Breaking News

BMT Afg'onistondagi ayollar ahvoliga e'tibor qaratishga chaqirdi


Afg'onistonlik ayollar huquqlari faollari
Afg'onistonlik ayollar huquqlari faollari

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ayollar agentligining Afg'onistondagi vakiliga ko’ra, bu mamlakatda ayollar huquqlari bo’yicha vaziyatning orqaga qaytishi butun dunyo uchun o'n yillik taraqqiyotni bir necha oy ichida yo'q qilish mumkinligini ko'rsatadigan "tashvishli qo'ng'iroq"dir.

“Dunyoning qayerida boʻlmasin, uy eshigidan tashqarida yurish hayotning odatiy qismidir, - dedi BMTning Afgʻonistondagi ayollar boʻyicha vakili oʻrinbosari Alison Davidian. - Ammo ko'p afg'on ayollari uchun bu g'ayrioddiy harakat. Bu qarshilik harakati".

Davidian Kobuldan video havola orqali BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida yig’ilgan jurnalistlar bilan suhbatlashdi.

Uning soʻzlari 20 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari Oʻzbekiston poytaxti Toshkentda Tolibon rasmiylari bilan anjuman o’tayotgan paytga toʻgʻri keldi. Avgust oyida Tolibon Ashraf G‘ani hukumati qulaganidan so‘ng hokimiyatni qo‘lga kiritganiga bir yil to’ladi.

Hokimiyatga kelganidan beri guruh ayollarning huquqlarini cheklamaslik haqida bergan va'dasidan voz kechib, ularning qanday kiyinishi, uydan tashqarida ish bilan shug'ullanishi, ta'lim olishi, erkin harakatlanishi yoki siyosiy hayotda qatnashishiga oid huquqlarini cheklab kelmoqda.

"Bu cheklovlar ayollarning pul topish, sog'liqni saqlash va ta'lim olish, zo'ravonlik holatlaridan qochish hamda o'z huquqlaridan foydalanish imkoniyatlarini cheklaydi", - dedi Davidian.

Uning aytishicha, u uchrashgan ko’plab afg‘on ayollari taslim bo‘lmasliklarini aytishgan. BMT vakili mamlakatlarni Afg’onistondagi fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlashga va ayollar huquqlarini himoya qilishga chaqirgan.

"Ayollarga sarmoya kiriting. Ayollar uchun xizmatlarga, ayollar uchun ish joylariga sarmoya kiriting. Ayollar boshchiligidagi bizneslarga, ayollar yetakchilari va inson huquqlari tashkilotlariga sarmoya kiriting", - dedi u.

Davidianning ta'kidlashicha, ayollarning afg'on jamiyatida to'liq ishtirok etishi mamlakatni hozirgi moliyaviy va iqtisodiy inqirozdan olib chiqishda muhim kalitdir. Unga ko’ra, ayollar ishlamasa, iqtisodiyot bir milliard dollargacha qisqarishi yoki yalpi ichki mahsulotning 5 foizi boy berilishi mumkin.

Afg‘oniston dunyoda ayollar huquqlari ortga chekingan yagona davlat bo‘lmasa-da, vaziyat dunyo uchun “xavfli ogohlantirish”dir, dedi Davidian.

"Afg'onistonda sodir bo'layotgan voqealar barchaga Afg'onistondagi ayollar huquqlari uchun kurash global kurash ekanligini ochiq dalolat qiladi. Bu hamma joyda ayollar huquqlari uchun kurash demakdir, - deydi u. - Afg’onistondagi ayollar uchun qilayotganimiz yoki qila olmaganimiz bizning kimligimiz va global hamjamiyat sifatida nimani himoya qilayotganimizni aks ettiradi”.

Davidian afg'on ayollari huquqlari himoyachilari va faollarining kuchli qat’iyati tufayli vaziyat yaxshilanishidan umidvor ekanini aytdi. U, shuningdek, xalqaro ko'mak bilan Afg’oniston ayollari o'z huquqlari uchun kurashda muvaffaqiyatga erishishi mumkinligiga ishonadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG