Breaking News

Ayollarga yangi cheklovlar joriy qilgan Tolibon yanada tarqoqlashgan


A woman wearing a burqa walks through a bird market as she holds her child, in downtown Kabul, Afghanistan, Sunday, May 8, 2022.
A woman wearing a burqa walks through a bird market as she holds her child, in downtown Kabul, Afghanistan, Sunday, May 8, 2022.

Tolibon xotin-qizlar omma orasida faqat ko'zinigina ko'rsatsin, deya buyruq chiqarar ekan, jamiyatda boshqaruvga nisbatan qarshilik yanayam kuchaygan.

Afg'oniston poytaxtida matematikadan dars beradigan juvon yuzini yopib yurishdan bosh tortishini aytadi. Aruza shu tariqa toliblarning burqa talabini qondirmoqchi emas.

Tolibon rahnamolaridan biri, radilkal yondashuvi bilan tanilgan Hibatullo Oxunzoda deydiki, ayollar hatto uydan chiqmasligi kerak, agar bunga majbur bo'lmasa. Onasi, opa-singlisi, qizi va rafiqasini tashqarida yolg'iz qo'ygan erkaklar jazolanadi, deya ogohlantirmoqda hukumat.

2001-yilda AQSh mamlakatga kirganidan keyin ancha erkinlashgan afg'on jamiyati hozirgi taribdan tahlikada. O'tgan yilning avgust oyi o'rtasigacha xotin-qizlar o'qishi, ishlashi, o'zlarini qiziqtirgan faoliyatlar bilan shug'ullana olishi, dam olishi, restoran va kafelarda hordiq chiqarishi, bolalari bilan istirohat bog'larini aylana olishi, bozorlarni keza olishi mumkin edi.

Oxunzoda janubiy viloyat Qandahorda yashaydi, Kobulda deyarli vaqt o'tkazmaydi. Biroq uning harakatga ta'siri beqiyos. Uning tizimdagi izdoshlari Tolibonni o'ta mutaassib yo'ldan yetaklamoqda.

Tolibon asoschisi Mulla Muhammad Umar singari Oxunzoda ham islom va qabilaviy an'analarini uyg'unlashtirgan turmush tarzini targ'ib qiladi.

Oxunzoda qizlarni voyaga yetmasdan uzatishni tavsiya qiladi. Ayollarni eshikdan chiqarmaslik kerak, deydi u.

Biroq Tolibon ichida buni to'g'ri deb hisoblamaydiganlar ham talay. Hozirda harakat pragratistlar, ya'ni zamon talablaridan kelib chiqqan holda ish tutishni xohlovchilar va ekstremistlar, ya'ni islomga fundamental yondashuvchi, o'ta mutaassib qarashdagilarga bo'lingan.

Dar-ul-ulum Hakimiya madrasasi, Qandahor viloyati, 7-noyabr, 2021
Dar-ul-ulum Hakimiya madrasasi, Qandahor viloyati, 7-noyabr, 2021

Afg'onistonda esa ocharchilik, iqtisodiy yetishmovchilik, ishsizlik, moliyaviy inqiroz hukmron.

Tolibon tashqi dunyo bilan til topisha olmasa, odamlar keng miqyosda nobud bo'la boshlaydi. G'arb o'tgan yilidan beri Afg'onistonga tegishli mablag'ni muzlatib qo'ygan, kapital oqimini to'xtatgan.

Afg'onistonda rahbariyat odamlarni ezishda davom etarkan, deydi Amerika rasmiylari, va xususan xotin-qizlar huquqlari qo'pol tarzda toptalar ekan, yordam yo'llari ochilmaydi.

Mart oyida mamlakatda yangi o'quv yili boshlanar ekan, qizlar ham maktabga qatnay boshlaydi, deya kutilgan edi, chunki toliblar shuni va'da qilgan edi. Biroq Oxunzoda buyrug'i bilan ta'lim maskanlari qizlarga ochilmaydi. Rahnamoga ko'ra, o'smir qizlarning bilim olishi islomda cheklangan.

