Afg’onistonda o’tgan 15 yil mobaynida telefon va internet xizmatlari yetib bormagan joy qolmadi. Har kimning qo’lida mobil telefon, aksariyat hollarda internetga ulangan, lekin aholi sifatdan rozi emas.
Ko’pchilik uchun internet ham ma’lumot manbai, ham aloqa vositasi.
“Bundan 14 yil avval internet yo’q edi. O’tmishda odamlar bir o’lkadan boshqa bir o’lkaga xat yuborsa, yillab yetib bormas edi. Hozir bu narsa bir soniyada amalga oshadi, bu internetning yaxshiligi”, - deydi Muhammad Zohir ismli yigit.
Talabalarga ko’ra, bugun internet yoshlar hayotining muhim bir qismiga aylangan. Internet maktablar va oliygohlarda o’qiyotganlarga juda qo’l keldi. Noyob kitoblar bilan ta’minlangan elektron kutubxonalar mavjud. Internet yoshlar bilimini oshirishda ulkan rol o’ynaydi. Lekin ko’plab maktablar va universitetlar hanuz internet bilan ta’minlamagan.
“Ham kitobxonalardan, ham internetdan foydalanaman. Qadimda internet, media yo’q ekan, odamlar biror kitobni topib olishda qiynalar ekan. Shahardagi olimlarga murojaat qilar ekan. Hozir jahon olimlari bizga yaxsi qulayliklar yaratib bergan. Har qanday kitoblarni internetdan topib olsa bo’ladi”, - dydi Firishta Molikzoda ismli talaba.
Shukriya Jo’yo fikricha, internet katta ahamiyatga ega.
“Biz shoshilinch seminarlarni internetdan foydalangan holda tayyorlaymiz. Internetning salbiy tomoni shuki, bugun yoshlar internetga tayanib kitob o’qimaydi. Menimcha yoshlar kitob o’qishlari kerak, kitobdan o’rgangan narsa insonning esidan chiqmaydi”, - deydi u.
Darhaqiqat, ko’plab yoshlar nazarida internetdan to’g’ri maqsadda foydalanish zarur. Global tarmoqda vaqtni bekor o’tkazish kerak emas, deydi ular.
Afg’onistonda internet narxi qo’shni mamlakatlarga qaraganda ancha arzon, lekin sifat nuqtai nazaridan bugun internet tezligi talablarga javob bermaydi. Iqtisodi zaif o’lkada internetdan foydalanishga qurbi yetmaydiganlar ham bor.
“Internetni yaratganlar shu narsaning sifatini ham o’ylashi kerak. Men bunga internetni yaratganlarni hamda hukumatni mas’ul deb bilaman”, - deydi Shukriya Jo’ya.
“Afg’onistonda internetdan foydalanishda qiyinchilik ko’p. Bir oylik 5GB internet 550 afg’oniy (8 dollar). Internet narxi arzonlashishini so’raymiz. Bundan tashqari ba’zi saytlarda cheklovlar qo’yilgan. Muhim kitoblarni bepul ololmaymiz. Bu ham muammo”, - deydi Juzijonlik Shijouddin Hanif, talaba.
"Facebook" - ko’p foydalaniladigan ijtimoiy tarmoqlardan biri. Lekin u orqali odamlarga halaqit beradiganlar ham ko’p. Ba’zilar ijobiy foydalansa, ba’zilar bu narsani salbiy iste’mol qiladi. Yoshlar nazarida, “Facebook” shaxsiy reklamalar markaziga aylangan.
“Facebook”da yaxshi narsalarni ham ko’raman. Ba’zilar foydali ma’lumotlar qo’yadi. Ba’zilar “Facebook”ning ahamiyati haqida bilmaydi. Shuning uchun yaxshi tarzda foydalana olmaydi”, - deyd faryoblik Faxriddin.
Shijouddin Hanif deydiki:
“Ba’zi bolalar qizlar nomiga “Facebook” tuzatib boshqalarni, jumladan, qizlarni aziyat qiladi. Ba’zilar esa odamlarni so’ramasdan o’zlari yaratgan gruppasiga qo’shadi. Gruppada arzimas rasmlar-narsalar qo’yadi, “Facebook”ning ham shunday qiyinchiliklari bor.”
“Facebook”ni ishlatadigan olimlarimiz foydali ma’lumotlar qo’yadi, lekin ba’zilar faqat rasmlarini yuklaydi, xolos. Foydali narsa qo’ymaydilar”, - deydi Shukriya Jo’ya.
So’nggi yillarda Afg’onistonda internetdan foydalanuvchilar soni juda ko’paydi. Yosh-qari, hatto balog’at yoshiga to’lmagan bolalar qo’lida internetga ulangan mobil telefonlar bor.
Jahon bankiga ko’ra, Afg’oniston aholisining 12 foizidan oshig’i internetdan foydalanadi.