Tolibon Afg’onistonda hokimiyatni qo’lga olgach, Kanada hukumati minglab afg’onlarga boshpana berishga va’da bergan edi. Ayniqsa Kanada harbiylari bilan ishlagan afg’onlarga va ozchilik guruhlar vakillariga. Kanadaga yetib kelgan qochqinlarga Hazora gumanitar xizmati degan tashkilot ko’maklashyapti.
“Kanadaga o’tgan yilning avgustida kelganman. Bu mamlakatda yangi hayot boshlaganimizga mana 7-8 oy bo’lib qoldi. Boshida juda qiyin bo’lganini eslayman. Jamiyat, madaniyat, sog’liqni saqlash va ta’lim tizimi – hamma narsa boshqacha. Hatto avtobusdan qanday foydalanishni bilmas edik”, - deydi Nodira Haqjo’.
Uning oilasiga Hazora gumanitar xizmati degan tashkilot ko’maklashgan.
“Biz uchun o’tkazilgan oriyentatsiyalarda ko’p narsani o’rgandik. Til bilan bog’liq muammolar ham bo’ldi. Hammasiga mana shu tashkilot yordam berdi. Hatto uyni mebel bilan jihozlashga”, - deydi suhbatdosh.
Muhammad Ishoq Paymon ham hazora shialar vakili, Afg’onistonning Bomiyon viloyatidan. Kanadaga 2021-yilning avgustida, Tolibon Afg’onistonda hokimiyatni qo’lga olganidan keyin kelgan.
“Afg’onistonda 18 yil davomida gazetada muxbir bo’lib ishlaganman. So’ngra Mudofaa vazirligida turli lavozimlarda, jumladan, matbuot kotibi bo’lib ishladim. Afg’onistonda bizning mazhabga mansub, buning ustiga hukumatda ishlaydigan odamlar doim xavf ostida. Shuning uchun Kanadaga kelishga qaror qildik”, - deydi Paymon.
Boshida 14 kun karantinda mehmonxonada turdik, Hazora gumanitar xizmati tashkilotidan ko’ngillilar bizga ham moliyaviy, ham ruhiy va ma’naviy yordam ko’rsatishdi, deydi u.
Kanadada rasman 2019-yilda ochilgan Hazora gumanitar xizmati tashkilotiga Ibrohim Mohebi asos olgan va uni yuritadi. Asl kasbi shifokor. 1998-yilda Tolibon Mozori Sharifda minglab hazoralarni qirgan, Pokistonga qochib omon qolganlardan biriman, deya hikoya qiladi u. Qo’shni davlatda u bir muddat BMT idorasida faoliyat yuritgan.
Afsuski, deydi Ibrohim Mohebi, Kanadaga kelgandan so’ng tibbiyot sohasida kasbimni davom ettirish orzuim amalga oshmadi.
“Ko’p qiyinchiliklarga duch keldim, o’qishni davom ettirish uchun moliyaviy manbalarni, umuman o’z yo’limni topa olmadim. O’sha achchiq tajriba doim yodimda. Bu esa yangi muhojirlarga yo’l-yo’riq ko’rsatuvchi mana shu tashkilotni ochishimga turtki berdi”, - deydi u.
Tashkilot o’z oldiga qo’ygan maqsad – yangi muhojirlarni Kanadada joylashish jarayonida qo’llab-quvvatlash, shuningdek, ko’ngillilik madaniyatini targ’ib qilish.
“Yangi kelganlarga uy-joy topish, farzandlarini maktabga qo’yish, oilaviy shifokor bilan bog’lanishda ko’maklashamiz, lingvistik xizmatlar ko’rsatamiz” – deydi Mohebi.
Uning aytishicha, Kanadada boshpana topayotgan hazoralar soni oshib bormoqda, hozirda 15-20 mingga yetgan bo’lishi mumkin. Ular asosan Afg’oniston, Eron va Pokistondan keladi.
Kanadaga muhojirlar, deydi Mohebi, diniy va siyosiy ta’qiblardan xoli imkoniyatlar mamlakati bo’lgani uchun, ko’pmadaniyatlilik bu jamiyatda olqishlangani uchun kelishadi.
“Afg’oniston hazora jamoasi uchun xavfsiz joy emas. Qotilliklar, portlashlar oddiy hol. Farzandlarimiz maktabdan qaytgunigacha uyda xavotir olib o’tiramiz. Hatto masjidda erkin e’tiqod qilolmaysiz, to’yga bora olmaysiz. Hujumlardan qo’rqasiz. Vaziyat juda yomon”, - deya tasvirlaydi Nodira Haqjo’.
Ayol Afg’onistondan uchib ketish kunini, biror hujum sabab samolyot uchmay qoladi deya xavotir olganini yaxshi eslaydi.
“Uch bola bilan aeroportga kelganimda juda xavfli va gavjum edi. Bolalarimni mahkam ushladim, yo’qolib qolishidan qo’rqdim. Istagan payt portlash ro’y berishi mumkin edi”, - deydi u.
Aeroportni kuchli stress va qo’rquv holatida tark etganmiz, deya eslaydi Muhammad Ishoq Paymon.
“Chunki 1990-yillarda Tolibon ozchilikdagi hazoralarga qanday munosabatda bo’lganini hech unutmaymiz. O’tgan yili mamlakatdan evakuatsiya qilinmasak, 99 foiz amin edimki, bizni toliblar o’ldirishardi. Kobul aeroportining kanadaliklar nazorat qiladigan qismiga kirgach, o’zimizni nisbatan xavfsiz his eta boshladik”.
Ibrohim Mohebining aytishicha, uning tashkiloti nafaqat hazoralarga, balki yoshi, irqi va jinsidan qat’i nazar barcha muhtoj insonlarga ko’mak ko’rsatishga tayyor.
Afg’onistonda hayoti xavf ostida bo’lgan insonlarni qutqarish muhimligini ta’kidlab kelayapmiz. Bu insonlarni zudlik bilan olib chiqish kerak, ertaga kech bo’ladi, deydi u.
Facebook Forum