Tolibon hukumatining ichki ishlar vaziri lavozimini bajaruvchi Sirojiddin Haqqoniy 16-may kuni CNN muxbiri bilan suhbat qilar ekan, tez kunlarda afg’on qizlari va ayollarining o’rta maktabga qaytgani haqida xushxabar tarqalishini aytdi.
Haqqoniy, shuningdek, Tolibon hukumati terrorchilik faoliyatidan yiroq ekani va AQSh xavfsizligiga tahdid uyg’otmasligiga urg’u bergan.
AQSh va NATO kuchlarining 2021-yil avgustida Afg’onistonni tark etishi ortidan hokimiyatga kelgan Tolibon muvaqqat hukumatini to’liq erkaklardan tuzgan. Mamlakatni Afg’oniston Islom amirligi deb e’lon qilgan.
Tolibon talaba qizlarning yangi tartib-qoidalar asosida universitetlarga qaytishiga ruhsat bergan. Oliy ta’lim qat’iy jinsiy segregatsiya talablari asosida yo’lga qo’yilgan. O’z va’dalariga zid ravishda, Tolibon hanuz o’smir qizlarning maktabga qaytishini taqiqlab kelmoqda.
“Oramizda hech kim ayollar ta’limiga qarshi emas. Zotan, qizlar uchun oltinchi sinfgacha bo’lgan boshlang’ich ta’lim allaqachon tiklangan”, - deydi Haqqoniy.
Rasmiyning ta’kidlashicha, Tolibon ayni damda yuqori sinf qizlari uchun ta’limni joriy etish masalasi ustida ishlamoqda. Qisqa fursatda mamlakat va dunyo xushxabar eshitadi. Buning uchun o’smir qizlarning maktab qiyofasini aniqlab olish kerak.
“Qizlarning sha’ni va xavfsizligini kafolatlaydigan shart-sharoitlarni yaratishimiz zarur. Ayni damda shu masala ustida ish ketmoqda. Ta’lim afg’on madaniyati, Islom qoidalari va tamoyillariga asoslanishi lozim”, - dedi Haqqoniy.
To’qqiz oy avval hokimiyatni egallagan Tolibon ayollarga jamoat joylarida burqa deb ataladigan yoping’ich bilan to’liq o’rangan holda yurish to’g’risida farmon bergan.
Ayollarga yolg’iz safarga chiqish taqiqlangan. Safar va sayohat ayolning yaqin qarindoshi sanalgan erkak hamrohligidagina amalga oshirilishi mumkin. Hukumat tarkibida ishlaydigan ayollarning aksariyati ishdan bo’shatilgan.
Xalqaro hamjamiyat Tolibon hukumatini tan olmagan. Ayollar huquqlarining cheklanishi donor mamlakatlar va tahskilotlarning Afg’onistondan uzoqlashishiga sabab bo’lishi yuzasidan Kobul bir necha bor ogohlantirilgan.
Facebook Forum