Ism-sharifi ochiq aytilishini xohlamagan va yuqori lavozimda ishlaydigan toliblardan birining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, hukumatda tarqoqlik keng qanot yozgan.

Saudiya Arabistonidan kelgan yordamni olish uchun kutib o'tirgan afg'onlar, Kobul, 25-aprel, 2022
Saudiya Arabistonidan kelgan yordamni olish uchun kutib o'tirgan afg'onlar, Kobul, 25-aprel, 2022

Tariq Farhodiy ismli sobiq mansabdor deydiki, toliblar kelisha olmayotganini ochiqa aytmaydi. Vaholanki, ichki ziddiyatlar ularning amallarida yaqqol ko'rinmoqda.

“Gapi boshqa, ishi boshqa. Bir tomondan va'da berishadi, ikkinchi tomondan uni buzib, cheklovlarni oshiradi. Lekin birdammiz, deb turishibdi, aks holda qulaydi, va qonli mojarolar boshlanadi", - deydi Farhodiy.

“Xalq ularni la'natlamoqda. Xalqaro hamjamiyat ularni qoralamoqda, ammo toliblar miq etmaydi, alamni keskin qarorlar chiqarib olishga urinadi".

Qizlar maktabga qaytadi, degan va'dalar hamon amalda va toliblar buning uchun sharoit yaratilishini ta'kidlab kelmoqda.

Anas Haqqoniy, Tolibonning bir qismi bo'lmish Haqqoniy guruhi yetakchilaridan biri, hukumatda yuqori lavozimdagi shaxs, Xost viloyatida kechgan matbuot anjumanida dediki, qizlar o'qishga haqli. U ayollarning jamiyatdagi rolini ham e'tirof etgan.

Ammo maktablar qizlar uchun aynan qachon ochiladi?

“Yaqin kunlarda bu borada xush xabarlar bo'ladi", - deydi Haqqoniy.

Tolibon repressiv siyosati bilan afg'onlarni vatandan qochishga majbur qilmoqda, deydi aholi vakillari
Tolibon repressiv siyosati bilan afg'onlarni vatandan qochishga majbur qilmoqda, deydi aholi vakillari

Shu kunlarda Kobulda kechgan tadbirlarda ayollar yuzini yopmayotganini ko'rasiz. Burqada yurganlar ozchilik.

“Boshimizni o'raymiz. Kimdir xohlasa, yuzini yopsin. Lekin toliblar uchun aslida bu muhim emas. Ular xotin-qizlar umuman ko'zga ko'rinmasligini xohlaydi. Biz yo'q bo'lishimiz kerak", - deydi Shabona, vaziyatdan nolir ekan.

Aruza fikricha esa toliblar ataylab odamli qiynayotgandek. "Ketishimiz kerak bu yurtdan, shunga majbur qilishyapti".

"Bizni odam deb hisoblashmaydi. Hech kimga hisobot berishmaydi. Bunday jamiyatda yashab bo'ladimi?"

Parvina ismli ayol hozirgi Afg'onistonni qamoqxonaga tenglashtiradi.

“Biz yashashni istaymiz. Nega yashirinib o'tirishimiz kerak?"

“O'tgan 20 yil mobaynida ne orzular bilan yashagan edik. Qancha mehnat qilindi. Qancha ayollar bilimli va hunarli bo'ldi. Endi esa toliblar ayollarga qarab, "siz bizga kerak emassiz", deyapti", - deya xulosa qiladi Ubaydulla Bahir, Tolibon hokimiyatga kelgach Amerikadan boshpana olgan afg'on olimi.

Oldin Kobulda dars bergan professor nazarida ham hozirgi hukumat har kungi qarorlari bilan odamlarni mamlakatdan qochishga undamoqda.

"Tolibonga nisbatan norozilik oshganda oshgan. Bu holat barqarorlikdan darak emas".

Tolibon tinchlik va tartib, to'qchilik va imkoniyat va'da qilgan edi, deya eslatadi Bahir. "Hozirgi vaziyat buning mutlaq aksi".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG