23-iyul kuni Afg’onistonda “Islomiy davlat” to’dasi amalga oshirgan xudkushlik hujumida 80 dan ziyod shialar nobud bo’lgan edi. 200 dan ziyod odam jarohatlangan. Shundan buyon vaziyat qaltis.
Terror guruhi hujumni shialardan iborat hazora etnik guruhiga qarshi ogohlantirish sifatida amalga oshirgan. Suriyadagi tuzumni qo’llab-quvvatlashni bas qiling, deyiladi guruh bayonotida.
Xabarlarga qaraganda, Eronda boshpana olgan uch million afg’on qochqinlari orasidan odamlar tanlab olinib, harbiy tayyorgarlikdan o’tkazilyapti va hukumat tarafida jang qilish uchun Suriyaga jo’natilyapti.
“Islomiy davlat” guruhining Afg’onistondagi qo’mondoni Abu Umar Xurosoniy yashirin manzildan “Reyter” axborot agentligiga intervyu bergan.
“Agar hazoralar Suriyaga borishni, Eron quli bo’lishni bas qilmasa, xurujlarni davom ettiramiz. Bu qo’limizdan keladi”, - deydi u.
Biroq afg’on shialari yetakchilari hazoralarning Suriyada jang qilayotgani haqidagi iddaolarni inkor etmoqda.
"Islomiy davlat” hazora va shialarni dushman deb biladi, chunki jihodchilar mazhablarni bir-biriga qarshi qayrab, Iroq va Suriyada bo’lgani kabi mamlakatni parchalash niyatida”, - deydi shialarning parlamentdagi vakili Xudodod Erfaniy.
Mazhablararo kurash emas
“Islomiy davlat” va al-Qoida Iroq va Suriyada sunniylarni yagona bayroq ostida birlashtirish uchun shialarga qarshi mafkuradan azaldan foydalanib keladi.
Afg’oniston aholisining aksariyati – sunniy musulmonlar. Ammo qo’shni Pokistondan farqli o’laroq, Afg’onistonda 40 yillik urushga qaramay mazhablararo adovat chuqur ildiz otmagan.
“Afg’onistondagi urushning negizi mazhabchilik emas, balki mafkura yoki elatlararo avodat”, - deydi afg’oshunos olim Barnet Rubin.
Tolibon xurujlarni o’zidan soqit qildi
Tolibon harakati Kobuldagi xunrezlik va hazoralarga qarshi oldingi hujumlarni o’zidan soqit qilishi katta ahamiyatga ega, deydi u. “Chunki ular mazhablar orasida ixtilof alanga olishini istamaydi”.
Tolibon “Islomiy davlat”ga qarshi janglar olib bormoqda, mamlakatni o’z jang maydoni deb biladi.
“Islomiy davlat” uchun Afg’onistonda joy yo’q. Ularning siyosiy vazifasini tasavvur qilish qiyin. Kim ularni qo’llab-quvvatlaydi? Ular hech kimga ma’qul emas. Hech qanday vazifani ham bajara olmaydi”, - deydi Barnet Rubin.
Olimning aytishicha, hazoralarning bugungi ahvoli ilgariga qaraganda yaxshiroq, so’nggi paytlarda imkoniyatlar kengaydi, shu jumladan siyosiy jabhada. Shu bois hazoralar hozirgi hukumat birdamligi saqlanib qolsin, deydi.
Shia yetakchilari ziddiyatni kamaytirmoqchi
Qonli hujum ketidan shia yetakchilar o’z tarafdorlarini bosiqlikka da’vat etdi. Vitse-prezident Sarvar Donish va hukumatning yana bir yuqori martabali rasmiysi Hoji Muhammad Muhaqqiq shialarni xavfsizlik kuchlari bilan hamkorlikka undadi.
“Boshqa mazhablar vakillariga nafrat toshini otishga shoshilmang”, - deydi Donish.
Hazoralar ko’proq Prezident Ashraf G’ani hukumatidan g’azabda. Nima sababdan kerakli xavfsizlik choralari ko’rilmadi, deya so’raydi ular.
“Islomiy davlat” Afg’oniston sharqidagi manzillaridan haydab solinar ekan, hujumlar davom etishi muqarrar. Yaqinda Nangarhor viloyatida 120 jihodchi yo’q qilingan.
Zo’ravonliklar davom etsa hazoralar va mamlakatda azaldan ustuvor maqomga ega pushtular orasidagi ziddiyat kuchayishi mumkin.
“Jamiyatda adovat va nafrat bo’lsa, bu kabi voqealar ularni yanada kuchaytiradi”, - deydi Barnet Rubin.
Deputat Xudodod Erfaniy esa kelajakdan umidvor.
“Afg’oniston xalqi – pushtular, hazora va tojik-u o’zbeklar birdamlik namoyish qilsa va “Islomiy davlat”ga qarshi chiqsa, terrorchi guruh Afg’onistonda muvaffaqiyatga erisha olmaydi”, - deydi u.