Breaking News

Qirg’iziston yirik GES qurish uchun sarmoyachi izlayapti


Bishkek, Qirg'iziston.
Bishkek, Qirg'iziston.

O’tgan yil oxirida Qirg’iziston hukumati Yuqori Norin gidrostansiyalar tizimini qurish bo'yicha Rossiya bilan tuzilgan shartnomani bekor qilishga qaror qildi.

Qirg’iziston yirik GES qurish uchun sarmoyachi izlayapti-Muhiddin Zarif (1-qism)
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:34 0:00
Qirg’iziston yirik GES qurish uchun sarmoyachi izlayapti-Muhiddin Zarif (2-qism)
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:25 0:00

Prezident Almazbek Atambayev Moskva hozirgi sharoitda ushbu loyihaga sarmoya ajrata olmasligini aytadi.

2012-yilning kuzida imzolangan shartnoma Rossiyaning Qirg’izistondagi eng yirik iqtisodiy loyihalaridan bo’lib, Norin daryosida to’rtta elektr inshooti qurish va ishga tushirishni ko’zda tutgan edi. Bishkek endi yangi sarmoyachilar bilan ishlash niyatida.

Mahalliy mutaxassislarning aytishicha, Rossiya bilan tuzilgan shartnomani bekor qilishga kirishish, biroz noxush tuyulsa-da, aslida kutilgan va mantiqan to’g’ri qaror.

Qirg'iziston parlamenti deputati Anvar Ortiqov aytishicha, ushbu qadam, albatta, Moskva bilan kelishilgan holda va Rossiya tomonining hozirgi sharoitdagi imkoniyatlaridan kelib chiqib qo’yilmoqda.

“Loyiha Qirg’iziston uchun o’ta muhim, hozir biz Norin daryosining energetika imkoniyatlarining taxminan 10 foizidan foydalanayapmiz, xolos. Gap qurilish ishlarini tezroq boshlash haqida ketayapti”, - deydi arbob.

Tartibga ko’ra, hukumatning shartnomani denonsatsiya qilish taklifi parlamentda ko’rilishi va tegishli qaror prezident tasdig’idan o’tishi lozim.

Iqtisodchi olim, mahalliy universitetlardan birining dotsenti Alisher Yusupov deydiki, Yuqori Norin suv-elektr inshootlari tizimi Qirg’izistonning energetika sohasida to’la mustaqilligini ta’minlashni ko’zda tutadi. Shu bilan birga, loyiha suv ta’minotini yuksaltirishga xizmat qiladi.

“Albatta, 2012-yilgi shartnoma bekor qilinar ekan, Qirg’iziston vaqtdan yoki, iqtisodchilar tili bilan aytganda, boy berilgan imkoniyatlar masalasida, yutqizmoqda. Albatta, yangi hamkorlar topiladi. Birinchi navbatda bu moliya va tajribaga ega bo’lgan Xitoy kompaniyalari bo’lishi mumkin. Mazkur o’lka Qirg’izistonda qator yirik loyihalarni amalga oshirdi va oshirmoqda. Jumladan, Kemin - Datka elektr quvvati uzatish shohobchasi qurilib ishga tushirildi”, - deydi iqtisodchi olim.

Suhbatdosh fikricha, shartnomaning bekor qilinishi tashqi dunyo hamda mahalliy aholining ayrim qatlamlari nazarida Moskva obro’siga ma’lum putur yetkazishi ehtimoldan xoli emas.

Mahalliy mutaxassislar aytishicha, salkam uch milliard dollarga teng sarmoya sarflanishi kutilgan inshootlar orasida ulkan Qambar-Ota-1 gesi ham bor.

Aytish joizki, rasmiy Toshkent qo’shni Tojikiston hamda Qirg’izistonda baland to’g’onli suv-elektr stansiyalari barpo etish harakatlariga salbiy munosabat bildirib kelgan. O’zbekiston, bot-bot Qozog'iston ham bunday inshootlarning xavfsizlik darajasi hamda atrof-muhitga noxush ta’siri alohida e’tiborga loyiqligini ta’kidlagan.

“Menimcha, ma’lum bahslarga sabab bo’lgan yirik loyihadan voz kechar ekan, Moskva o’z geosiyosiy manfaatlaridan kelib chiqqan holda Qirg’izistonga qo’shni mamlakatlar pozitsiyasini ham inobatga olgan bo’lishi mumkin", - deydi iqtisodchi olim Alisher Yusupov.

XS
SM
MD
LG