Breaking News

Minglab hazoralar elektr loyihasini tanqid qilib, namoyishga chiqdi


Afg'oniston poytaxti Kobulda minglab hazoralar bir necha viloyatni elektr energiyasi bilan ta'minlash loyihasidan quruq qolayapmiz, deya hukumatga qarshi namoyishga chiqdi.

Politsiya prezident saroyiga olib boradigan yo'llarni yopib qo'ygan. Shia mazhabidagi bu guruh yetakchilariga ko'ra, Turkmanistondan Kobulga tortilayotgan elektr liniyalari avval rejalanganidek Bomiyon viloyati orqali o'tishi kerak.

Ammo loyihani tezroq bitirish va mablag' tejash maqsadida elektr simlari Salang darasi orqali o'tadigan bo'ldi. Aksar aholisi hazoralar bo'lmish Bomiyon va Vardak viloyatlari ham yetarli elektr bilan ta'minlanadi, deydi rasmiylar.

500 kilovattli elektr liniyasi Osiyo taraqqiyot banki tomonidan moliyalangan TUTAP loyihasining bir qismidir. Turkmaniston, O’zbekiston, Tojikiston, Afg’oniston va Pokiston bosh qo'shgan bu proyekt 2018-yilga borib, Afg'onistonning 10 viloyatini elektr bilan ta'minlashni ko'zda tutadi.

Hazora shialar Afg'oniston aholisining taxminan 15 foizini tashkil etadi. Namoyish nisbatan tinch o'tgani xabar qilinmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG