Breaking News

BMT Inson huquqlari kengashiga kirish O'zbekistonni erkinlashtiradimi?


O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatida, 13-oktabr, 2020
O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatida, 13-oktabr, 2020

O’zbekistonning BMT Inson huquqlari kengashiga saylanishi erkinlik va adolat uchun emas, Mirziyoyev hokimiyati imiji uchun xizmat qiladi, deydi ayrim faollar.

Kengashda Xitoy va Rossiya ham bor, qayta saylangan, va bu davlatlar siyosatini muntazam qo’llab kelgan O’zbekiston mazkur organda ham ularga qarab harakat qiladi, degan qarash keng.

“BMT Inson huquqlari kengashi a’zoligiga saylangan O’zbekistondan inson huquqlariga doir mamlakatdagi mavjud cheklovlarni bekor qilishini yoki xalqaro minbardan turib, uyg’urlar muammosini ko’tarib chiqishini kutayotganim yo’q”, - deydi bu yangilikka munosabat bildirgan huquq himoyachsi Abdujalil Boymatov.

Yangi a'zolarga 13-oktabr kuni BMT Bosh Assambleyasida berildi. Kengashga 47 davlat kiradi. A'zolik muddati uch yil.

O’zbekiston, qator xalqaro tashkilotlarga ko'ra, inson huquqlari muntazam ravishda buziladigan mamlakat. Shunday ekan, bu xabar nafaqat olqishlar ostida balki jiddiy tanqid va munozaralar bilan qarshilandi.

Boymatov nazarida kengashga a’zolik Mirziyoyev hokimiyati imiji uchun xizmat qiladi.

“Inson huquqlari bo’yicha O’zbekistonning xalqaro maydondagi nomiga jiddiy putur yetgan edi, Mirziyoyev hokimyati shu nomni yaxshilashga harakat qilmoqda. Shu maqsadda siyosiy mahbuslar ozod qilindi, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikka o’tildi. Hatto BMT maxsus ma’ruzachilarining O’zbekistonda bo’lishi, vaziyatni yaqindan o’rganishiga ruxsat berildi", - deydi faol.

"Ammo hukumat bunga inson huquqlarini kafolatlash, real islohotlar o’tkazish evaziga emas, shunchaki kosmetik islohotlar qilish bilan erishmoqchi. BMT Inson huquqlari kengashiga a’zolik ham shu yo’ldagi qadamlardan. Afsuski, bu inson huquqi, erkinliklarni ta’minlash, kafolatlash uchun qilinayotgani yo’q".

Boymatov tahlilicha, mustaqil matbuot, mustaqil sud va siyosiy raqobat shakllanmas ekan, Mirziyoyev boshlagan islohotlar samara berdi, deb bo'lmaydi.

"Insonning asosiy huquqi siyosiy tanlov, so’z va e’tiqod erkinligi ta’minlanmagan. Shu manzarada O’zbekistonning bu kengashga kirishi Mirziyoyev hokimiyati obro’siga xizmat qiladi, ammo bundan mamlakat xalqi, aholi yutishiga ishonch yo’q. Chunki hukumat siyosiy islohotlar qilish niyatida emas. Buni o’tgan to’rt yil aniq ko’rsatdi”, - deydi Boymatov.

O’zbekistonning BMT Inson huquqlari kengashiga saylanishini olqishlab tomonlarga ko'ra esa bu qadam inson huquqlariga doir islohotlarni avj oldirishi kerak.

Ammo mustaqil huquq himoyachilariga tayanilsa, O’zbekistonda islohotlar, ayniqsa erkinlik va adolat tomon harakat sust.

Boymatov deydiki, O’zbekistonning Xitoy va Rossiya kabi davlatlar bilan bir vaqtda Inson huquqlari kengashi a’zoligiga saylanayotgani ham diqqatga molik. Toshkent hamisha Moskva va Pekining inson huquqlariga doir siyosatini ma’qullab kelgan.

“Xitoy Markaziy Osiyodagi qudratli o’yinchiga aylandi, mintaqa davlatlarining barchasi uchun asosiy iqtisodiy hamkor. Shavkat Mirziyoyevni hokimiyatga kelishi ortidan esa Xitoy bilan aloqalar yanada qalinlashdi. Bugun O’zbekiston qarzining asosiy ulushi Xitoyga to’g’ri keladi. O’zbekiston avval ham Xitoyni qo’llab kelgan. Endi esa Pekining uyg’urlarga nisbatan tazyiqlarini BMT Inson huquqlari kengashi a’zosi sifatida qo’llab quvvatlaydi, O’zbekiston tashabbusida uyg’urlar taqdiri ko’tarilishiga umid ham qilmaslik kerak. Shunday ekan, O’zbekistonning bu kengashga a’zoligidan na mamlakatdagi, nada dunyodagi inson huquqlariga doir vaziyat uchun foyda bo’lishiga ishonmayman”, - deydi Boymatov.

BMT Inson huquqlari kengashining yangi tarkibini “repressiv davlatlar to’dasi” deya baholagan AQSh hukumati diniy va fuqarolik huquqlarini keskin toptayotgan Xitoy va Rossiya kabi davlatlarining bu organga saylanganidan keskin norozi. Kengash islohotlarga muhtojligini bildirgan AQSh uni 2018-yilda tark etgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG