Breaking News

Qirg’izistonda Ukrainaga oid xabar ortidan telekanal yopildi


Faollarga ko'ra, Qirg'izistonda matbuotga qarshi hukumat bosimi kuchayib bormoqda.
Faollarga ko'ra, Qirg'izistonda matbuotga qarshi hukumat bosimi kuchayib bormoqda.

Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi (MXDQ) “Next TV xususiy telekanaliga nisbatan milliy adovatni qoʻzgʻash aybi bilan jinoiy ish ochdi.

“Telekanalning faoliyati toʻxtatildi, direktori Talay Duyshoʻnbiyev ikki oyga hibsga olindi, xodimlari MXDQ tomonidan soʻroq qilindi” - dedi “Next TV” direktorining advokati Akmat Alagushev jurnalistlar bilan uchrashuvda.

MXDQning maʼlumotida aytilishicha, mazkur jinoiy ishga “Next TV” ijtimoiy tarmoq orqali «Ukraina hududidagi maxsus operatsiyada Qirgʻiziston Rossiyaga harbiy yordam koʻrsatishi boʻyicha kelishuvga erishildi” degan maʼlumot tarqatgani sabab boʻlgan.

Nima boʻldi?

“Next TV” direktori Talay Duyshoʻnbiyev 3-mart kuni tunda qoʻlga olingan edi. Telekanal direktori advokati Akmat Alagushevning jurnalistlarga bildirishicha, ish Qirgʻiziston Respublikasi Jinoyat kodeksining 330-moddasi (“Irqiy, etnik, milliy, diniy mintaqalararo nifoqni qoʻzgʻatish”) bilan ochilgan.

Maxsus xizmat “Next TV”ni “FaceBook” va “Telegram” sahifalarida “Ukrainadagi vaziyatda Qirgʻiziston Rossiyaga harbiy yordam beradi” degan soxta xabar tarqatganlikda ayblamoqda. Telekanalning advokati Qozogʻiston sobiq bosh amaldori soʻzlaridan iqtibos olib tarqatgan sahifaning “NEXT TV” telekanaliga yuridik jihatdan aloqasi yoʻq ekanini aytgan.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan daʼvolarni Qirgʻiziston Mudofaa vazirligi inkor qilib, “respublikadagi barcha harbiy qismlar mamlakat ichida joylashgani, ulardan davlat chegarasidan tashqarida foydalanish rejalashtirilmagani” haqida bildirgan.

Advokat Akmat Alagushev telekanal direktori Talay Duyshoʻnbiyev “Mintaqalararo adovat qoʻzg’atish” moddasi asosida qoʻlga olinganini maʼlum qilgan. Advokatga koʻra, maʼlumot telekanalga umuman aloqasi boʻlmagan boshqa manbadan chiqqan va bu holatda idorani muhrlab, efirni toʻxtatishga hojat yoʻq edi.

Shu bilan birga Ravshan Jeenbekov MXDQda telekanalning ikki nafar xodimi ham tergovga olinganini bildirgan.

Soʻroqqa olingan jurnalistlardan biri Perizat Saitburxanning “Ozodlik” Qirg’iz xizmatiga aytishicha, tergov davomida undan “Next TV” faoliyati, kanalning moliyaviy manbasi va Ravshan Jeyenbekov (telekanalning egasi) haqida soʻrashgan.

Siyosatchi Ravshan Jeyenbekov “Next TV” direktorining qoʻlga olinishi boʻyicha ijtimoiy tarmoqda izoh berib, bu voqeani matbuot erkinligiga qarshi kurash qatori baholagan.

"MXDQ qamoqqa Talaynigina emas, Talay misolida barcha jurnalistlarni, soʻz erkinligini, muxoliflarni qamashni istaydi", — deb yozgan Jeyenbekov.

Ravshan Jeyenbekov aslida oldingi Atambayevning ham, hozirgi Jeyenbekovning ham prezidentlik davrida muxolifatchi boʻlgan. Hozirda u Prezident Sadir Japarov boshqaruviga ham muxolif siyosatshunos sifatida ko’riladi. Shu sabab soʻnggi 10 yildan buyon bir necha bor qoʻlga olingan va bosimlarga uchrab kelgan.

Avvalroq u MXDQ “Next TV” telekanalini yopish uchun unga bir necha oydan beri bosim o’tkazib kelayatganini aytgan edi.

“Soʻz erkinligiga bosim”

Qirgʻizistonning media tarmogʻi vakillari va fuqaroviy jamoatchilik mazkur voqea boʻyicha turli axborot agentliklarida va ijtimoiy tarmoqlarda bayonot tarqatdi.

Hukumatga yoʻllangan ushbu murojaatda Qirgʻizistonda ommaviy axborot vositalarini va jurnalistlarni ataylab qoralash, taʼqib qilish davom etayotgani aytiladi.

Qirg'izistonda erkinlik cheklanayotgani yuzasidan jiddiy xavotirlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:35 0:00

“Next TV” telekanaliga boʻlgan harakatni Qirgʻizistondagi soʻz erkinligini bosish harakatining davomi qatori baholaymiz! “Temirov Life”, “Kaktus Media”, “Next TV” medialarining jurnalistlari, Qirgʻiziston Respublikasining qonunlari bilan himoyalangan jurnalistik faoliyatiga toʻsqinlik qilayotgan kuch ishlatar tizimlarining tazyiqlariga uchrashdi. Davlat qonunlariga zid holda bu buyruqlarni bergan va amalga oshirgan huquq-tartibot idoralarining rahbarlari hamda xodimlari javobga tortilsin!” - deyiladi murojaatda.

Qirgʻiziston ombudsmani Atir Abdraxmatova ham Duyshoʻnbiyevni qoʻllab, MXDQni konstitutsiyada kafolatlangan OAV erkinligini hurmat qilishga, adliya organlarini esa telekanalga nisbatan koʻrilayotgan choralarning qonuniyligi, mutanosibligi va zarurligiga huquqiy baho berishga chaqirgan.

Media ekspert Daniyar Sadiyevning aytishicha, “Next TV”ga nisbatan qonun doirasidan chiqqan holda juda keskin qarorlar qabul qilingan.

“Next TV” boʻyicha rostini aytganda, tushunarsiz holat boʻlmoqda. Menimcha, chiqargan materiali uchun ularni ikki oyga qamab qoʻyish haddan oshish boʻldi. Bu ish boʻyicha sud hukmi chiqmay turib qamash, telekanalni yopish mantiqqa toʻgʻri kelmaydi. Buning ustiga u xabar ijtimoiy tarmoqqa joylashtirilgan. Agar buning uchun chora koʻrilgan holda ham, bu chora boshqacharoq boʻlishi kerak edi. Bunchalik qattiq chora boʻlmasligi kerak edi. Shuning uchun bu koʻproq siyosiy qarordek tuyulmoqda. Kanalning xodimlari ham, oʻzlariga nisbatan oxirgi vaqtlarda koʻp bosimlar boʻlganini aytishmoqda. Buni, albatta, matbuot erkinligiga bosim qatori baholash mumkin”, - deydi Daniyar Sadiyev.

Qirgʻiziston prezidentining matbuot kotibi Erbol Sultanbayevning “Kabar” davlat axborot agentligida nashr qilingan murojaatida aytishicha, Qirgʻizistonda “soʻz erkinligi mavjud va bundan keyin ham boʻladi”.

“Hech kim soʻz erkinligini cheklagani yoʻq. Ammo ayni vaqtda soʻz erkinligi niqobi bilan yolgʻon maʼlumotlarni xususiy televideniye hamda boshqa axborot vositalaridan tarqatishga yoʻl berilmasligini ham yoddan chiqarmaslik kerak”, - deb aytadi matbuot kotibi.

Vashington choyxonasi: Qirg'izistonda o'tgan bir yil tahlili
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:30:59 0:00

Mahalliy jurnalistlar esa oxirgi yillarda oʻz faoliyatlarida tahdid, tazyiq va ish jarayonida jismoniy bosimlarga tez-tez uchray boshlagani haqida aytishadi. Ularning bildirishicha voqealarning deyarli yarmida qoʻrqituvlar davlat xodimlari va huquq-tartibot xodimlari tomonidan boʻlgan.

Shu yilning fevral oyida Bishkekda hukumatga qarashli boʻlmagan “Ozodlik”, “Kloop” va “Kaktus” nashrlarini “xorijiy agent” deb topish talabi bilan navbatdagi miting oʻtgan edi.

Qirgʻiziston parlamenti avval qabul qilmagan “Xorijiy agentlar” haqidagi qonun loyihasini qayta koʻrib chiqish masalasi yaqinda yana parlamentning kun tartibiga chiqqan.

Bu esa, mustaqil jurnalistlar va jamoatchi faollar nazarida, Qirgʻizistonda OAVlarga nisbatan bosim kuch olayotganini koʻrsatuvchi holatlardan biri.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG