022-yildagi hisobotida Markaziy Osiyodan Tojikiston va Turkmaniston qora ro'yxatda
AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasining 2022-yildagi hisobotida Markaziy Osiyodan Tojikiston va Turkmaniston qora ro'yxatda

AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi tahlilicha, Afg'onistonda o'tgan yili Tolibondek mutaassib harakat hokimiyatga kelgani bu mamlakatda hayotni yanada qiyinlashtirib, ozchilikni tashkil etuvchi din va elatlarning vakillari qo'rqinch va tazyiq ostida kun ko'rmoqda. Tashkilot yillik hisobotida Markaziy Osiyodagi ahvol ham tanqid qilinadi.

Demokrat va respublikachilardan iborat komissiya Amerika hukumatini tashqi siyosatda diniy erkinlik masalasini yuqoriga qo'yishga undab keladi. Toki, deydi bu organ, insonlarni e'tiqodi uchun azoblayotgan tuzumlarga nisbatan chora ko'rilsin.

Tashkilot Bayden ma'muriyatini 15 davlatni qora ro'yxatga kiritib, cheklovlar qo'llashga chaqirmoqda: Myanma, Xitoy, Eritreya, Eron, Shimoliy Koreya, Pokiston, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Tojikiston, Turkmaniston, Afg'oniston, Hindiston, Nigeriya, Suriya va Vyetnam.

Rossiyani bu ro'yxatga komissiya 2017-yildan beri tavsiya qilib kelar edi. Davlat departamenti 2021-yilda bu qarorga kelgan. Hisobotga ko'ra, diniy erkinlikni poymol etish bu mamlakatda hamon sistematik va ayanchli.

12 mamlakat maxsus kuzatuvda bo'lsin, deydi komissiya. Jazoir, Kuba, Nikaragua, Ozarbayjon, Markaziy Afrika Respublikasi, Misr, Indoneziya, Iroq, Qozog'iston, Malayziya, Turkiya va O'zbekiston.

O'zbekiston ancha yillar qora ro'yxatda edi. Biroq, komissiya nazarida, o'tgan besh yilda sharoit ancha yaxshilangan, islohotlar davom etishi kerak. Ekstremizmga qarshi kurashda, deydi bu idora ekspertlari, hukumat dindorlarga siyosiy xavf sifatida qaramasligi kerak. Terrorizm xavfi tan olinadi, ammo huquq ham buzilmasin.

Yaqinda Toshkentda ma'muriyat a'zolari, taqvodorlar va fuqaro jamiyati faollari bilan muloqot qilib qaytgan komissiya yetakchilari Nadin Maenza va Nuri Turkel Bayden ma'muriyatidan diniy erkinlik targ'ibotini dunyo bo'ylab kuchaytirishni so'ramoqda.

"2022-yildagi hisobotimiz Kongress va rahbariyatga umumbashariy va uzviy huquqni himoya qilish yo'llari haqida tavsiyala beradi", - deydi Turkel.

Komissyaga ko'ra, Qozog'iston va Qirg'izistonda hukumat bu masalada qo'shnilarchalik repressiv emas. Ammo har ikkisida ham e'tiqod erkinligi bilan bog'liq muammolar talay ekani qayd etiladi.

Turkmaniston dunyoning eng yopiq jamiyatlaridan biri, ma'lumot olish deyarli mumkin emas, deydi ekspertlar. Mavjud informatsiya esa u yerda ahvol bag'oyat murakkab ekanidan dalolat beradi.

Tojikistondad ham tuzum keskin diktatura sifatida inson huquqlarini muntazam buzadi. Respublikadagi vaziyatni komissiya "alohida e'itborga molik" deya tasvirlaydi. Vashingtonga xuddi Ashgabat singari Dushanbe bilan hamkorlikni cheklash maslahat beriladi.

O'zbekistonda komissiya 2021-yilda qator salbiy burilishlar kuzatgan. Hukumat islohotlardan chekinib, repressiv qadamlar tashlay boshladi, deyiladi hisobotda.

Ekstremizmda gumon qilinib hibsga olinganlarning qiynoqqa solinishi, advokatga yo'l berilmasligi, huquqlari batamom buzilishi xususida komissiya asosli axborotga ega ekanini ta'kidlaydi.

Komissiya taxminicha, mamlakat qamoqxonalarida 2200 diniy mahkum bor. Ular asosan Islom Karimov prezidentligi davrida qamalgan. Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelgach, minglab mahkumlar tizimni aybidan pushaymon ekaniga ishontira olgani uchun afv etildi. Ammo, komissiya panjara ortidagi minglab insonlarning ishini qayta ko'rib chiqishga undamoqda.

Chet elda diniy ta'lim olayotganlar hukumat nazoratida ostida, deyiladi hisobotda, xususan Misr va Turkiyadan 1500 dan ziyod talabani vatanga qaytarishga urinishlar bo'lgan.

Xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari olinganiga qaramasdan hukumat 2021-yilda chiqqan qonunda din va vijdon erkinligini bo'g'uvchi choralarni kuchda qoldirgan. Diniy tashkilotlarning ro'yxatdan o'tishi biroz yengillashgan, shuningdek, diniy libosda yurish osonlashgan, deya kuzatadi komissiya, ammo diniy targ'ibot va xususiy diniy ta'lim hamon cheklangan.

O'zbekiston hukumati komissiyaning mahkumlar soni haqidagi ma'lumotlarini inkor etgan. Mutasaddilarga ko'ra, fuqarolarning istagan dinga amal qilishi uchun zarur sharoit yaratilgan: masjidlar, cherkovlar va boshqa ibodatxonalar ochiq; diniy tadbirlar o'tkazish cheklanmagan; odamlar bemalol e'tiqod qilishi mumkin, lekin missionerlikka va ruxsat berilmagan adabiyotlarni tarqatishga, dinni ro'kach qilib, tuzumga qarshi targ'ibot olib borishga, boshqalarni kamsituvchi yoki ularga tahdid soluvchi faoliyat va harakatga toqat qilinmaydi.

Komissiya Amerika hukumatini O'zbekiston bilan hamkorlikda e'tiqod erkinligiga urg'u berib, tazyiqqa uchragan shaxslar va guruhlarni quvvatlashga undamoqda. Rasmiylar deydiki, Davlat departamenti uchun inson huquqlari targ'iboti nafaqat O'zbekistonda, balki jahon miqyosida asosiy maqsadlardan biri.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG