Afg’onistonda 2001-yilda AQSh kuchlari kirib kelgach, uzoq yillar davomida nisbiy tinchlik va taraqqiyot kuzatilgan bo’lsa-da, beqarorlik jamiyatni oldinga siljishiga to’sqinlik qildi. Vahshiylik va huquqbuzarlik keng ekan, iqtisodiy-ijtimoiy vaziyat og’irligicha qoldi.
Tolibon o’z nazoratida bo’lgan hududlardan o’tayotgan yuk-mahsulotlardan soliq olar edi. Nochor savdogarlar hukumat, Tolibon va mahalliy zo’ravon guruhlarga boj to’lar edi. Bu esa bozorda narxning oshishiga sabab bo’lib, zararning katta qismi xalqqa tushar edi.
Oxirgi yillarda esa xavf darajasi oshar ekan, sarmoyachilar mamlakatdan qochdi.
Afg’onistonlik ko’plab tadbirkorlar Turkiya va O’zbekiston kabi davlatlarda biznes qila boshladi. Nochor mamlakat esa milliardlab dollar mablag’ni boy berdi.
2021-yil 15 avgust kuni Tolibon hokimiyatni egallashi bilan ahvol yanada murakkablashib, so’nggi bir yilda oziq-ovqat narxi ikki baravar oshgan. Ishsizlik va qashshoqlik avj olgan.
AQShning Afg’onistonni qayta qurish bo’yicha maxsus bosh inspektor idorasi taxminicha, ishidan ayrilgan afg’onlar soni bir millionga yaqin.
BMT va Xalqaro qizil xoch jamiyati Afg’onistonda ocharchilik ko’lami oshganidan xavotir bildirmoqda.
Tolibon odamlarning shaxsiy hayoti va xususiy mulki bilan bog’liq masalalarga aralashayotganlikda tanqid qilinadi.
Kobuldagi rahbariyat, biror davlat tan olmagan boshqaruv afg’on jamiyatini qayta tarbiyalash zarur, deb kelmoqda. Uning nazarida, so’nggi 20 yilda ga’rb ta’sirida mamlakatda islomiy e’tiqod zaiflashgan. Yoshlarning dinga e’tibori susaygan. Toliblar, xususan, erkaklar soqol o’stirishi shart, deydi. Ayollarning esa mahramsiz ko’chaga chiqishi cheklangan.
O’tgan 40 yil ketma-ket urushlar ichida yashab kelgan afg’onlar orasida bevalar ko’p. Erkaksiz, shuningdek, o’g’illari balog’at yoshiga to’lmagan oilalar ham talay. Tolibonning qattiqqo’l siyosati xotin-qizlar uchun tirikchilikni bag’oyat og’irlashtirgan.
G’arb sanksiyalari bois Afg’onison moliyaviy tizimi dunyodan uzilgan.
AQSh va uning ittifoqchilari bu xalqdan yordamni ayamasligini qayd etsa-da, BMT ogohlantirishicha, Afg’oniston gumanitar halokat yoqasida. Unga madad ko’rsatish uchun milliardlab dollar mablag’ yig’ilishi kerak.
Facebook Forum