Husayn Andaryas 1980-yillarda Afg’onistonda SSSR qo’shinlariga qarshi kurashgan diniy qatlam safida bo’lgan. Sovet kuchlari mamlakatni tark etganidan ko’p o’tmay xristian dinini qabul qilgan. So’nggi to’qqiz yil mobaynida Andaryas mintaqaning turli mamlakatlarida sargardon yurdi, qiynoq va ta’qib ostida yashadi. Virjiniya shtatidagi cherkovdan ish taklifini olgach, AQShga immigratsiya qildi.
Andaryas ayni damda Tennessi shtatida yashaydi. “Youtube” va “Facebook” platformalarida dariy va pushtun tillarida xristian dinini targ’ib qiladi.
“Tennessida 15 nafar afg’onistonlik a’zo bo’lgan cherkovimiz bor. Kentukki, Los-Anjeles va mamlakatning boshqa hududlarida yirik afg’on cherkovlari faoliyat yuritmoqda”, - deydi u.
Andaryasning ta’kidlashicha, xristian dinini qabul qilgan afg’onlarning ko’pchiligi Tolibon hokimiyatni egallaganidan so‘ng AQShga ko’chib o’tishga muvaffaq bo’lgan.
AQShning Diniy erkinlik bo’yicha xalqaro komissiyasi o’tgan oy Davlat departamentini Tolibon boshqaruvidagi Afg’onistonni alohida xavotirga molik mamlakatlar ro’yxatiga kiritishga chaqirgan. Bunday chora turli moliyaviy sanksiyalar va Tolibon rasmiylarining sayohat va safar qilishiga cheklovlar joriy qiladi.
“Tolibon o’zining ekstremistik talqiniga asoslangan islomiy qonunlar asosida ozchilikni tashkil etuvchi diniy guruhlarni ta’qib qilib, jazoga tortmoqda”, deyiladi komissiya hisobotida.
38 million aholiga ega Afg’oniston xalqining 85 foizini sunniy musulmonlar tashkil etadi. Shialar 12 foiz. Sikh va hindular hamda boshqa din vakillari ozchilik qatlami sanaladi.
Afg’onistonda shia, sikh va hindular IShID ning Xuroson guruhi nishoniga aylanayotgani jahon hamjamiyatiga yaxhsi ma’lum. Biroq AQShda asoslangan “International Christian Concern” (ICC) nodavlat tashkilotining bildirishicha, Afg’onistonda xristianlar Toilibon tazyiqlari ostida kun kechirmoqda.
“Tashkilot ayni damda Tolibondan yashirinib yurgan bir necha oila bilan to’g’ridan-to’g’ri aloqada. Tolibon butun mahalla va tumanlarda tozalash operatsiyalarini o’tkazar ekan, ularning ayrimlar o’ta tahlikali vaziyatda”, - deydi tashkilotning Yaqin Sharq bo’yicha dasturi rahbari Kler Ivans.
Afg’onistonda yahudiy dinini qabul qilgan Zebulon Simentov vatanidan o’tgan yilning sentabrida chiqib ketgan. Ayni shu davrda yuzlab sikhlar va hindular ham mamlakatdan qochishga majbur bo’ldi. Qariyb 250 ming kishidan iborat bu qatlamdan ayni damda Afg’onistonga 300 nafarga yaqin odam qolgani haqida ma’lumot berilmoqda.
Afg’oniston xristianlariga doir rasmiy ma’lumot yo’q. Diniy erkinlik bo’yicha xalqaro komissiyaning ICC tashkilotiga tayanib xabar berishicha, Afg’onistonda xristian dinini qabul qilgan 10-12 ming kishi yashaydi.
“Xristianlar jiddiy qo’rquv ostida. Tolibonning keskin zulmidan aziyat chekmoqda. Qo’lga tushguday bo’lsa, o’zlari va oila a’zolarining hayoti muqarrar xavf bilan yuzlashadi”, - deydi Ivans.
Facebook Forum