Breaking News

Pokiston hazoralari: Hukumat bizni yetarlicha himoya qilmayapti


Pokistondagi hazora shialar sunniy jangarilar tomonidan muntazam nishonga olinadi. Ozchilikdagi jamoa nazarida bu genotsid va hukumat ularni yetarlicha himoya qilmayapti.

Pokistonning hazora jamoasi qariyb 20 yildan buyon qonli zo’ravonliklar bilan yuzlashib keladi. Aprel oyida ularga qarshi kamida to’rt hujum ro’y berdi. Biror odam javobgarlikka tutilgani yo’q, deydi ochlik e’lon qilgan shialar.

“Armiya rahbari Qamar Bajva oddiy inson sifatida, ota sifatida biz bilan kelib ko’rishsin, dardimizni tinglasin. Uch ming beva, 10 ming yetim bilan kelib gaplashsin. Nega hukumat chora ko’rmaydi”, - deydi huquq faoli Jalila Haydar.

Balujiston viloyati Ichki ishlar vaziri Mir Sarfaraz Bugti namoyishchilar bilan ko’rishib, qotil terrorchilarni topamiz va ular qonun oldida javob beradi, deya va’dalar berdi. Ochlik aksiyasida qatnashganlar armiya rahbari shaxsan Kvetta shahriga kelamaguncha namoyishni davom ettirdi.

“Bizning mahallalarga kirib, yoshlarimizni otib ketayotgan odamlar kim? Xavfsizlik kuchlari qayerga qarayapti”, - deb so’raydi Rohila Haydar.

O’tgan 20 yilda Pokistonda portlash va otishmalarda minglab hazoralar halok bo’lgan. Sunniy jangari guruhlar ularni yo’ldan adashgan musulmonlar deb biladi. Aksariyat hollarda hujumchilar qo’lga olinmaydi.

Jangarilar uchun hazoralarni topish ham, tanish ham oson. Ularning qonida ham mo’g’ullar, ham markaziy osiyoliklar bor. Asosan Kvetta shahridagi ikki yirik mahallada yashashadi. Jamoa uchun alohida rayonlar va yo’llar belgilangani uchun hujumlarni uyushtirish ham oson.

Pokiston inson huquqlari komissiyasiga ko’ra, o’tgan besh yilda Kvettada terror xurujlarida 700 dan oshiq hazora o’ldirilgan. Hukumat ularni himoya qilish uchun imkon qadar harakat qilayotganini bildiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG