Tolibon Afg’onistondagi barcha ayol jurnalistlarga efirga chiqqan payti yuzini yopishni buyurishi ortidan Xotira Ahmadiyning xomush turgan surati butun dunyoga tarqalgan edi. Ahmadiy oilasi xavfsizligini o’ylab keyinroq Afg’onistonni tark etishga majbur bo’ldi.
Afg’onistonni tark etgan jurnalist va suxandon Xotira Ahmadiy xorijdagi hayotini yangidan boshlamoqda.
Tolibon ayollar va jurnalistlar ustidan nazoratni kuchaytirishi ortidan u turmush o’rtog’i jurnalist Akrom Asmatiy bilan Pokistonga ko’chib o’tdi.
“Ota-onam 30 yilda qurgan hayot bir kunda barbod bo’ldi. Bor-budimizni sotib, shu yerga keldik”, - deydi u.
“TOLOnews” telekanalida ishlagan 28 yoshli Ahmadiy bir kuni studiyada tushgan xomush surati bilan dunyoga tanildi.
O’shanda Tolibon ayol jurnalistlarga efirga chiqqan payt yuzini yopishni buyurgan edi.
Ahmadiyning aytishicha, u shundan keyin ham ishini davom ettirishni, ayollar ovozi bo’lishni xohlagan.
“Tahdidlarga qaramay vatanimizda bo’lishni, yangi qonunlarga moslashishni istadik”, - deydi u.
Ammo eri hujumga uchragan, uning fikri o’zgardi.
Akrom Asmatiyning aytishicha, Tolibon uni yo’lda to’xtatib, noma’lum joyga olib borgan va o’sha yerda hushidan ketguncha kaltaklashgan.
“Sababi bizga noma’lum. Tolibon nega meni to’xtatib, uradi va tahdid qiladi? Keyinroq bu ayolimning jurnalist sifatidagi ishi bilan bog’liq bo’lsa kerak, deb o’yladik. Bundan tashqari, o’zim ham jurnalistik surishtiruvlar qilgan edim”, - deydi Asmatiy.
“Shu kuni Afg’onistonda ortiq qola olmasligimizni bildik”, - deydi Ahmadiy.
Tolibon bu mavzu bo’yicha izoh berishni istamadi, ammo matbuotga qarshi tazyiq kuchaygani haqidagi da’volarni rad etdi.
Mahalliy kuzatuvchilarga ko’ra, 2021-yil avgustdan beri Afg’onistonda jurnalistlarga qarshi 183 hujum va 90 dan ortiq hibsga olish holatlari qayd etilgan.
Ahmadiy boshqa hamkasblari ham mamlakatni tark etish niyatida ekanini aytadi.
Ammo Pokistonda ham hayot oson emas. Ahmadiy bu yerda vaqtinchalik viza bilan turibdi va ishlash huquqiga ega emas.
Xalqaro ayollar media jamg’armasi vakili Nadin Hofman xalqaro hamjamiyatni jurnalistlarga ko’proq yordam berishga chaqirdi.
“Uarning vizasini tezlashtirish, AQShga yoki boshqa davlatlarga kelishiga ruxsat berish jarayonini yo’lga qo’yish kerak. Toki keyingi hayotlari mavhum hozirgi vaziyatdan qutilishsin. Hozir ular ishlay olmaydi, zo’rg’a kun kechirishyapti”, - deydi u.
“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti hisobiga ko’ra, Tolibon hokimiyatga kelgandan beri Afg’onistonda jurnalistlarning qariyb 60 foizi ishini yo’qotgan. 34 viloyatning 11 tasida ayol jurnalistlarning ishlashiga butunlay taqiq qo’yilgan.
Facebook Forum