Breaking News

Afg'on jurnalistlari Tolibonni repressiyada ayblamoqda


Kobulda matbuot anjumani, 13-fevral, 2022
Kobulda matbuot anjumani, 13-fevral, 2022

Afg'onistonda Tolibon hokimiyatga kelganidan beri axborot vositalarining deyarli yarmi yopildi. Ayollar jurnalistikadan uzoqlashtirilgan. Har kuni yangi cheklov.

Qandahor viloyatida muxbirlar ishlash deyarli mumkin bo'lmay qolganini aytadi. Matbuot xodimlari uchun imkoniyat va sharoit yo'q, deydi ular.

“Tinimsiz tahdid. Velosiped o'g'irlangani haqida xabar bersak ham do'q qilishyapti, hatto politsiya bu borada zo'ravonlik qiladi", - deydi mahalliy gazeta muharriri.

Tajribali jurnalistlar yo'lini qidirmoqda, chunki aholiga axborot zarur.

“Tolibon faqat u bergan narsani chop etishimizni talab qiladi. O'zimiz biror informatsiya yig'a olmaymiz".

Fevral oyida Qandahorda toliblar bir ayolni otib o'ldirganida norozi omma ko'chaga chiqdi. Muxbirlarga uni yoritishga ruxsat berilmadi.

“Nimani yoritish, qanday yoritish... Hammasi qo'rqinchli", - deydi muharrir.

"Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotiga ko'ra, Afg'onistonda o'tgan 20 yilda rivojlana boshlagan erkin jurnalistika bugun chilparchin.

Birgina Qandahorning o'zida to'rt radio va bir telekanal yopilgan. 24 soatli efir endi 4-12 soat. Xabar berish va ko'ngilochar dasturlarga turli taqiqlar qo'yilgan.

Tolibon boshqaruvi ostida mamlakatda ommaviy axborot vositalarining 40 foizi faoliyatini to'xtatgan. Minglab afg'onlar ishdan ayrilgan, tajribali ayollar va erkaklar bugun boshqa imkoniyatlar izlab sarson.

Yaqinda o'tkazilgan so'rovda kamida 6400 jurnalist, Afg'onistondagi matbuot xodimlarining 60 foizi, Tolibon siyosati natijasida turli radio, telekanal, gazeta va jurnallarni tark etgani aniqlangan.

"Human Rights Watch" inson huquqlari tashkilotiga ko'ra, viloyatlarda vaziyat Kobulga qaraganda yanayam og'ir. Biroq muammolarni muhokama qilish, shikoyat qilish, najot izlashning iloji yo'q.

Tashkilot eksperti Farishta Abbosiy deydiki, toliblarning zo'ravonligi haqida axborot berish qiyin ekan, dunyo ham bu azoblardan bexabar.

Tolibon so'zlovchisi Zabiulla Mujohid deydiki, axborot vositalari mablag'ni chet eldan olgani uchun ham bugun ishlay olmayapti. Muammo mablag' to'xtaganida, hukumatda emas, deydi u.

“Biror jurnalist qamoqda emas. Muxbir biror idoraga chaqirilsa, u hibsga olindi, degani emas", - deydi rasmiy.

“Musiqa eshitmaymiz. Dasturlarda ayollar qatnasha olmaydi. Ko'ngilochar biror narsaga ruxsat yo'q", - deydi Qandahordagi yana bir jurnalist.

“Nima qilaylik? Kim dardimizni eshitadi? Kim bizni himoya qiladi? Hech kim".

Yaqinda xavfsizlik xodimlari olti jurnalistni olib ketgan. Dom-daraksiz.

“Xalqaro hamjamiyatga qolsa, biz matonat bilan davom etishimiz kerak. Ammo bizga biror narsa bo'lsa, kim xabar oladi?" - deydi yosh muxbir.

Ism-sharifini aytishga qo'rqadigan bu mutaxassislar imkon topsa, vatanni tark etishga tayyor.

Jurnalistlar xalqaro federatsiyasi hisobicha, o'tgan yilning avgustidan beri, ya'ni Tolibon Kobulni egallaganidan buyon 600-1000 orasida jurnalistlar allaqachon chiqib ketgan.

Qandahorda matbuot xodimlari oldingi hukumat davrida ham ish oson kechmaganini aytishadi. Biroq u qiyinchiliklar ko'proq tabiiy mashaqqatlar edi. Korrupsiyalashgan tizim, rasmiylarning mas'uliyatdan qochishi, matbuotni yolg'onda ayblash. Hozirga kelib, axborot vositalari eng zarur ishlarini ham qilolmaydi. ya'ni xabar yig'a olmaydi. Hukumat nima uzatsa, shunigina chiqarishga majbur.

"Jurnalistika endi yo'q, kelajagi ham yo'q", - deydi 24 yoshli muxbir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG